— Bu saylov, ayniqsa Istanbul va Anqara shaharlaridagi natijalar qanchalik muhim?
— O‘tgan yilgi prezidentlik saylovi va bu yilgi ichki hokimiyatlar saylovi dunyo matbuotida keng yoritilib, tahlil qilindi. Turkiyadagi rasmiy tahliliy bayonotlarga ko‘ra, bu saylov Turkiyada katta siyosiy silkinish hosil qilgan saylov bo‘lib tarixga kiryapti. O‘zim ham aytishim mumkinki, rostdan ham Anqarada siyosiy kayfiyat o‘zgardi. 1 aprel Turkiya uchun jiddiy siyosiy hazil kuni bo‘ldi, desa bo‘ladi. Bu o‘zgarish Turkiya ichki siyosati bilan birga tashqi siyosatga ham ta’sir qiladigan muhit paydo qildi.
Anqara, Istanbulda Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP) ikkinchi darajali partiya maqomiga tushdi. Erdo‘g‘an prezidentlik faoliyatiga xavf deb bo‘lmaydi, xatolarni to‘g‘rilash mumkin, lekin Anqara va Istanbuldagi ustunlik butun Turkiyadagi ustunlik hisoblanadi. Bu shaharlarda ATP vakillarining bir qancha xatolari bo‘ldi, xalq va rasmiy idoralar talab qilgan bir qancha narsalarga javob berilmadi. Partiyadagi muvozanat yo‘qolganini xalq ko‘rdi.
— Amaldagi prezident Erdo‘g‘anning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi 22 yilda ilk bor mag‘lubiyatga uchragani Turkiya ichki va tashqi siyosatiga qanday ta’sir qiladi? Nega Erdo‘g‘an partiyasi mag‘lub bo‘ldi?
— Bu partiya 2019 yilda ham g‘alaba qozonolmagan, lekin bir qancha aniq sabablar ko‘rsatilgan. Bu safar esa mag‘lubiyat ochiqcha tan olindi, jumladan Erdo‘g‘an tarafidan ham. Buning bir qancha sabablari bor.
Prezidentlik saylovlarida ham kuzatdikki, Erdo‘g‘an uchun xalq imkon berdi. Ya’ni Turkiyadagi muvozanatsizlik, siyosiy iqlimning juda biqiq holatga kelib qolganining, xalqning hali umidi borligini isbotlovchi saylov edi.
Bir nechta omillar bor. Birinchisi anchadan beri ko‘tarilayotgan iqtisodiy muammolar omili. Ikkinchisi berilgan va’dalarning amalga oshmasligi. Uchinchisi esa siyosiy kibr, ya’ni Erdo‘g‘an partiyasida xalq baribir bizni qo‘llaydi, istagan ovozimizni olib, istagan ishimizni qilolamiz, degan tafakkur paydo bo‘lib qolgan edi va xalq jazoladi. Omillardan yana biri – so‘nggi vaqtlarda pensionerlar nooroziligi bor edi va pensionerning ulushi ham kam emas ovoz berishdi. Pensionerlar oxirigacha kutdi, lekin muammolari hal bo‘lmadi, Erdo‘g‘an ham oxirgi xalqqa murojaatida ularni qo‘llay olmasligini bildirgan edi, bu esa oxirgi nuqta bo‘ldi va pensionerlarning ko‘pchiligi Jumhuriyat xalq partiyasiga (JXP) ovoz berishdi.
Turkiya geosiyosiy jihatdan ko‘p tarmoqli siyosat olib boradi va bu ayni payt uchun to‘g‘ri siyosat ham. O‘tgan tarix davomida Turkiya Yevropa va boshqa davlatlar bilan mojarolarga borgan, gohida yenggan, gohida yengilgan va shu yo‘sin shakllangan.
Amerikada, G‘arbiy va Sharqiy Yevropada Turkiyaga nisbatan turli xil va bu narsa Turkiya siyosatida eng ko‘p muhokama qilinadigan mavzulardan biri. Yevropa prezidentlik saylovlarida JXP yutishini xohlagan edi, lekin ichki saylovlarda Erdo‘g‘an partiyasini qo‘llashdi. Bir qancha sabablar bor. Yevropa Turkiyada to‘planib qolgan qochqin muhojirlarning Yevropaga ko‘chishidan qo‘rqmoqda, shu sabab ham Erdo‘g‘an bizga kerak, degan qarash shakllangan. Sharqiy Yevropada ham Turkiyaga nisbatan simpatiya kuchli, lekin hali pozitsiyalar tahlil qilinganicha yo‘q.
Turkiya ichki siyosatidagi o‘zgarish tashqi siyosatga ham ta’sir qiladi. Qo‘shni davlatlarga, Yevropaga munosabat jiddiy o‘zgaradi. Turkiyaning ichida Yevropaga nisbatan to‘plangan siyosiy motivlar bor, ya’ni siyosiy tenglik, muvozanat buzilgani haqida juda ko‘p tahlillar bor.
JXP hukumat tepasida anchadan beri hukmronlik qilayotgan partiyaning nozik nuqtalarini topib, bulardan unumli foydalandi. JXP vakillari siyosiy etiketni yo‘qotmaslikka e’tibor berishyapti, chunki yuqorida aytganimdek, Erdo‘g‘andagi siyosiy kibrni ko‘rishdi. Har doim ATP yutib keladigan hududda ham JXP g‘alaba qozondi va bu kutilmagan hol bo‘ldi, umuman, bu saylov kutilmagan natijalarga boy bo‘ldi. Xalq tomonidan JXPdan kutilayotgan narsa siyosiy etiketni yo‘qotmaslik bo‘lyapti, ya’ni xalq bilan munosabatda uzilib qolmaslik, to‘g‘ri muloqot qilish talabi qo‘yilyapti. Agar shunday bo‘lsa, Turkiyada jiddiy o‘zgarishlarni kuzatish mumkin tashqi va ichki siyosatda.
— Mahalliy saylovlarda g‘alaba qozongan nomzodlar Turkiya tashqi siyosatiga qay darajada ta’sir qiloladi?
— Turkiyada saylov madaniyati, muhimlilik darajasi yuqori, hatto ba’zi rivojlangan eng demokratik davlatlardan ham. Bugungi siyosiy vaziyatni ham xalq yaratyapti. Tashqi va ichki siyosatda xalqning o‘rni katta. Lekin NATO, ayrim strategik masalalar, Isroil, Yaqin Sharq masalalarida doim ham xalqning aytgani bo‘lavermaydi.
Xalq ta’siri sabab qochoq muhojirlar masalasida jiddiy o‘zgarish bo‘ladi deb o‘ylayman. Xalq talab qilyapti buni. Saylovda ATP xayoliga kelmagan ishlar bo‘ldi, siyosiy iqlim keskin o‘zgardi.
Saylovda boshqa partiyalarda ham katta o‘sishlar bo‘lgani tahlil qilinyapti. Kam ovoz olgan partiyalarning taqdiri ham muhokama qilinyapti. Xalq faol ishlaydigan partiyalarga muhtojligini ko‘rsatyapti, siyosiy muhit jonlanishini talab qilyapti.
— ATPdan boshqa partiyalarning dasturida ham turkiy davlatlar birligiga urg‘u beriladimi yoki faqat Erdo‘g‘an va uning partiyasiga xosmi bu?
— Turkiya va turkiy davlatlar dunyo siyosatida ma’lum darajaga ko‘tarilishga ulgurdi va Turkiya bu siyosatdan chekinmaydi deb o‘ylayman. Turkiylar integratsiyasi yana ham kuchayishi mumkin, bu narsa Turkiya uchun ham, boshqa turkiylar uchun ham juda muhim. Turkiya tashqi siyosatida ko‘p urg‘u berilayotgan masalalardan biri bu. Albatta, qarshi tomonlar ham bor, lekin allaqachon bu bo‘yicha ideologiya paydo bo‘lgan. Iqtisodiy jihatdan turkiy davlatlar u qadar kuchli bo‘lmagani sabab bu jarayon sekinlik bilan amalga oshiriladi. Boshqaruvga kim kelishidan qat’i nazar turkiy davlatlar birligi masalasi avvalgi o‘rinlarda turadi. Chunki tarixda ko‘p yo‘qotishlar bo‘ldi, birlik bo‘lmaganining jazolari ham totildi. Shu sabab endi bu jarayonni to‘xtatish to‘g‘ri bo‘lmaydi.
— Istanbul meri Akram Imomo‘g‘li bu g‘alaba bilan 2028 yilgi prezidentlik saylovlariga nomzodini qo‘yishi uchun zamin yaratdi, deyish mumkinmi?
— Ha. Erdo‘g‘an keyingi prezidentlik saylovida qatnashmasligini aytgan, muhim jihat bu. Turkiya konstitutsiyasining 5-moddasida boshdagi 4 ta modda o‘zgarmas ekani belgilangan, lekin shu 5-moddani ham o‘zgartirishga urinishlar bo‘lyapti. Boshdagi 4 ta modda Turkiya hududiy yaxlitligi, suvereniteti, prezidentlik muddati va uning belgilangan muddatdan ko‘p qolmasligi kabilardan iborat. O‘zgartirishga harakatlar shu prezidentlik bilan bog‘liq qismga taalluqli. Bunday o‘zgarish bo‘lsa, Turkiya siyosati o‘zgarib, saylovlar ham hozirgiday ahamiyat kasb etmay qolishi haqida tahlillar bo‘ldi, xalq bundan hushyor tortib, bunga qarshi chiqa boshladi. Bu ham hukmron partiyaning bir xatosi bo‘lib, saylovda o‘zlariga qarshi ishladi. Erdo‘g‘anning keyingi saylovga qatnashmayman deyishi ham shu sababdan bo‘ldi.
JXP parlamentda ham kuchli fraksiyaga ega bo‘ldi. Endi hukmron partiyaning hamma aytgani bo‘lavermaydi. Turkiyada keyingi prezidentlikka nomzod kim bo‘ladi, degan xavotirlar bor edi. Lekin ikkita nomzod paydo bo‘ldi: Anqara hokimi Mansur Yavash va Akram Imomo‘g‘li. JXPdan prezidentlikka shu ikki nomzod bor. Lekin ATPdan hech kim yo‘q, Erdo‘g‘an o‘zining o‘rniga kim kelishi haqida xalqqa ijobiy signal berolmadi. Erdo‘g‘anning kuyovi bor, lekin siyosiy jarayonlar shu tarzda ketsa, uning imkoniyatlari juda past bo‘ladi.
2028 yilda JXP imkoniyatlarini yuqori baholash mumkin. Partiya ATPning xatolarini o‘zida to‘g‘rilab, xalqqa ko‘rsatdi va bu xalqqa yoqdi. Odatda ATPni qo‘llaydigan islom omili kuchli bo‘lgan hududlarda ham partiya katta yo‘qotishlarga uchradi, ko‘p ovoz ololmadi.
Turkiyadagi bu siyosiy iqlim o‘zgarishi ko‘plab davlatlarga, xususan, O‘zbekistonga ham tegishli, so‘nggi vaqtlarda munosabatlarimiz juda yaxshi. Turkiyadagi bunday o‘zgaruvchan siyosatga bizning siyosiy tafakkur ham moslashishi kerak. Bizda ham xalqning mana shunday siyosiy, saylov madaniyatini shakllantirish mumkin. Turkiyadagi bu narsa uning taraqqiyotiga xizmat qilyapti. Bizga eng kerakli bo‘lgan narsa ham Turkiyadagi kabi siyosiy ongi kuchli xalq, o‘rganishimiz kerak bo‘lgan tomon ham shu.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.