Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti tasarrufidagi Hisor davlat qo‘riqxonasida o‘rnatilgan fotoqopqon obektiviga Turkiston silovsini muhrlandi. Bu haqda qo‘riqxona matbuot xizmati xabar bermoqda.
Turkiston silovsini tabiiy majmualarda zaif, tabiatan kamyob, lokal tarqalgan tur hisoblanadi. Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Qizil ro‘yxatiga kiritilgan.
Shuningdek, Turkiston silovsini O‘zbekiston Qizil kitobiga zaif, kamayib borayotgan, mozaik tarzda tarqalgan kichik tur sifatida kiritilgan.
U G‘arbiy Tyan-Shan va Pomir-Oloy hududlarida tarqalgan. Bargli va archa o‘rmonlarida yashaydi. Hisor tog‘ tizmasida 150 ga yaqin, Ko‘hitang tizmasida 20-25 ta, G‘arbiy Tyan-Shanda 100 ga yaqin, Turkiston tizmasida 300 ga yaqin silovsin yashaydi.
Turkiston silovsini ko‘pincha tuyoqli hayvonlar, mayda qushlar va kemiruvchilar bilan oziqlanadi.
Kuzatuvlarga ko‘ra, Turkiston silovsini bugungi kunda Hisor qo‘riqxonasining G‘ilon, Miraki, Tanxozdaryo, Qizilsuv bo‘limlarida uchraydi va ularning umumiy soni 160 boshni tashkil qiladi.
Qayd etilishicha, Turkiston silovsini Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan doimiy muhofazaga olingan.