29 mart kuni Toshkentda Xitoy raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston vakolatli organlari hamda ShHT MATT Ijro qo‘mitasi delegatsiyalari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ShHT MATT Kengashi 3 yanvar kuni Eronning Kirmon shahrida, 22 mart kuni Rossiyaning «Krokus Siti Xoll» binosida va 26 mart kuni Pokistonning Xaybar-Paxtunxva provinsiyasida sodir etilgan terrorchilik xurujlarini qoralab bayonot berdi. Yig‘ilganlar terrorchilik hujumlari qurbonlari xotirasiga bir daqiqalik sukut saqladi.
– ShHT terrorizmning barcha tur va ko‘rinishlarini keskin qoralaydi. Xalqaro terrorizmga qarshi murosasiz kurash ShHT faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, biz xalqaro hamjamiyat bilan yaqin hamkorlikda terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashda tinimsiz sa’y-harakatlarni davom ettiramiz, - dedi ShHT Bosh kotibi o‘rinbosari Nurlan Yermekbayev.
Forumda terrorizmni moliyalashtirish kanallarini aniqlash va ularga chek qo‘yish, shuningdek, internet tarmog‘idan terroristik va ekstremistik maqsadlarda foydalanishga qarshi kurashish masalalari ko‘rib chiqildi.
«Uch yovuz» kuchga qarshi kurashish sohasidagi qator hujjatlar, jumladan, tinchlik va xavfsizlikka tahdid soluvchi vaziyatlar fonida yuzaga kelayotgan terrorizm, separatizm va ekstremizmning zamonaviy chaqiriqlari va tahdidlariga qarshi birgalikdagi chora-tadbirlar va ShHT mintaqasida barqarorlik to‘g‘risidagi Qozog‘iston tashabbusi ma’qullandi.
ShHT MATT navbatdagi yig‘ilishi Xitoyda bo‘lib o‘tadi.