Shahrisabzda sambochi To‘ra Avloqulov otib ketildi

O‘zbekiston 14:23 / 01.04.2024 89799

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida fuqaro o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan sambochi To‘ra Avloqulovni otib qo‘ydi. Hodisa qo‘lbola usulda yasalgan qurolda sodir etilgan. 

Bosh prokuraturaning Kun.uz'ga taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, hodisa 2024 yilning 29 mart kuni sodir bo‘lgan.  

Shahrisabz shahrida yashovchi fuqaro Damas avtomobilida ketayotganda o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan boshqa bir shaxsni ko‘rib qolib, birgalikda kafega borgan va spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Ular bir soatlardan so‘ng kafedan chiqib To‘ra Avloqulovni ko‘rib qolgan va uni ham avtomashinaga mindirib, boshqa kafega borgan.

Fuqarolar kafeda pulni to‘lash ustida tortishib qolgan. Fuqaro tanishi To‘ra Avloqulovga yo‘lda kelayotgan paytda 50 ming so‘m pul berganini, shu bois ovqatlanish xarajatini to‘liq to‘lashini aytgan. U hamma pulni to‘lamasligini bildirib, olgan 50 ming so‘m pulini qaytarib bergan. Fuqaro pulni olmasdan, unga jahl qilib, avtomobilidan qo‘lbola usulda yasalgan qurolni olib, sherigining boshiga bir marta o‘q uzgan. 

Natijada, To‘ra Avloqulov olgan tan jarohati oqibatida Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga yotqizilgan. Unga o‘q uzgan fuqaro hodisa joyidan qochmoqchi bo‘lib, avtomashinasi bilan ketayotganida hodisa joyidan taxminan 500 metr uzoqlikda tuman IIB tezkor xodimlari tomonidan to‘xtatib qolingan.

Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi ma’lumotnomasida To‘ra Avloqulovning tanasida og‘ir ochiq teshib o‘tuvchi bosh miya jarohati, bosh miya ichidagi metall va suyak parchalari, chap peshona suyagining parchalanib singan jarohati, chap qosh ustida ezilib yirtilgan ko‘rinishida tan jarohatlari borligi, ahvoli o‘ta og‘ir darajada ekanligi qayd etilgan. U shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan.

Holat yuzasidan Shahrisabz tuman prokuraturasi tomonidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 2-qismi “d” va “l” bandlari (bezorilik oqibatida, boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli bo‘lgan usulda qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ko‘proq yangiliklar: