Turkiyada mahalliy saylovlar: Erdo‘g‘an Istanbulni qaytarib oladimi?

Jahon 10:16 / 30.03.2024 17903

Yakshanba kuni Turkiyada umummilliy munitsipal saylovlar bo‘lib o‘tadi. Istanbul asosiy «jang maydoni»ga aylanadi, bu yerda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va uning Adolat va taraqqiyot partiyasi muxolifatchilarning saylovchilar orasidagi mashhur meri Akrom Imomo‘g‘lidan revansh olishga harakat qiladi.

Istanbuldagi saylov natijalari muxolifatchilar 2028 yilgi prezidentlik saylovlarida Erdo‘g‘an uchun qanchalik jiddiy xavf tug‘dira olishini ham ko‘rsatib beradi. BBC Turkiyadagi navbatdagi saylovlarni tahlil qildi.

***

Istanbul Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an uchun alohida ahamiyatga ega.

Bu nafaqat u tug‘ilib o‘sgan shahar, balki siyosiy faoliyatini ham 1970-yillarda shu yerda boshlagan: avvaliga u Milliy najot partiyasining Qosimposho kvartalini ham o‘z ichiga oluvchi Beyo‘g‘li tumanidagi yoshlar bo‘limiga rahbar bo‘lgan — bu hududda asosan ishchi sinf vakillari yashaydi va Erdo‘g‘an o‘z bolaligini shu yerda o‘tkazgan.

Keyin u siyosiy zinapoyalar bo‘ylab ko‘tarila boshlaydi, Istanbul meri va bosh vazir bo‘ladi, keyin esa Turkiya prezidentiga aylandi.

Erdo‘g‘an Istanbul ko‘chalarida ulg‘aygan, Qosimposhodagi futbol maydonlarida va tarixiy Emino‘nu tumanida suv va kunjutli bulochka sotib pul ishlab topgan.

Rajab Erdo‘g‘an o‘z siyosiy faoliyatini Istanbulda boshlagan va endi shaharni o‘z nazoratiga qaytarmoqchi. Foto: Getty Images

«Erdo‘g‘anning shaxsiyati Istanbul bilan belgilangan», — deydi Istanbuldagi Medipol universiteti kommunikatsiyalar fakulteti xodimi va Genar siyosiy tadqiqotlar markazi raisi Ehson Oqtosh.

«Istanbul — uning uyi. 2019 yilgi mahalliy saylovlarda muxolifatga yutqazish uning uchun falokat bo‘lgandi», — deya qo‘shimcha qiladi Oqtosh Adolat va taraqqiyot partiyasi va uning o‘tmishdoshlarining shahardagi 25 yillik boshqaruviga chek qo‘ygan munitsipal saylovlardagi mag‘lubiyatni nazarda tutib.

2019 yilgi saylovlarda Erdo‘g‘anning odamini yenggan nomzod Jumhuriyat xalq partiyasi (respublika partiyasi) vakili, xarizmatik Akrom Imomo‘g‘li bo‘lgandi va hozirga qadar shaharni boshqarib keladi.

Ammo endi Erdo‘g‘an Istanbulni qaytarib olmoqchi.

Istanbul butun Turkiya modeli sifatida

Istanbulda 16 mln kishi yashaydi va megapolis elektorati turli-tuman. Foto: Getty Images

Erdo‘g‘anga prezidentlik lavozimida uchinchi muddatga qolish imkonini bergan prezidentlik va parlament saylovlaridan qariyb bir yil o‘tganidan keyin, 31 mart kuni mamlakat aholisi yana saylov uchastkalariga borishadi, bu safar umummilliy munitsipal saylovlar uchun.

Jumhuriyat xalq partiyasi yirik shaharlar, jumladan Istanbul, poytaxt Anqara va kurort Antalyadagi ustunligini saqlab qolishga harakat qilmoqda, bu shaharlarni muxolifat 2019 yilda hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasidan tortib olgandi.

Istanbulda Erdo‘g‘an amalda ikki bor yutqazdi — avvaliga 2019 yil martidagi saylovlarda, keyin esa iyunda, o‘shanda Markaziy saylov komissiyasi Adolat va taraqqiyot partiyasining qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani to‘g‘risidagi shikoyatidan keyin saylovni takroran o‘tkazgandi.

Istanbul meri Akrom Imomo‘g‘lining tarafdorlari mitingda. Foto: EPA

«Yirik shaharlarda hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi ustidan qozonilgan g‘alabalar 2019 yilda muxolifatchilarning jangovar ruhini oshirgan, prezidentlik saylovlarida ham g‘alaba qozonish umidini bergandi», — deydi Istanbuldagi Ishiq universiteti xalqaro munosabatlar fakulteti siyosatshunoslik professori Seda Demiralp.

«Muxolifat o‘tgan yilgi prezidentlik saylovlarida Erdo‘g‘anga yutqazgan bo‘lsa ham, Istanbuldagi g‘alaba va Turkiyadagi g‘alaba o‘rtasida hamon o‘zaro bog‘liqlik bor. Agar Imomo‘g‘li Istanbulni o‘z qo‘lida olib qololsa, muxolifatning 2028 yilgi prezidentlik saylovlaridan umidlari katta bo‘ladi».

Oqtoshning so‘zlariga ko‘ra, Istanbuldagi g‘alaba siyosiy yetakchilarga Turkiya milliy siyosatini shakllantirish uchun muhim imkoniyatlarni taqdim etadi: «Agar sizni butun Istanbul qo‘llab-quvvatlasa, siz milliy siyosatning, jumladan global miqyosda amaldagi yuziga aylanasiz».

Megapolis aholisi soni 16 million kishini tashkil etadi — bu 85 millionlik jami aholining qariyb beshdan bir qismi demakdir.

Shahardagi elektorat turli-tuman, u turli siyosiy, etnik, diniy va iqtisodiy guruhlarga mansub bo‘lib, Turkiyaning turli shaharlari bilan chuqur aloqalarga ega. Istanbul ko‘plar uchun Turkiya modeli hisoblanadi.

Shuningdek, Istanbul mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmiga sezilarli ulush qo‘shadigan asosiy iqtisodiy markaz hamdir. Istanbul ustidan nazorat Turkiyaning iqtisodiy faoliyatining muhim qismini, jumladan savdo, turizm va moliyani nazorat qilishni anglatadi.

Imomo‘g‘li uchun sinov

Akrom Imomo‘g‘li Erdo‘g‘anning asosiy raqibi hisoblanadi. Foto: Getty Images

Istanbul merligi uchun saylovda Erdo‘g‘an o‘zining sobiq atrof-muhit va urbanizatsiya vaziri Murat Kurumning nomzodini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, bu saylovlar Imomo‘g‘li va Erdo‘g‘an o‘rtasidagi kurash arenasi sifatida ko‘rilmoqda.

53 yoshli Akrom Imomo‘g‘li — sobiq tadbirkor, u Istanbulning asosan o‘rta sinf vakillari istiqomat qiladigan Beylikduzu tumani meri bo‘lib ishlaganida mashhurlasha boshlagan.

U so‘nggi o‘n yillikda Erdo‘g‘anning asosiy raqibiga aylandi — muxolifatning boshqa biror vakili uni yenga olmagan.

24 mart kuni Beylikduzudagi saylovoldi mitingi chog‘ida Imomo‘g‘li o‘z tarafdorlariga muvaffaqiyatni takrorlash niyatida ekanini aytdi: «2019 yilda biz [ATP boshqaruvi]ning bir sahifasini yopgandik, 31 mart kuni ular o‘tmishda qoladi».

Siyosiy sharhlovchilar ta’kidlashicha, Erdo‘g‘an ustidan yangi g‘alaba Imomo‘g‘liga o‘z siyosiy hokimiyatini mustahkamlash imkonini beradi va 2028 yilda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishga zamin yaratadi.

Ammo Imomo‘g‘lining o‘zi hozircha prezidentlik ambitsiyalari to‘g‘risida gapirmagan.

Turkiyaning Cumhuriyet gazetasiga 24 mart kuni bergan intervyusida prezidentlik saylovlarida qatnashishi ehtimoli to‘g‘risidagi savolga javoban Imomo‘g‘li shunday degan: «Istanbul uchun katta rejalarim bor va men shundan boshqa narsani orzu qilmayman. To‘rt yildan keyin bo‘ladigan ishlar haqida gapirishdan ma’no yo‘q».

Murat Kurum nomzodini Erdo‘g‘anning shaxsan o‘zi ma’qullagan. Foto: EPA 

Imomo‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, merlik lavozimida o‘tgan besh yilda u o‘z rahbarligi ostida shaharning temiryo‘l tarmog‘i kengaytirilgani, yangi yashil hududlar tashkil etilgani va ijtimoiy yordam ko‘rsatish yaxshilangani bilan faxrlanishini aytgan.

U shuningdek shaharsozlik loyihalarini ilgari surgan, minglab yangi turar joylar qurgan va bu ishni davom ettirishga va’da bergan.

Adolat va taraqqiyot partiyasi tarafdorlari Istanbuldagi mitingda. Foto: Reuters

Zilzila qo‘rquvi

Turkiya olti yildirki iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda. Mamlakatni ushbu inqirozdan olib chiqish va’dalari munitsipal saylovlardagi saylovoldi kampaniyasining ajralmas qismiga aylandi. Ammo Istanbul yana bir xavf bilan yuzma-yuz qolmoqda: zilzila.

Seysmologlar shaharda istalgan vaqtda vayronkor zilzila ro‘y berishi mumkinligi, mahalliy rasmiylar insonlar orasidagi qurbonlarni va moddiy zararni minimumga tushirish uchun barcha choralarni ko‘rishi lozimligidan ogohlantiradi.

Istanbul istalgan vaqtda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan zilzila xavfi ostida yashaydi. Foto: EPA

O‘tgan yili Turkiya janubida ikkita kuchli zilzila ro‘y berishi oqibatida 53 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgandi.

Adolat va taraqqiyot partiyasi kun tartibi avvalida shaharlarni qayta qurish loyihalari turadi, bu loyihalar avariya holatidagi eski qurilmalarni snos qilish va zilzilalarga chidamli yangi binolarni qurishni o‘z ichiga oladi.

«Murat Kurum nomi shahar qurilishi bilan assotsiatsiya qilinadi va ramziy ahamiyatga ega, — deydi Seda Demiralp. — Ammo bu uning g‘alabasini ta’minlash uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin».

«Murat Kurum — Adolat va taraqqiyot partiyasi doiralarida texnokrat sifatida ma’lum va uning nomi o‘z brendi orqali emas, partiya bilan assotsiatsiya qilinadi, Imomo‘g‘lida esa barchasi aksincha», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Erdo‘g‘anning kampaniyasi

Prezident Erdo‘g‘an oldindagi munitsipal saylovlar uning uchun oxirgisi bo‘lishini aytmoqda. Foto: EPA

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘z vazirlari bilan munitsipal saylovlarda ishtirok etishga faollik bilan targ‘ib qilmoqda va Istanbulga alohida e’tibor qaratmoqda.

Istanbulda 24 mart kuni to‘plangan yuz minglab tarafdorlariga murojaat qilarkan, u «Istanbul haqiqiy egasiga qaytishi»ni aytdi va tarafdorlarini «shaharda g‘alabani ta’minlash uchun tun-u kun ishlash»ga chaqirdi.

«Biz 31 mart kuni yangi davr eshigini ochamiz […] Men qayerga bormayin, barchaga ularni Istanbuldagi qarindoshlariga qo‘ng‘iroq qilib, ulardan Adolat va taraqqiyot partiyasi uchun ovoz berishni so‘rashi kerakligini aytmoqdaman», — degan Erdo‘g‘an yig‘ilganlarga qarata.

71 yoshli prezident avvalroq bu «uning so‘nggi saylovlari bo‘lishi»ni aytgandi: uchinchi prezidentlik muddatini o‘tkazayotgan Erdo‘g‘an 2028 yildan keyin ham o‘z nomzodini qo‘ya olmaydi. Ammo u hozircha o‘z vorisi nomini aytmagan.

«Adolat va taraqqiyot partiyasining boshqa ehtimoliy yetakchisi kim bo‘lishini aytish qiyin, — deydi Oqtosh. — Erdo‘g‘an — juda xarizmatik, juda kuchli yetakchi. Biz so‘rovnoma ishtirokchilaridan ular Erdo‘g‘anning o‘rnida kimni ko‘rishni istashlarini so‘raganimizda, ular hech kimning nomini ayta olmagandi. Bu partiya uchun katta muammo».

Ammo prezidentning tanqidchilari bu uning so‘nggi saylovi bo‘lishiga ishonqiramaydi; ular Erdo‘g‘an Istanbuldagi g‘alabadan foydalanib, o‘z hokimiyatini ham milliy, ham mahalliy miqyosda mustahkamlashi va yana bir muddatga saylanish uchun Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishi mumkin deb hisoblaydi.

Muxolifat saflaridagi bo‘linish

Kurdparast Xalq demokratik partiyasi mitingi. Foto: Getty Images

Oldingi saylovlar bilan taqqoslaganda, Erdo‘g‘anning bir ustunligi bor: muxolifat endi oldingi kabi yakdil emas.

Jamoatchilik o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar ko‘rsatishicha, Istanbul uchun kurash o‘ta keskin kechadi.

Konda kompaniyasi so‘rovlariga ko‘ra, Istanbuldagi saylovchilarning 38,2 foizi Imomo‘g‘lini yoqlashga tayyor, 32,2 foizi Adolat va taraqqiyot partiyasi vakili Murat Kurumga ovoz berish istagini bildirgan.

Imomo‘g‘lining 2019 yildagi g‘alabasini asosan millatchilar, dunyoviy hokimiyat tarafdorlari, liberallar, konservatorlar, dindorlar va eng muhimi kurdlar (Istanbulda kurdlarning juda katta jamoasi istiqomat qiladi)dan iborat olti partiya koalitsiyasi ta’minlagandi.

Ammo prezidentlik saylovlaridagi mag‘lubiyatdan keyin muxolifatchilar alyansi parchalanib ketdi va uning tarkibiga kirgan muxolifatchi partiyalar, jumladan Istanbulda kuchli va sodiq saylovchilar bazasiga ega bo‘lgan kurdlarning Xalq demokratik partiyasi munitsipal saylovlarda o‘z nomzodi bilan qatnashishni niyat qilgan.

Muxolifat nomzodlarining hech biri Istanbulda g‘alaba qozonish uchun yetarli ovoz to‘play olmasligi aniq bo‘lsa-da, ular Imomo‘g‘liga berilishi mumkin bo‘lgan ovozlarni o‘ziga olib, uning g‘alabasiga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Boshqa tomondan, islomchilarning Yangi partiyasi oxirgi saylovda bo‘lgani kabi Adolat va taraqqiyot partiyasini qo‘llash o‘rniga Istanbulda o‘z nomzodi bilan qatnashishga qaror qilgani Imomo‘g‘li foydasiga o‘ynashi mumkin bo‘lgan muhim omildir.

Istanbulda Imomo‘g‘li va Kurum o‘z g‘alabasini ta’minlash uchun nafaqat sodiq tarafdorlarining ovozlariga tayanishi, balki boshqa partiyalar saylovchilarini ham ishontirishi kerak bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: