Yashash uchun noqulay joy bo‘lgani uchun ham Grenlandiya aholisida stress darajasi yuqori ekani aytiladi. Shu bilan birga, mamlakatda o‘z joniga qasd qilish darajasi ham baland. Biroq grenlandiyaliklar tabiatga moslashib, undan ruhiyatni davolovchi, sog‘aytiruvchi vosita sifatida foydalanishni o‘rganib olgan.
Grenlandiyaning 80 foiz hududini muzliklar egallagan. Kiattua lageri Grenlandiya poytaxti Nuukdan qayiqda 2 soatlik uzoqlikda joylashgan. Mamlakatga borgan sayyohlar Kiattuaga tashrif buyurmasdan qaytmaydi. Aeroportdan tushish bilan o‘pka toza havo bilan to‘ladi. Oxiri ko‘rinmaydigan muzliklar esa sizga o‘z muammolaringiz haqida o‘ylashga imkon bermaydi. Kiattuada sizni muz ustida qurilgan chodir, issiq vanna va ochiq havoda tayyorlanayotgan ovqatlar kutib turadi.
Keyin tabiatni kashf qilish uchun Janubiy Grenlandiyada Tasermiut lageriga yo‘l olsangiz bo‘ladi. Tog‘lar bilan o‘rab olingan bu hududda baliq ovlash, baydarkada yoki piyoda sayr qilish mumkin. Bu yerda eng asosiy e’tibor tabiatdan ruh uchun dori sifatida foydalanishga qaratilgan. 1 million yil oldin yog‘gan qor ostidagi 3 kilometr qalinlikdagi muz ustida tun o‘tkazish, tez-tez bo‘ladigan bo‘ronli dengiz to‘lqinlari, quruqlikdagi yirtqich qutb ayig‘ini ko‘rish o‘ziga xos tabiat hodisasi hisoblanadi.
Grenladiya tabiatining kengliklari tashqi olam bilan munosabatingizni o‘zgartiradi. Har narsa tabiatga bog‘liqligini va undan qochib ketolmasligingizni his qilasiz. Masalan, to‘satdan parvozlar bekor qilinadi, kuchli shamol tufayli qayiqlar suza olmaydi va hatto ov mavsumi bo‘lgani uchun yaxshi ob-havo sharoitida ham gidlar ishlamasligi mumkin. Jamiyat ehtiyojlari tabiatga moslashishga majbur.
Tabiat va yashashga hayrat uyg‘otadigan g‘ayrioddiy hodisalarni butun mamlakat bo‘ylab uchratish mumkin. Suzib o‘tayotgan aysberglarni ko‘rish, qadimiy issiq buloqda dam olish yoki oq ayiqlarning Grenlandiya dengizida suzishini tomosha qilish mumkin.
Qaqorto‘qda hunarmandlar uyidagi kiyik suyagi va oq ayiq panjalaridan yasalgan zargarlik buyumlari, mahalliy supermarketlarda sotiladigan kit go‘shti, har kuni ertalab maktab o‘quvchilarining xavfsizligini ta’minlash uchun ko‘chalarni tekshiradigan oq ayiq patruli esa dunyoning boshqa joyida uchramaydi.
Kopenhagendagi Siddansk universiteti tadqiqotchisi doktor Naja Karina Stinxoldt grenlandiyaliklar o‘rtasidagi munosabatlar va farovonligi bo‘yicha tadqiqot qilgan. Unda "Grenlandiya paradoksi" deb ataladigan narsaga e’tibor qaratadi. Grenlandiya dunyoning har qanday mamlakatida aholi jon boshiga o‘z joniga qasd qilishning eng yuqori ko‘rsatkichini muntazam qayd etib keladi. Biroq aholisi bor-yo‘g‘i 56 000 kishi bo‘lgan bu uzoq orolda Stinxoldt bilan suhbat qilgan odamlarning ko‘pi o‘z hayotlaridan juda yuqori darajada qoniqishlarini bildirgan.
Stinxoldtning tadqiqotlari Grenlandiyada hayot sifati uchun barcha muhim omillar orasida tabiat birinchi o‘rinda turishini aniqlagan. U suhbatlashgan odamlar tabiatni oilasidan ustun qo‘yishini aytishgan.
“Ko‘pchilik tabiatni oiladan yuqori baholagani meni hayratda qoldirdi. Bu shunchaki oziq-ovqat manbai sifatida ko‘rilmaydi. Tabiat shunchalik muhimki, u oila va ishni ham chetga surib turishi mumkin. Bu yaxshi hayotning dastlabki shartidir”, – deydi tadqiqotchi.
Tabiatga hurmat Grenlandiyaning har bir qismida seziladi. Tarixan odamlar sovuq, o‘simlik juda kam o‘sadigan sharoitda yashab qolish va yirtqich hayvonlardan omon qolish uchun ko‘p kurashlar qilgan. Bugun esa tabiat ov, baliq ovlash qayiqda sayohat qilish o‘yin-kulgi bilan kechadigan joyga aylangan.
Mamlakatda tabiat bilan uyg‘unlikda yashash yoshlarga o‘rgatiladi. Masalan, Nuukdagi Grenlandiya Sog‘liqni saqlash tadqiqotlari markazi tadqiqotchisi Ingelise Olesennig yosh va keksa avlodni tabiat bilan bog‘lash uchun loyihalar qilib turadi. Ular lagerga borib, baliq tutishadi, olov yoqishadi, issiq toshlarda kechki ovqat pishiradi. Qariyalar o‘z an’analari haqida yoshlarga gapirib bersa, yoshlar zamonaviy texnologiyalarni keksa avlodga tanishtiradi. “Bu avlodlarda ham ilgari yetishmayotgan tabiatga tegishlilik tuyg‘usini paydo qilishda katta imkon beradi”, – deydi tadqiqotchi Ingelise.