Xalqaro sudning Isroilga talabi, Durovdan terrorga cheklov va Qozog‘iston elchixonasi ogohlantirishi - kun dayjesti 

Jahon 18:42 / 29.03.2024 9898

G‘azodagi vaziyat

Isroil armiyasi G‘azodagi eng yirik tibbiyot muassasasi Ash-Shifo kasalxonasiga reyd uyushtirib, 200 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan, deb xabar beradi  Anadolu agentligi.

Xabarga ko‘ra, Isroil kuchlari favqulodda buyruq berib, kasalxonada to‘planganlarni binoning boshqa qismida yig‘moqchi bo‘lgan. Buyruqqa itoat qilmaganlar otib tashlangan.

Bir qator arab nashrlari qurbonlar soni aslida bundan-da ko‘proq ekanini xabar qilgan. Isroil armiyasi hududga jurnalistlar kirishini cheklab qo‘ygani bois, u yerdan aniq va ishonarli ma’lumotlar olishning imkoni yo‘q.

Shu kungacha Isroilning tinimsiz hujumlari va qamali tufayli G‘azoda halok bo‘lganlar soni 32,5 mingga yetgan. Qariyb 75 ming kishi turli darajalarda yarador bo‘lgan. Birgina kechaning o‘zida G‘azoda yana 13 kishi o‘ldirilgan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil agressiyasi G‘azo aholisining 85 foizini o‘z turar joylarini tashlab chiqishga majbur qilingan. Falastin ekslavidagi uylar va infratuzilma obektlarning 60 foiziga zarar yetgan yoki butkul vayron bo‘lgan.

BMT Xalqaro sudi 28 mart payshanba kuni Janubiy Afrika Respublikasining Isroilga qarshi da’vosi bo‘yicha bir qator qo‘shimcha vaqtinchalik choralar haqida qaror chiqardi hamda Isroil armiyasidan G‘azoda falastinliklarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikni talab qildi.

«Sud Isroildan o‘z qurolli kuchlari G‘azo sektoridagi falastinliklarning huquqlarini buzuvchi har qanday xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasligini, shu jumladan, shoshilinch insonparvarlik yordamini yetkazishga xalaqit bermasligini ta’minlashni talab qiladi», — deyiladi sud matbuot relizida.

HAMAS esa G‘azoga insonparvarlik yetkazish bo‘yicha bu sud qaroriga uni qisqa muddatlarda amalga oshirishni ta’minlovchi majburlov mexanizmi kerakligini ta’kidlamoqda.  

Ukrainadagi urush

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat Rossiyaning may oyida yuz berishi mumkin bo‘lgan qayta bosqiniga tayyor emasligini ta’kidlagan.

Ukraina qurolli kuchlari ayni paytda front chizig‘ini barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘lgan, biroq agar ittifoqchilar qurol-yarog‘ yetkazishni paysalga solaversa, Rossiyaning qayta bosqinini ushlab turish borgan sari murakkablashib boraveradi.

«Agar Ukraina taslim bo‘lsa, Putin sovet imperiyasini tiklashga kirishadi va uning keyingi yurishlarini Qozog‘iston, Boltiqbo‘yi davlatlari, Polsha va Germaniyada — kamida Germaniyaning yarmida kutaverasizlar», — degan Zelenskiy CBS News’ga bergan intervyusida.

O‘tgan qish sharqiy frontdagi Ukraina qismlari uchun juda og‘ir kelgan, biroq Rossiya qo‘shinlarining ilgarilishi to‘xtatilgan. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda vaziyat artilleriya va boshqa qurol-yarog‘lar katta taqchilligi yuzaga kelgan 2-3 oy avvalgidan yaxshiroq. Taqchillik tufayli Avdiyivka tashlab chiqilgan, so‘ngra Rossiya qo‘shinlari kichikrok qishloqlarni egallab picha oldinga siljigan. «Lekin biz boshqa yirik qarshi bosqinni ko‘rmadik», degan prezident.  

Ukrainaga yordam

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh Kongressini Ukrainaga yordamni ma’qullashga chaqirdi. U AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson bilan telefon orqali suhbatda harbiy yordamning yangi paketini tezda qabul qilishni so‘ragan.

Zelenskiy Jonsonga «jang maydonidagi vaziyat, ayniqsa, Rossiya havo hujumining keskin kuchayishi haqida» ma’lumot bergan. Bunday vaziyatda Kongressning Ukraina uchun yordamni tezda qabul qilishi juda muhim, degan Ukraina prezidenti.

Yil boshidan beri Rossiyaning Ukrainaga bergan zarbalarining umumiy quvvati 9 kilotonnadan oshdi, degan Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov. Umerovga ko‘ra Rossiyaning Ukraina hududidagi nishonlarga bergan zarbalarining 97 foizi fuqarolik infratuzilmasiga to‘g‘ri kelgan.

Umerov BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi ma’lumotlarini keltirgan. Unga ko‘ra, «so‘nggi uch oyda BMT tomonidan tasdiqlangan 1804 tinch aholi orasidagi qurbondan 712 nafari raketa hujumlari sabab halok bo‘lgan». 

Qozog‘iston fuqarolarini ogohlantirdi

Qozog‘istonning Kiyevdagi elchixonasi xavfsizlik nuqtayi nazaridan o‘z fuqarolarini so‘nggi paytlarda Rossiyaning raketa zarbalariga tobora ko‘p duchor bo‘layotgan Ukrainaning Odessa va Xarkiv oblastlarini tark etishga chaqirdi.

«Ukrainaning Odessa va Xarkiv viloyatlarida kuchayib borayotgan keskinlik va beqaror vaziyat munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasining Ukrainadagi elchixonasi Qozog‘iston fuqarolariga ushbu hududlarni tark etish haqida o‘ylab ko‘rishni tavsiya qiladi», — deyiladi elchixonaning Telegram-kanalida e’lon qilingan xabarda.

Elchixona qozog‘istonliklarga Ukrainadan chiqib ketishni quruqlikdan Polsha yoki Moldova orqali amalga oshirishni maslahat bergan. 

JARda yirik avtohalokat

Janubiy Afrika Respublikasida avtobus ko‘prikdan qulashi oqibatida 45 kishi halok bo‘lgan, bir kishi og‘ir jarohatlangan, deb xabar beradi CNN.

Avtobus dindorlarni Pasxa anjumani bo‘lib o‘tadigan Limpopo provinsiyasiga olib boruvchi tog‘ dovonida avtohalokatga uchragan. Haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, ko‘prikdagi to‘siqqa borib urilgan va natijada avtobus ko‘prikdan qulab tushib, yonib ketgan. Avtohalokatda sakkiz yashar qizcha omon qolgan va kasalxonaga yotqizilgan. 

Telegram’da spam cheklovi

Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov terrorchilik aktlari sodir etishga chaqirayotgan akkauntlar aniqlanib, paydar-pay blok qilinayotgani, messenjer zo‘ravonlikka targ‘ib joyi emasligini ta’kidladi.

«4 kun muqaddam Telegram’ning rusiyzabon foydalanuvchilari notanish kimsalardan teraktlarga chaqiruv borasida yozishmalar bo‘layotgani haqida shikoyat qila boshlashdi.

Bunday shikoyatlar olinganidan bir soat o‘tib, biz bu faollikning oldini olish uchun bir qator texnik va tashkiliy choralarni qo‘lladik.

Natijada bunday xabarlar jo‘natishga bo‘lgan o‘n minglab urinishlarning oldi olindi va bu fleshmobda ishtirok etayotgan minglab foydalanuvchilar o‘zlarining Telegram akkauntlari umrbod bloklanishiga duchor bo‘lishdi.

Kelgusi haftaning boshidan boshlab Rossiya, Ukraina va Belarusdagi barcha foydalanuvchilarga o‘zlariga shaxsiy yozishma jo‘nata oladiganlar doirasini cheklay olish imkoniyati taqdim etiladi. Biz shuningdek, sun’iy idrok asosida istalmagan yozishmalarni yanada samaraliroq filtrlash yechimlarini joriy etmoqdamiz.

Telegram — noqonuniy jo‘natmalar va zo‘ravonlikka chaqiruv joyi emas», — deb yozgan Pavel Durov. 

Ko‘proq yangiliklar: