Vladimir Putin shu yilning noyabrida Braziliyada bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga barcha ishtirokchi davlatlar rozi bo‘lgan taqdirdagina taklif qilinishi mumkin, dedi Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 28 mart, payshanba kuni Braziliyaga tashrifi chog‘ida ushbu mamlakat prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva bilan qo‘shma matbuot anjumanida.
Makronning so‘zlariga ko‘ra, yigirmata sanoati rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarni birlashtirishdan maqsad «qolgan 19 davlat bilan konsensusga erishish edi, bu Braziliya diplomatiyasining vazifasi bo‘ladi». «Katta yigirmatalik» «tinchlik va umumiy manfaatlar yo‘lida xizmat qilish»ga majbur», - deya ta’kidladi Fransiya davlat rahbari.
«Agar uchrashuv foydali bo‘lishi mumkin bo‘lsa, uni o‘tkazish kerak. Agar u foydali bo‘lmasa va kelishmovchilikka olib keladigan bo‘lsa, uni o‘tkazmaslik kerak», dedi Makron. U Putinni 2019 yil avgust oyida Fransiyada bo‘lib o‘tgan G7 sammitiga taklif qilish g‘oyasidan aynan «Yettilik guruhi»da ushbu masala bo‘yicha konsensus yo‘qligi sababli voz kechganini, o‘rniga Rossiya prezidenti bilan alohida uchrashuv tashkil qilganini eslatdi.
Putin va G20 uchrashuvlari
2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli hujumi boshlanganidan beri, har bir G20 sammiti oldidan Vladimir Putinni taklif qilish masalasi ko‘tarilyapti. Natijada Putin 2022 yilda Indoneziya va 2023 yilda Hindistonda o‘tkazilgan sammitlarda qatnashmadi. 2023 yil avgust oyida Putin JARdagi BRIKS sammitiga ham kelmadi.
Braziliya prezidenti Lula da Silva 2023 yil sentabrida Putinni 2024 yilda Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga taklif qilishini va uning tashrifi xavfsizligini ta’minlashini aytgan edi. Biroq o‘sha yilning dekabr oyida u G20 sammitida Putinga xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyor emasligini aytib, boshqacha bayonot bilan chiqdi.