Parij-2024 Olimpiadasi ochilish marosimi o‘tkazilmasligi mumkin

Jahon 20:33 / 29.03.2024 7115

Fransiya razvedkasi Moskvadagi «Krokus Siti Xoll» konsert zalida yuz bergan fojiadan keyin teraktlar xavfi kuchaygani tufayli yozda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimini bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. 

«Krokus» teraktidan so‘ng, fransuz razvedkasi «harbiy qurollar yoki transport vositalaridan foydalangan holda ommaviy terrorizm qaytishidan» cho‘chimoqda. Razvedka xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, Olimpiada ochilish kunida «afg‘on zonasi»dan uch-to‘rt kishidan iborat «uyquda yotgan» terrorchilar hujumi ehtimoli kuchaygan. 

«Sportchilar paradining Senadagi hozirgi formati juda ko‘p xavf tug‘diradi. Biz B rejasiga o‘tishimiz kerak», dedi razvedka manbasi. 

Yozgi Olimpiya o‘yinlari Fransiya poytaxtida 2024 yilning 26 iyulidan 11 avgustiga qadar bo‘lib o‘tadi. Dastlabki rejaga ko‘ra, ochilish marosimi an’anaviy stadionda emas, Sena daryosida o‘tkazilishi kerak. 160 dan ortiq qayiq ishtirokchi jamoalar delegatsiyalarini Luvr va Eyfel minorasi yonidan olib o‘tishi, marosimni 600 mingga yaqin odam tomosha qilishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: