Qo‘shma Shtatlar yuzaga kelayotgan terrorchilik tahdidlari haqida Rossiya hukumati bilan ma’lumot almashishda davom etadi. Bu haqda Moskvadagi AQSh elchisi Linn Treysi xabar berdi.
«Bir hafta oldin IShID-Xuroson rossiyalik yuzlab beayb fuqarolarga qarshi shafqatsiz va vahshiy terrorchilik hujumini amalga oshirdi. Men Amerika Qo‘shma Shtatlari terrorizmning barcha ko‘rinishlarini so‘zsiz qoralashini aniq aytmoqchiman», dedi Linn Treysi elchixona bayonotida.
Elchi «Rossiyaning bir qancha amaldorlari» mart oyi boshida AQSh rasmiylari Rossiya razvedka idoralariga IShID tahdidlari yuzasidan taqdim etgan ma’lumotlarni buzib talqin qilgani va «ochiq-oydin rad etganidan» afsusda ekanini aytdi.
«Faktlar shundan iboratki, Rossiya rasmiylariga berilgan yozma ma’lumotlar aniq, o‘z vaqtida va ishonchli bo‘lgan. Biz ko‘p yillar davomida Rossiya rasmiylari bilan tahdid ma’lumotlarini baham ko‘rdik va shunday qilishda davom etamiz. Shuningdek, biz Rossiya hukumatining «Krokus Siti Xoll» hujumini tergov qilishda yordam so‘rab yuborgan so‘rovlariga javob berishda davom etamiz», dedi Treysi.
Elchi ta’kidlaganidek: «IShID-Xuroson» o‘tgan hafta «Krokus Siti Xoll»ga uyushtirilgan dahshatli hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. «IShID-Xuroson» butun dunyo razvedka idoralariga vahshiyona va zo‘ravonlik harakatlari, jumladan, 2022 yilda Rossiyaning Kobuldagi elchixonasini portlatish kabi hujumlar tarixiga ega terrorchi tashkilot sifatida yaxshi tanilgan».
U, shuningdek, rus xalqi teraktdan keyin normal hayotga qaytish uchun kuch topishiga umid bildirdi.
«Hech narsa o‘tgan haftadagi voqealarning fojiali mohiyatini o‘zgartira olmaydi yoki halok bo‘lganlarni ortga qaytara olmaydi. Va biz chin dildan umid qilamizki, rus xalqi tinchlikka erishadi va kelgusi bir necha kun va haftalarda yashashni davom ettirish uchun kuchini tiklaydi», dedi Treysi.
«Ushbu dahshatli fojiadan qayg‘u chekayotgan va jabr ko‘rgan har bir inson bilan yuragimiz birga. Rossiya bugun nihoyatda og‘ir va og‘riqli vaqtni boshdan kechirayotganini tushunamiz», deyiladi elchi bayonotida.