Fransiyada maktablarni himoya qilish uchun mobil xavfsizlik bo‘linmalari tuzilishi mumkin

Jahon 11:30 / 30.03.2024 2782

Fransiya hukumati ta’lim muassasalari xavfsizligini ta’minlash maqsadida «mobil xavfsizlik kuchlari» tuzishni rejalashtirmoqda. Bu haqda respublika ta’lim vaziri Nikol Bellub CNews telekanalidagi chiqishi vaqtida ma’lum qilgan.

«Men xavfsizlik muammolari bo‘lgan ta’lim muassasalariga yuborilishi mumkin bo‘lgan mobil kuchishlatar bo‘linmalar tuzish niyatidaman», degan Bellub.

Vazir ta’lim muassasalari xavfsizligini ta’minlash uning ustuvor vazifasi ekanini ta’kidlab, bu ishda u huquq-tartibot idoralari, shuningdek, viloyat va shahar hokimiyatlari bilan o‘z sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish ustida ishlashini aytib o‘tgan. «Mobil xavfsizlik kuchlari» keyingi o‘quv yili boshida qo‘shimcha yordamga muhtoj bo‘lgan joylarda tashkil etilishi mumkin.

Fransuz maktablarida ikki o‘qituvchining o‘ldirilishi ortidan keskinlik yuzaga kelgan. Samuel Pati 2020 yilda Parij chekkasidagi ko‘chada, Dominik Bernard besh oy oldin Arrasdagi maktabda o‘ldirilgan. Ikkala qotillikda ham radikallashgan sobiq talabalar ishtirok etgan.

Oxirgi kunlarda Fransiyadagi 320 tadan ortiq ta’lim muassasalariga tahdidli xabarlar kelib tushgan. Mazkur holat yuzasidan bir necha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ikki nafar shaxs qo‘lga olingan.

Ko‘proq yangiliklar: