«Men hech kimni qo‘rqitmoqchi emasman, lekin urush o‘tmishga oid tushuncha bo‘lishni to‘xtatdi. Bu juda real va bu ikki yil avval boshlandi», — dedi Polsha bosh vaziri.
Uning bayonotlari Rossiya Ukrainaning energetika obektlariga raketa va uchuvchisiz uchoqlardan foydalangan holda navbatdagi yirik hujumni amalga oshirishga urinib ko‘rgan kunga to‘g‘ri keldi. Ba’zi raketalar Polsha bilan chegaradosh Lviv viloyatiga yo‘naltirilgan. Polsha harbiylarining xabar berishicha, o‘qqa tutish chog‘ida mamlakat harbiy-havo kuchlari va NATO mamlakatlari samolyotlari havoga ko‘tarilgan.
Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari xabar berganidek, Ukrainaga 99 ta raketa va har xil turdagi uchuvchisiz uchoqlar uchirilgan. Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari 58 ta dron va 26 ta raketani urib tushirdi.
Shu bilan birga, Tusk Rossiya rasmiylarining Moskvadagi «Krokus Siti Xoll»ga uyushtirilgan hujumga Ukraina aloqadorligi haqidagi bayonotlariga izoh berdi. Kreml bunday da’volar uchun ishonchli dalillar keltirmadi, g‘arb davlatlari va ommaviy axborot vositalari bu ayblovlarni asossiz deb atadi.
Tusk ta’kidlashicha, RFning Ukraina hujumga aloqadorligi haqidagi izohlari uning «Ukrainadagi tinch aholi manzillariga borgan sari shafqatsiz hujumlarni oqlash istagi»ni ko‘rsatadi. Uning eslashicha, shu hafta Rossiya kun davomida Kiyevga birinchi marta gipertovushli raketalar bilan zarba bergan.
Polsha bosh vaziri lavozimiga qaytganidan keyingi birinchi intervyusida Tusk (u 2007 yildan 2014 yilgacha bu lavozimni egallab kelgan) Yevropa hukumatlarini xavfsizlikni mustahkamlash uchun ko‘proq harakat qilishga chaqirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh prezidentlik saylovlarida kim g‘alaba qozonishidan qat’i nazar – Donald Trampmi yoki Jo Baydenmi, agar Yevropa mudofaa masalalarida o‘ziga ko‘proq tayansa, Vashington uchun foydaliroq hamkorga aylanadi.
Gap Yevropa Ittifoqining AQShdan harbiy mustaqillikka intilishi yoki «NATOga parallel tuzilmalar» yaratishida emas, deb hisoblaydi Polsha bosh vaziri. Unga ko‘ra, Polsha o‘z iqtisodining 4 foizini mudofaaga sarflaydi, boshqa Yevropa davlatlari esa bunga o‘z yalpi ichki mahsulotining 2 foizini ajratishi kerak.
Shu bilan birga, butun Yevropa Ittifoqi o‘z xavfsizligi uchun kurashishga psixologik jihatdan tayyor bo‘lishi kerak, dedi Tusk.