Latviya TIV rahbari maxsus reyslar bilan bog‘liq mojaro tufayli lavozimini tark etadi

Jahon 11:52 / 29.03.2024 7006

Latviya tashqi ishlar vaziri Krishyanis Karinsh xizmat safarlari uchun maxsus reyslarda budjet mablag‘larining isrof qilinishi bilan bog‘liq mojaro fonida o‘z lavozimini tark etishga qaror qildi. Bu haqda 28 mart, payshanba kuni Latviya OAV Karinsh va mamlakat bosh vaziri Evika Silinya o‘rtasidagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha xabar berdi

Karinsh 10 aprel kuni iste’foga chiqadi, ertasi kuni Latviya Seymida yangi tashqi ishlar vaziri nomzodi bo‘yicha ovoz berilishi kutilmoqda. U 2023 yil iyulidan buyon tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelgan va o‘sha yilning sentabr oyida lavozimga to‘liq kirishgan. 2019 yil yanvaridan 2023 yil sentabrigacha Karinsh Latviya bosh vaziri lavozimida ishlagan. 

Budjet mablag‘lari talon-toroj qilinishi bo‘yicha jinoiy ish 

22 mart kuni Latviya Bosh prokuraturasi Karinshning bosh vazirlik davrida xizmat safarlari uchun maxsus reyslardan foydalangani munosabati bilan davlat mablag‘larini o‘zlashtirish ehtimoli bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Davlat kanselyariyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil sentabridan 2023 yil sentabriga qadar bunday reyslar uchun budjetdan 613 830 yevro, Yevropa Ittifoqi qoplagan xarajatlarning bir qismi bilan birga 1,36 million yevro sarflangan. 

Bu jamiyatda tanqidlar to‘lqiniga sabab bo‘ldi va Latviyadagi korrupsiyaga qarshi idoralar tergov boshladi, deb yozadi Delfi. 

Latviya TIV rahbari lavozimiga hozircha nomzod yo‘q 

Iste’foga chiqishini e’lon qilishdan oldin Karinsh bilan uchrashgan amaldagi bosh vazir Silinya TIV rahbarining lavozimidan ketish haqidagi qarorini Bosh prokuratura tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani sababli «munosib g‘arb siyosatchisining qadami» deb atadi. Silinya bu lavozimga hali nomzod tanlamaganini ta’kidladi. 

OAV xabarlariga ko‘ra, Karishning vorisi Seym deputati Zanda Kalninya-Lukashevitsa bo‘lishi mumkin, u tashqi ishlar sohasida ko‘p yillik tajribaga ega va avval Tashqi ishlar vazirligida parlament kotibi lavozimida ishlagan. 

Ko‘proq yangiliklar: