Kun.uz ijodiy jamoasi Yaponiyaga safari davomida Kiotoda ham bo‘ldi va shahar bo‘ylab sayr qildi.
Kioto – sayyohlar eng ko‘p boradigan, tarixiy va chiroyli shaharlardan biri. Aholisi – 1,5 million kishi atrofida. Kioto 794 yildan 1869 yilgacha Yaponiya poytaxti bo‘lgan.
Qadimda bu yerlar botqoqliklardan iborat bo‘lgani va tabiiy resurslari kam bo‘lgani uchun odam kam yashagan. Faqat VII asrga kelib Xitoy zodagonlaridan biri bu yerga kelib, o‘z qarorgohini qurgan, irrigatsiya ishlarini olib borgan, ipakchilik va to‘qimachilikni yo‘lga qo‘ygan.
VIII asrga kelib imperator Kammu Yaponiya poytaxtini Nara shahridan ko‘chirishni istab qoladi. Ba’zi urinishlardan so‘ng u poytaxtni aynan mana shu yerda quradi. Avvaliga shahar Xeyan deb nomlandi, keyin esa – Kioto nomini oladi.
To‘g‘ri to‘rtburchak shaklida qurilgan shaharda shimoldan janubga 10 ta ko‘cha, g‘arbdan sharqqa qarab 11 ta ko‘cha qurilgan. Shimoliy tomonda imperator qarorgohi joylashgan. Shaharning bir qismida boy zodagonlar, ikkinchi qismida esa kambag‘allar va hunarmandlar yashashgan.
Shaharga mamlakatning deyarli barcha chekkalaridan o‘qimishli kishilar kelib joylasha boshlagan va aynan ular shaharda yuqori madaniyatni shakllantirgan, adabiyot durdonalari yaratilgan.
Shahar bir necha bor yonib ketgan va qaytadan qurilgan, shu sababli qadimiy uylar saqlanib qolmagan.
Ko‘p notinch davrlarni boshidan kechirgan, qo‘ldan qo‘lga o‘tgan va bir necha bor buzilgan Kioto nihoyat XVI asrda yirik harbiy qo‘mondon Oda Nobunaga qo‘liga o‘tganidan keyin yana tiklanadi. Shahar yana gullab-yashnay boshlaydi.
Kiotoning nufuzi bir ortib, bir tushgani bilan u poytaxt maqomini saqlab turavergan.
XVII–XIX asrlarda Kioto mamlakatning eng boy shaharlaridan biri bo‘lib turadi. Bu davrda Kiotoga xos an’anaviy hunarmandchilik shakllanadi, masalan, shaharning Nasidzin degan joyida ipakchilik rivojlangan, chinni, laklangan idishlar, bo‘yalgan paxta tayyorlangan. Shahar aholisi bu paytda 400 ming kishini tashkil etgan.
1868 yilda Meydzi islohotlari doirasida yangi imperator poytaxtni Kiotodan Edo shahriga o‘tkazishga qaror qiladi va Edo Tokio nomini oladi. Imperator o‘sha yerga ko‘chib o‘tadi va Kioto o‘zining ming yillik poytaxt maqomidan ayriladi.
Ikkinchi jahon urushi paytida amerikaliklar Yaponiya hududini atom bombalari bilan bombalashga qaror qilishdi va yakson qilinadigan shaharlar qatoriga Kiotoni ham kiritishadi.
Bu qarorga AQSh harbiy vaziri Henri Stimson qarshi chiqadi, chunki u bir paytlar o‘zining asal oyini shu shaharda o‘tkazgan edi. U «Kioto yaponlarning qadimiy poytaxti, kolossal madaniy va diniy ahamiyatga egaligi», bu qadimiy shaharni yakson etish AQSh obro‘siga putur yetkazishini aytadi. U dastlab qarshilikka uchraydi, ammo masalani o‘sha vaqtdagi prezident Harri Trumenga olib chiqadi hamda uni ko‘ndiradi – Kioto bombalanmaydigan bo‘ladi.
Bugungi kunga kelib Kioto Yaponiyaning eng ommabop turistik shaharlaridan biriga aylangan.
Shokir Sharipov