Ukraina QK havo kuchlari ma’lum qilishicha, Ukraina bo‘ylab 99 ta raketa va turlicha dronlar uchirilgan; ukrain havo hujumidan mudofaa kuchlari 58 ta dron va 26 ta raketani urib tushirgan. Havo kuchlari e’lon qilgan hisobotda aytilishicha, RF armiyasi hujumda quyidagilardan foydalangan:
- Shahed-136/131 tipidagi 60 ta zarbdor dron (58 tasi urib tushirilgan);
- X-47M2 «Kinjal» rusumli 3 ta aeroballistik raketalar (birortasi urib tushirilmagan);
- «Iskander-M» rusumli 2 ta aeroballistik raketalar (birortasi urib tushirilmagan);
- X-59 rusumli 9 ta boshqariluvchi aviatsiya raketasi (5 tasi urib tushirilgan);
- «Iskander-K» rusumli 4 ta qanotli raketa (barchasi urib tushirilgan);
- X-101/X-555 rusumli 21 ta qanotli raketa (17 tasi urib tushirilgan).
Zarbalar oqibatida Dnipropetrovsk, Cherkass, Kirovograd va Ivano-Frankovsk oblastlaridagi energetika obektlari shikastlangan, deb xabar bergan Ukraina energetika vazirligi. Vazirlikka ko‘ra, hujumlar nishoni elektr energiya ishlab chiqarish obektlari bo‘lgan.
«Ukrenergo» energetika kompaniyasi ma’lum qilishicha, mamlakatning turli hududlaridagi issiqlik va gidro elektr stansiyalar shikastlangan.
Dnipropetrovsk oblastida hujumdan keyin elektr energiyaning avariyaviy o‘chishi kuzatilgan. DTEK kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, uning uchta issiqlik elektr stansiyasiga hujum qilingan, uskunalar jiddiy shikastlangan.
Dnipropetrovsk oblasti ma’muriyati yozishicha, region uzra 12 ta raketa va 12 ta pilotsiz apparatlar urib tushirilgan. Dniprovsk, Kriviy Rih hamda Kamensk rayonlarida energetika obektlari shikastlangan, ulardan birida bir kishi jarohatlangan. Kamenske shahrida besh kishi, jumladan besh yoshli qizcha jarohat olgan. Jabrlanuvchilardan ikki nafari shifoxonaga yotqizilgan, turar joy binosi va avtomobillar shikastlangan.
Lviv oblasti bo‘ylab zarba: Polsha samolyotlarini havoga ko‘targan
Juma kuni Rossiya Lviv oblastidagi yirik gaz saqlash ombori joylashgan Striy shahri hududi bo‘ylab yana bir bor zarba yo‘lladi. Bu zarba oqibatlari bo‘yicha hozircha batafsil ma’lumotlar yo‘q, ammo oblast ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiy «dushman quroli parchalari muhim infratuzilma inshootiga zarar yetkazgani»ni aytgan.
Ukraina bo‘ylab yopirilma raketa zarbalari tufayli Polsha tunda o‘z harbiy aviatsiyasini havoga ko‘targan, NATOning boshqa a’zolari samolyotlari ham parvoz qilgan.
«Bugun tunda Rossiyaning uzoq masofaga harakatlanuvchi aviatsiyasining faolligi kuzatilmoqda, bu Ukraina hududida joylashgan nishonlarga raketa hujumlari bilan bog‘liq, — deyiladi Polsha qurolli kuchlari operativ qo‘mondonligi bayonotida. — Polsha havo kengliklari xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralar ko‘rildi».
Avvalroq polshalik harbiylar 24 mart kuni, Ukraina bo‘ylab oldingi yopirilma zarbalar chog‘ida, Rossiya raketasi 39 soniyaga Polsha havo kengligiga kirganini xabar qilgandi.
Xarkiv oblastida bir soatdan o‘chirish jadvali joriy etildi. Rossiya tomonidan bir kun oldin berilgan zarbalar tufayli regionda ikki kishi halok bo‘lib, to‘qqiz kishi yaralangan, deb xabar bergan Xarkiv oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov. Xarkivdagi energiya obektlari o‘tgan haftada ham yopirilma hujumga uchragandi, uning natijasida so‘nggi kunlarda shaharning katta qismida elektr ta’minotida uzilishlar saqlanib qolmoqda.
Cherkass oblasti ma’muriyati ham energiya inshootiga raketa kelib tushganini xabar qilgan; Ivano-Frankovsk oblastida kritik infratuzilma obektlari zarbaga uchragan.
Hujum qanday o‘tdi?
Ukrainaning o‘qqa tutilishi tun yarmida Shahed tipidagi dronlar uchib kelishi bilan boshlandi, uchuvchisiz apparatlar tun davomida Ukrainaning markaziy va g‘arbiy oblastlariga hujum qilib, havo hujumidan mudofaa tizimlarini razvedka qilish bilan shug‘ullandi.
Ertalabki soat to‘rtdan keyin Ukraina hududiga Tu-95MS strategik bombardimonchilaridan uchirilgan qanotli raketalar kirib keldi, soat besh atrofida Rossiyaga «Kinjal» tipidagi gipertovushli aviatsiya raketalari bilan zarba yo‘llandi.
Ukraina QK havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya Lviv oblastining Striy shahri hududiga bir nechta «Kinjal» uchirgan. Bu shahar 24 mart kuni ham zarbaga uchragandi.
Bundan tashqari, ertalabki soat besh atrofida, ukrain harbiylari ma’lum qilishicha, Rossiya Ukrainaning janubiy va markaziy regionlariga ballistik raketalar uchirgan, xususan, Kremenchug va Dnipro yo‘nalishida portlashlar kuzatilgan. Shuningdek, Poltava oblastining Mirgorod shahri atrofiga ham zarba kelib tushgan.
Ertalab soat beshdan keyin Tu-95 tomonidan uchirilgan qanotli raketalarning ilk guruhi Volin orqali o‘tib, Lviv oblasti hududiga yetib kelgan, qolganlari Xmelnitskaya, Jitomir va Vinnitsa oblastlari orqali g‘arbga yo‘nalgan. Yakunda raketalar Ivano-Frankovsk tomonga ketgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda yozishlaricha, ushbu hududlarda portlashlar eshitilgan, Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlagan.
Soat 05:30 dan keyin havo kuchlari bir necha bor Ivano-Frankovsk atrofidagi nishonlarga hujum qilgan raketalar haqida xabar bergan. Rossiyaliklar ushbu regionga qilingan oldingi hujumlar vaqtida Burshtin IESga zarba berishga uringandi.
Havo trevogasi ertalabki soat olti atrofida yakunlangan.
Rossiya mudofaa vazirligi Ukrainaning energetika obektlari bo‘ylab yopirilma zarbalar yo‘llanganini tasdiqladi.
Rossiya mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, havodan, dengizdan va quruqlikdan uzoq masofaga harakatlanuvchi «yuqori aniqlikdagi qurollar» — jumladan «Kinjal» gipertovushli raketalar, shuningdek kamikadze dronlar bilan energetika obektlari hamda Ukraina qurolli kuchlarining havo hujumidan mudofaa tizimlariga zarbalar berilgan.
Vazirlik oldingi bayonotlarida aytilganidek, «barcha nishonlarga aniq zarba berilgani»ni ma’lum qilgan.
Rossiya bir necha oylik tanaffusdan keyin 22 mart kuni Ukraina energetika infratuzilmalariga hujumlarni qaytadan boshlagandi, o‘shanda hujumga uchragan obektlar qatorida Dnipro GES ham bo‘lgandi.