Rossiyada muxolifatchi Aleksey Navalniy tomonidan asos solingan va rasmiylar tomonidan «ekstremistik hamjamiyat» deb tan olingan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi («FBK»)ni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq ish bo‘yicha yana bir hukm chiqarildi. Dolgoprudniy shahar sudi 29 yoshli dasturchi va faol Aleksey Malyarevskiyni «ekstremistik hamjamiyat»da qatnashish va «ekstremizmni moliyalash»da aybdor deb topib, uni yetti yilga umumiy rejimdagi koloniyaga hukm qildi, deb xabar berdi «Mediazona» 4 aprel, payshanba kuni ushbu ish bo‘yicha majlisda ishtirok etgan manbaga tayanib.
150 dollar xayriya, bir kishilik piket va varaqalar
Nashr suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, prokuratura Malyarevskiyni sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etishni hamda bank hisobraqamlaridagi 1000 dollar va 100 ming rublni musodara qilishni talab etgan. Xabar qilinishicha, dasturchi «FBK»ga 150 dollar xayriya qilganlikda, Manejnaya maydonida Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlash uchun bir kishilik piket o‘tkazib, varaqalar chop etganlikda ayblangan. U o‘z aybini tan oldi.
O‘z navbatida, RusNews Telegram-kanali Malyarevskiy «Navalniyning yashirin shtabiga tegishli»likda ayblanganini yozadi. Aytishlaricha, u Navalniyni 19 yilga ozodlikdan mahrum qilgan sudya Suvorovga tegishli ma’lumotlar bo‘lgan varaqalar chop etgan. Bundan tashqari, oktyabr oyida qo‘lga olinishidan sal avval u Navalniy va boshqa siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir kishilik piket o‘tkazgan.
Dasturchi Chexiyada 5 yil o‘tkazgandan so‘ng Rossiyaga qaytdi
«Mediazona» xabariga ko‘ra, Malyarevskiy Chexiyada besh yil yashab, 2023 yilda Rossiyaga qaytgan. O‘tgan yilning 1 sentabridagi bir kishilik piketdan so‘ng u ushlangan, biroq bayonnoma tuzmasdan qo‘yib yuborilgan. 20 oktyabr kuni sud uni «ekstremizm» moddasi bilan hibsga oldi, shundan beri u tergov hibsxonasida saqlanmoqda.
Xuddi shunday hukm mart oyi o‘rtalarida Moskvada NIU VShE talabasi Alina Olexnovich va ushbu OTM bitiruvchisi Ivan Trofimov ishi bo‘yicha chiqarildi. 21 yoshli Olexnovich va 22 yoshli Trofimov «ekstremistik hamjamiyat»ni tashkil etishda ishtirok etganlikda aybdor deb topilib, har biri 3 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Ish materiallarida faollar Navalniyning «Rossiya hududida qo‘poruvchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yashirin shtablar» tarmog‘iga aloqadorligi ko‘rsatilgan.
«Meduza» ta’kidlashicha, Olexnovich va Trofimov hibsga olinganidan so‘ng, targ‘ibotchi Vladimir Solovyov ularni Navalniyning «yashirin shtabi» faollari deb atagan. O‘z navbatida, «Kommersant» 2023 yil sentabr oyida hibsga olish muddatini uzaytirish bo‘yicha o‘tkazilgan majlisdan so‘ng tergov Olexnovich va Trofimovni Navalniyning Rossiyada «qo‘poruvchilik faoliyati» bilan shug‘ullanuvchi «yashirin shtablar» tarmog‘i bilan bog‘laganini yozgan.