“Ishlaydigan odam yo‘q, suv kam” – amerikalik fermerlar sun’iy intellektdan foydalanyapti

Jahon 17:21 / 02.04.2024 16283

Dunyo aholisi oshishi sabab 2050 yilda hozirgidan ko‘ra 70 foiz ko‘proq oziq-ovqat yetishtirishga to‘g‘ri keladi. Yetmaganiga, AQShda yildan yilga kamroq yoshlar fermerlikni tanlayapti. Hozir fermerlarning o‘rtacha yoshi 60 da. Iqlim o‘zgarishi ham yetishtirilayotgan hosilni xavf ostiga qo‘ymoqda. Bu muammolarni hal qilishda sun’iy intellekt fermerlarga yordam bera olishi mumkin.

Amerikalik fermerlar sun’iy intellektni o‘zlashtirishda va uni ish sharoitiga qo‘llashda jadallik bilan davom etyapti. Texnologiyalar qanchalik murakkab bo‘lmasin, ular shunchalik zarur hamdir.

AQSh qishloq xo‘jaligida ishchilarning yetishmasligi agrar sanoat daromadi va hosil miqdoriga xavf tug‘diryapti. Ishlovchi qo‘llarning kamligi global miqyosda ham oziq-ovqat ta’minotini xavfga qo‘yadi. Hozir ishchi yetishmasligini qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Xitoy va Hindistondan keyin dunyodagi eng yirik ta’minotchi davlat bo‘lgan AQShga muammo bo‘lib qolmoqda.

Ishchi kuchiga ehtiyoj

Fermerlarning qarib borayotgani ham asosiy muammolardan biri. Ko‘pchilik quyosh chiqqandan to botguncha mehnat qilishni xohlamaydi. Qolaversa, fermerlik uzoq yillardan beri ota kasb bo‘lib kelgan, lekin yosh avlod uni davom ettirishni xohlamayapti. Aksincha, ular ish intensivligi yuqori bo‘lmagan, yaxshiroq to‘laydigan sohalarda ishlashga xohish bildirishmoqda. Agrar ishlarni bajarish bilan shug‘ullanuvchi asosiy qatlam – migrantlar ham shunday, boshqa yaxshiroq daromadli ishlarga o‘tib ketishadi.

"Mehnat qilish zarurati hozir birinchi raqamli tashvishimiz. Fermerlarning o‘rtacha yoshi — 60 da", deydi AQSh fermer xo‘jaligi federatsiyasining hukumat ishlari bo‘yicha direktori Emili Bakman. Uning aytishicha, o‘zining otasi ham fermer, yoshi 70 da bo‘lishiga qaramay, hali ham dalada mehnat qiladi. Unga faqat Emilining akasi yordam beradi xolos.

Bakmanning aytishicha, qishloq xo‘jaligi mehnat bozori qisqarib borish bilan birga qimmatlashib ham boryapti, hosil ham kamayyapti. Yechim sifatida AQSh fermerlari robotlar va SI vositalaridan foydalanishga harakat qilyapti. Texnologiyalar mehnat yukini yengillatishga yordam berishidan umid qilinyapti.

Sun’iy intellektga o‘tish

Sun’iy intellektdan foydalanish AQSh fermerlari uchun yangilik emas. Ular bir necha o‘n yilliklardan beri SI texnologiyalaridan foydalanib kelishadi. Faqat oxirgi yillarda ulardan foydalanish oshdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2021 yil oxirigacha agrar korxonalarning 87 foizi sun’iy intellekt texnologiyalaridan ma’lum darajada foydalangan.

– kartoshkani qayta ishlash mashinasi

Agar sun’iy intellekt 2 mlndan oshiq fermer xo‘jaliklari bor bo‘lgan AQShda muvaffaqiyatli qo‘llansa, uning ta’siri butun dunyo uchun ham sezilarli bo‘lishi mumkin. Sababi bir tarafda dunyo aholisi o‘syapti, "yeyman" deb turuvchi og‘izlar ko‘payyapti, bir tarafda iqlim o‘zgarishi yirik ishlab chiqaruvchi bo‘lgan hududlarning ekotizimlariga jiddiy xavf solyapti. Masalan, AQShning o‘zi Xitoy, Meksika, Kanada va Yevropaga o‘tgan yilning o‘zida 100 mlrd dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsuloti eksport qilgan.

Sanoatning maqsadi fermerlar foydalanishi mumkin bo‘lgan yangi texnologiyalarni keng miqyosda ishlab chiqarib, yetkazib berishdan iborat, fermerlar esa texnikalar yordamida dunyoni to‘ydirishda davom etadi.

Bakmanning qayd etishicha, 2025 yilga borib dunyo aholisi 2 mlrdga ko‘payadi, bu degani hozirgidan ko‘ra 70 foiz ko‘proq oziq-ovqat ishlab chiqarish kerakligini anglatadi. Innovatsiyalar esa bunga yordam berishi kerak.

Iqlim tahdidi

Hozir iqlim o‘zgarishi – eng asosiy muammo. O‘zgaruvchan ob-havo hosil yetishtirish uchun ob-havo sharoitini bashorat qilishni qiyinlashtiryapti, hosilni zararlayapti. Boshqacha aytganda, issiq iqlim oziq-ovqat yetishtirish kamayishiga kutilganidan ham tezroq ta’sir qiladi.

"Barcha tadqiqotlar iqlim o‘zgarishi sabab katta yo‘qotishlar bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Makkajo‘xori hosilining 10, 20 foizini yo‘qotish ham halokatli bo‘ladi", deydi Ayova shtati universiteti professori Patrik Shnabl.

Diqqat 2 ta asosiy narsaga qaratilgan: biri barqarorlikni aniqlab olishdan iborat. Ya’ni qanday qilib qishloq xo‘jaligida yangi harakatlarni joriy etishni o‘rganish. Ikkinchisi esa sun’iy intellekt, robotlar, sensorlar qanday qilib fermerlarga ko‘proq foyda olib kelishini aniqlashdan iborat. Ular yordamida energiya, o‘g‘itlar va suv resurslarining tejalishi muhim.

Emili Bakmanning aytishicha, dronlar va GPS vositalari agrar bozorda eng ko‘p tarqalgan sun’iy intellekt texnologiyalari hisoblanadi. Biroq o‘zi harakatlanuvchi traktorlar va kombaynlar kabi yana boshqa ko‘plab vositalar ham mavjud. Hatto ushbu mashinalarda sifat sensorlari ham bor. Sensorlar dehqonlarga ekinlarining qaysi qismlariga ko‘proq yoki kamroq e’tibor berish kerakligini aniqlashda yordam beradi.

Shuningdek, avval faqatgina inson ko‘zi talab qilingan saralash vazifalarini avtomatlashtirilgan robotlar ham bajara olyapti. Masalan, ba’zi fermer xo‘jaliklari kartoshkalarni saralash uchun sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanmoqda. Boshqalari esa dala ekinlarini o‘tlardan tozalash va urug‘larni ekish uchun SI bilan kuchaytirilgan kultivatorlarni ishlatyapti. Bu esa o‘nlab inson ishchilarni texnika bilan samarali almashtirishi mumkin.

Sun’iy intellekt nega kerak?

SIdan foydalanish ishlatiladigan resurslarni kamaytirib, hosildorlikni oshirishi kerak. Bu hozir ilgari surilayotgan "aniq qishloq xo‘jaligi" strategiyasiga mos keladi. Buning uchun fermerlar yangi texnologiyalardan foydalanib, vaziyatga xuddi jarrohlardek yondashishi kerak. Masalan, dronlar dalaning suv va o‘g‘itlanganlik darajasini aniqlab bera oladi.

"Aniq qishloq xo‘jaligi suv sarfini kamaytiradi, kamroq resurs ishlatib ko‘proq foyda olishga yordam beradi. Misol uchun, bundan 30 yil oldin AQSh qishloq xo‘jaligiga hozirgi darajadagi mahsulot ishlab chiqarish uchun yana 100 mln akrdan ko‘proq (40,4 ming gektar) yer kerak bo‘lardi. Sun’iy intellekt va boshqa texnologiyalardan foydalanish bilan bog‘liq tarzda hosildorlikning yaxshilanishi kuzatilyapti", deydi Bakman.

– qishloq xo‘jaligi sohasida dronlar eng keng tarqalgan SI vositasi hisoblanadi.

Bunday texnologiyalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ham ko‘p. Xususan, Illiniyos shtatida joylashgan John Deere kompaniyasi sun’iy intellekt integratsiya qilingan texnologiyalar ishlab chiqaradi. Uning texnologiyalari begona o‘tlarni tozalashi, gerbitsidlarni faqatgina zarur o‘simlik tagiga dona-dona tarzida quyishi mumkin. Bu texnologiya fermerlarning gerbitsidlardan foydalanishini 66 foizga kamaytirgan. Shuningdek, kompaniya to‘liq tarzda avtonom (odamsiz) boshqariladigan traktorlar ham ishlab chiqqan.

Xulosa qilib aytganda, sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish orqali hosildorlik oshsa, dehqonlar ko‘radigan foyda ham oshadi, iste’molchilar uchun esa narxlar arzonroq bo‘ladi. 

Ko‘proq yangiliklar: