Kinoga ko‘chgan hayot – «Tabib» filmida polyak adibi boshidan o‘tkazgan hodisalar tasvirlanganmi?

Jamiyat 14:04 / 31.03.2024 20475

1982 yilda polshalik kinoijodkorlar tomonidan «Tabib» filmi suratga olinadi. Ko‘p o‘tmay film rus tiliga tarjima qilinib, SSSRda ham namoyish etiladi.

Film sovet kinotanqidchilari tomonidan ham ijobiy baholar oladi. «Tabib»ni o‘sha paytda SSSRda 41 million kishi kinoteatrlarga kelib tomosha qilgan.

Aslida polyak yozuvchisi Tadeush Dolenga-Mostovichning qalamiga mansub bo‘lgan «Tabib» romani asosida avval ham, 1930-yillar oxirida film suratga olingan. Biroq filmning yangi versiyasi tomoshabinlar va kinotanqidchilar e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

«Tabib»da 1930-yillarda Polshada sodir bo‘lgan hodisalar tasvirlangan. Filmda dekoratsiyalar, kiyimlar va boshqa detallarga jiddiy e’tibor berilgan. Shuningdek, aktyorlar jamoasi ham o‘z rollarini mahorat bilan ijro etgan.

Adib haqida

«Tabib» romani muallifi Tadeush Dolenga-Mostovich XX asrning 20-yillarida Polshadagi gazetalardan birida ishlardi. O‘sha paytda bu davlatga marshal Yuzef Pilsudskiy rahbar edi.

Tadeush o‘z gazetasida amaldagi hukumat va rahbar haqida hajviy feletonlar yozardi. Ko‘p o‘tmay Pilsudskiy hokimiyatdan chetlashtiriladi. Biroq 1926 yilda u davlat to‘ntarishi uyushtiradi va Polshada hokimiyatni qayta egallaydi.

Tadeush va u ishlayotgan gazeta Pilsudskiy hokimiyatni egallaganini hazm qila olmaydi va muxolifat tomonga o‘tadi. Ana shunday kunlarning birida Tadeush ishga borish uchun uydan chiqqanida unga noma’lum shaxslar hujum qiladi.

Jurnalistni shahar chetiga olib chiqib, rosa do‘pposlashadi, Tadeush o‘zidan ketib qoladi. Shunda zo‘ravonlar (ular maxsus xizmat xodimlari bo‘lgan) uni o‘ldi deb o‘ylab o‘rmon chetiga tashlab ketishadi.

Tadeush uzoq vaqt davolanadi. Sog‘aygach, jurnalistlikni yig‘ishtiradi va yozuvchilik qila boshlaydi. Uning ilk asari Polshadagi ommaviy siyosiy hayot haqida edi.

«Nikodim Dizmaning amal pillapoyasi» (bu asar o‘zbekcha tarjimada «Muttahamning parvozi» deb ketilgan) deb nomlangan roman 1932 yilda kitob holida chop etiladi.

O‘sha yili adibning qissalar to‘plamlari e’lon qilinadi. 1933-1934 yillarda u yana ikkita roman yozadi. Ulardan biri «Tabib» romani edi.

Adib mazkur romanga bir paytlar o‘zini do‘pposlab ketishganini sal boshqacharoq tarzda asos qilib oladi. Ya’ni mashhur vrach bo‘lgan professorni o‘g‘rilar do‘pposlashadi va pullarini olib ketishadi.

Shundan so‘ng vrach esini yo‘qotadi va 15 yilcha kimligini bilmay yashaydi. Qolgan voqealar shu syujyet atrofiga tizib chiqiladi.

«Tabib» 1937 yilda kitob holida chop etiladi. Asar uch bo‘limdan iborat holda ham chop etilgan. Ko‘p o‘tmay asar asosida uch qismli film ishlanadi. Filmning birinchi qismi 1938 yilda «Tabib», ikkinchi qismi 1938 yilda «Professor Vilchur», uchinchi qismi «Professor Vilchurning irodasi» nomlari bilan ekranlashtiriladi.

«Tabib» romani

Roman qahramoni professor Rafal Vilchur Varshavada juda taniqli bo‘lgan vrach edi. Kunlarning birida uni xotini tashlab ketadi. Ayol o‘zi bilan qizchasini ham olib ketgandi.

Professor bundan tushkunlikka tushadi va ichkilikka beriladi. Shunday kunlarning birida professor shahardagi qovoqxonalardan birida o‘tirib ichadi. Tashqariga chiqqanida unga bosqinchilar hujum qiladi.

Ular professorni do‘pposlab, hushidan ketkazishadi va pullarini olib ketishadi. Professor xotirasini yo‘qotadi, kimligini bilmagan holda daydib ketadi. U o‘z ism sharifini unutib yuborgani va yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagani uchun tez-tez politsiya qo‘liga tushadi.

Professorni navbatdagi marta ushlashganda u politsiya idorasidan Antoniy Kasiba nomiga berilgan hujjatni o‘g‘irlab chiqib ketadi va unga o‘z suratini yopishtirib oladi. Shu tariqa professor Vilchur Antonio Kasibaga aylanadi.

Vilchur shahar va qishloqlar bo‘ylab daydib yurar ekan, shu holida qariyb 15 yil o‘tib ketadi. Antoniy juldur kiyimda, soqollari o‘sib ketgan holda navbatdagi shaharchaga borib qoladi, u yerda tegirmonchinikida ishga joylashadi.

Vilchurning xotini uydan chiqib ketgandan so‘ng ko‘p o‘tmay vafot etgan, qizi yolg‘iz qolgan edi. Professor tegirmonchinikida yashay boshlaganda qizi Marisyaning bo‘yi yetib qolgandi. U ham shu shaharchada yashar, savdo do‘konlaridan birida sotuvchi bo‘lib ishlardi.

Antoniyga ish bergan tegirmonchining o‘g‘li bir necha yildan buyon dardmand, u yurolmasdi. Mahalliy vrach uning dardini tuzalmas deb tashxis qo‘ygandi.

Professor uni operatsiya qiladi va yigit oyoqqa turib ketadi. Shundan so‘ng Antoniyning oldiga tevarak atrofdan bemorlar kela boshlaydi. Bu holat mahalliy vrachning g‘ashini keltiradi va u politsiyaga arz qiladi. Politsiya professorga bemorlarni davolashni taqiqlab qo‘yadi.

Bu orada aslzodalardan bo‘lgan bir yigit professorning qizini sevib qoladi. Qizni boshqa bir ofitsiant yigit ham yaxshi ko‘rardi. Marisyaning ko‘ngli aslzoda yigitda edi.

Yigit qizni mototsiklida sayr qildirib yurganida ofitsiant yigit yo‘lga g‘o‘la tashlab qo‘yadi va ular avariyaga uchraydi. Yigit yengilroq jarohat oladi, qizning ahvoli esa og‘ir edi.

Ikkalasini ham Antoniy yashayotgan tegirmonchining uyiga olib kelishadi. Ko‘p o‘tmay yigitning ota-onasi uni olib ketadi. Antoniy ular bilan birga kelgan mahalliy vrachdan qizga yordam berishni so‘raydi. Biroq u qizning yashab ketishiga umid yo‘qligini aytib, ketib qoladi.

«Tabib» filmidan lavha

Shu joyida Antoniy tabibning tibbiy asboblarini o‘g‘irlab qoladi. So‘ng qizni o‘zi operatsiya qilib, Marisyaning hayotini saqlab qoladi. Professor Marisyani davolar ekan, u o‘zining qizi ekanini bilmasdi.

Bir necha kundan so‘ng mahalliy vrach politsiyachilar bilan birga keladi va Antoniyni o‘g‘irlikda ayblaydi. Professor unga asboblarini qaytarib beradi. Uni hibsga olishadi va sud qila boshlashadi.

Aslzoda yigitni ota-onasi yaxshilab davolanishi uchun chet elga jo‘natadi. Qaytib kelganida unga yolg‘on gapirib, Marisyaning vafot etganini aytishadi.

Romanning oxiri yaxshilik bilan tugaydi. Antoniyni sud qilishayotganda Varshavadan kelgan vrach professorni tanib qoladi. Shu tariqa professorni ozod qilishadi va uning xotirasi tiklanadi.

Aslzoda yigit qizning vafot etganini eshitgandan so‘ng o‘zini o‘ldirishga ahd qiladi va so‘nggi soniyalarda xizmatkor Marisyaning tirik qolganini aytadi. Qiz yigit bilan qayta topishib, turmush quradi.

«Tabib» filmidan lavha

Adibning keyingi hayoti

Tadeush Dolenga-Mostovich kinematografiya bilan hamkorlikni 1934 yilda boshlaydi. 5 yilda (1934-1939) uning 16 ta asaridan sakkiztasi film qilinadi.

1937 yilda «Tabib» romani chop etilgach adibda uni ham film qilishga qaror qiladi. Ssenariyni uning o‘zi yozib beradi.

Keyinroq professor Vilchur haqidagi ikkinchi asarni ham yozib tugatadi va u ham film qilinadi.

1939 yil 1 sentabr kuni Polshaga Germaniya, 17 sentabr kuni SSSR bostirib kiradi. Adib o‘sha paytda Ruminiya bilan chegaradagi Kuti shaharchasida edi (bu shahar hozir Ukraina tarkibida).

O‘shanda adib ruminlar shaharchaga hujum qilishining oldini olish uchun tuzilgan ko‘ngilli politsiya bo‘linmasiga yoziladi. 1939 yil 22 sentabr kuni Tadeush otishmalardan birida halok bo‘ladi. O‘sha paytda u 41 yoshda edi.

1978 yilda adibning hoki Varshavaga ko‘chirilib, qayta dafn etiladi. Varshavadagi ko‘chalardan birida unga yodgorlik taxtasi o‘rnatilgan.

Belarusda Mostovich tug‘ilgan uyga to‘rnatilgan ma’lumotnoma

«Tabib» filmi

1981 yilda polshalik taniqli rejissyor Yeji Gofman «Tabib» romani asosida ikkinchi marta film suratga oladi. Uning taqdimoti 1982 yil 12 aprel kuni o‘tkaziladi.

Film nafaqat Polshada, balki dunyoning bir qator davlatlarida ham muvaffaqiyatli namoyish etiladi va kinotanqidchilar tomonidan ijobiy baholar oladi.

1983 yilda «Tabib» filmi rus tiliga o‘giriladi va sovet kinoteatrlarida namoyish etiladi. O‘shanda uni SSSRda 40 milliondan oshiq odam kinoteatrlarga kelib tomosha qiladi.

Rus tiliga tarjima qilishda filmning ancha joylari, asosan diniy va siyosiy motivga ega suhbatlar, qahramonlar ibodat qilgan kadrlar kesib tashlanadi.

«Tabib» filmi bir necha yil avval o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan va telekanallar orqali namoyish etilgandi. Film o‘zbek tomoshabinlari tomonidan ham iliq kutib olingan.

«Tabib» filmidan lavha

«Dizmizm»

Tadeush Dolenga-Mostovich fanga «dizmizm» atamasini kiritgan. Bu atama adibning ilk romani «Nikodim Dizmaning amal pillapoyasi» (bu asar nomi o‘zbekcha tarjimada «Muttahamning parvozi» deb ketilgan) tufayli paydo bo‘lgan.

Roman satirik janrda yozilgan bo‘lib, u 1932 yilda chop etilgan. Uning bosh qahramoni Nikodim Dizma tabiatan yalqov, to‘pori va qashshoq edi. U o‘zi yashab turgan hududdagi pochta bo‘limidan ishdan bo‘shatilgach poytaxt Varshavaga keladi.

So‘ng bu yerda juda tez sur’atda amal pillapoyalaridan ko‘tarilib ketadi. Katta amaldor bo‘lgach, Dizma qotil va o‘g‘riga aylanadi va hech kimga rahm qilmaydi.

Roman chop etilgach kitobxonlar va adabiy tanqidchilar tomonidan juda yuqori baho oladi. Chunki adib o‘z asari bilan o‘sha davrdagi Polsha amaldorlarining haqiqiy basharasini ochib bergan edi.

O‘sha yillarda Polshaga rahbar bo‘lib olgan marshal Pilsudskiy kunlarning birida «Qasdma-qasdlikka eng ahmoq odamni bosh vazir qilib tayinlayman. O‘taketgan kaltabin ham bosh vazir bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib qo‘yaman ularga», deydi.

«Nikodim Dizmaning amal pillapoyasi» romani ham Mostovichning mashhur asarlaridan biri hisoblanadi.

So‘ng gapini isbotlash uchun u arxeologiya professori Deon Kozlovskiyni qishloq xo‘jaligi ministri qilib tayinlaydi. Professor o‘ziga mutlaqo begona bo‘lgan sohada bor-yo‘g‘i bir yil ishlaydi xolos.

Adib «Nikodim Dizmaning amal pillapoyasi» asaridagi voqealar bilan qaysidir ma’noda Pilsudiskiyning o‘sha ishi ustidan boplab kulgan edi.

Dolenga-Mostovich o‘z asarida hayotiy misollardan o‘rinli foydalangani uchun o‘sha paytda polyak ziyolilari orasida nomunosib, iste’dodsiz va kaltabin odamning davlat arbobiga aylanishini ifodalovchi «dizmizm» degan termin paydo bo‘ladi. Keyinchalik bu termin xalqaro darajada ommalashadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: