Mo‘g‘ulistonda 2023 yilgi ko‘mir eksportidan har bir fuqaroga dividend to‘lanadi 

Jahon 19:30 / 04.04.2024 5157

Mo‘g‘ulistonning har bir fuqarosi 2023 yil uchun mamlakatning asosiy eksport tovari – ko‘mirni sotishdan olingan daromaddan dividend sifatida 256 ming tugrik (75 dollar) oladi. Bu haqda «Erdenes Tavan-tolgoy» (ETT) davlat korxonasi rahbari Ganbat Jigjid ma’lum qildi. 

«2023 yil uchun dividendlar qonuniy talab qilinadigan auditdan so‘ng to‘lab berishga tayyor. 1072 ta ETT aksiyasiga ega bo‘lgan Mo‘g‘ulistonning har bir fuqarosi 2023 yil uchun 3 va 4 aprel kunlari 256 ming tugrik miqdorida dividend oladi. 2012 yil 11 apreldan keyin tug‘ilgan bolalarga dividend bank hisob raqamiga o‘tkazib beriladi», dedi u. 

Uning eslatishicha, 2022 yil uchun fuqarolar 104 ming turik (30 dollardan ortiq) miqdorida dividend olgan edi. 2023 yil uchun ko‘mir eksportchisi ko‘proq foyda oldi, bu esa dividend miqdorini oshirdi. Bugungi kunda Mo‘g‘ulistonning barcha 3,5 million fuqarosi bevosita ETT aksiyadori va egasi hisoblanadi. 

ETT kompaniyasi 7 milliard tonnaga yaqin xomashyo zaxiralariga ega yirik ko‘mir konlari guruhiga egalik qiladi. Konlar 1950 yillarning o‘rtalarida Omnoqov viloyatida sovet geologlari tomonidan topilgan. 1990 yillardan boshlab konlar xususiy korxonalar tomonidan o‘zlashtirildi. 

2008 yilda mamlakat hukumati konlarni davlat mulkiga qaytardi va ETT kompaniyasini tuzdi. Natijada Mo‘g‘uliston ko‘mirning eng yirik eksportchisiga aylandi. 2012 yil aprel oyida ETT aksiyalarining bir qismi tabiiy resurslar ulushi sifatida mamlakatning 2,5 million aholisiga bepul taqsimlandi. 

Mo‘g‘uliston hukumati 2024 yil 31 yanvarda 2012 yil 11 apreldan keyin tug‘ilgan 1 milliondan ortiq fuqarolarga 1072 ta yangi ETT aksiyalarini chiqarish va ularga dividendlar o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Ko‘proq yangiliklar: