Polsha Ichki xavfsizlik agentligi (ABW) xodimlari Rossiya uchun Yevropa Ittifoqi davlatlari va organlariga qarshi qaratilgan josuslik faoliyatiga doir tergov doirasida tintuvlarni amalga oshirdi, deya xabar beradi agentlik 28 mart, payshanba kuni.
«Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida rossiyaparast tashabbuslar va ommaviy axborot vositalari kampaniyalarini tashkil etishga qaratilgan harakatlar hujjatlashtirilgan», deyiladi Reuters agentligi tomonidan keltirilgan ABW bayonotida. Jumladan, unda rossiyaparast materiallarni chop etgani aytilayotgan voice-of-europe.eu internet portali tilga olinadi.
Tarmoqning maqsadi «Polsha pozitsiyasini zaiflashtirish» edi
Rossiya josuslik tarmog‘ining maqsadi «Kreml tashqi siyosiy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish», jumladan, Polshaning xalqaro maydondagi mavqeyini zaiflashtirish, Ukrainani obro‘sizlantirish va Yevropa Ittifoqi institutlari obro‘siga putur yetkazish edi, deb tushuntirdi ABW vakili AFP’ga.
Razvedka xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, tintuvlar shu hafta boshida Varshava va Polsha janubidagi Tixi shahrida bo‘lib o‘tgan. Tintuvlar haqida boshqa tafsilotlar berilmagan. Operatsiya boshqa davlatlar, xususan, Chexiya hamkorlari bilan muvofiqlashtirilgan, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ABW xatti-harakatlari joriy yilning yanvar oyida yakunlangan tergov natijasi bo‘lib, uning davomida Rossiya razvedka xizmatlari foydasiga josuslikda gumon qilingan Polsha fuqarosiga nisbatan ayblovlar qo‘yilgan.
Chexiyada «Rossiya ta’siri operatsiyasi»
28 mart kuni Chexiya hukumati rossiyaparast Ukrainaning «Muxolifat platformasi – Hayot uchun» partiyasi sobiq rahbari Viktor Medvedchukka nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Chexiya hukumati veb-saytiga ko‘ra, Medvedchuk «Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va erkinligini buzish» maqsadi bilan «Rossiya Federatsiyasidan Chexiya Respublikasidagi Rossiya ta’siri operatsiyasini boshqaradi».
Ushbu «operatsiyani» amalga oshirish uchun Medvedchuk o‘zining yaqin hamkori Artem Marchevskiy ishlaydigan Voice of Europe kompaniyasidan foydalanadi. Xuddi shu nomdagi portalga egalik qiluvchi Voice of Europe va Marchevskiy Chexiya sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan, deyiladi xabarda.