«Krokus Siti Xoll»da terakt sodir etishda ayblanayotganlar hujumga tayyorgarlik paytida ham, undan keyin ham o‘z harakatlari Telegram ilovasi orqali «o‘zini taxallus bilan tanishtirgan» shaxs tomonidan kelishilganini aytishdi, deb xabar berdi Rossiya Tergov qo‘mitasi.
Tergov qo‘mitasining ta’kidlashicha, ayblanuvchilar «koordinator»dan ovozli xabarlar olgan.
«Hujumdan so‘ng, uning ko‘rsatmasi bo‘yicha ular «Kiyevga borish va va’da qilingan mukofotni olish uchun Rossiya-Ukraina chegarasi tomon yo‘l olishdi», deyiladi departament xabarida.
Avvalroq, Tergov qo‘mitasi jinoyatchilar terrorchilik xurujiga tayyorgarlik ko‘rish uchun Ukrainadan «katta miqdorda pul» va kriptovaluta olgani haqida ma’lumotlar borligini ma’lum qilgandi. Bundan tashqari, departamentning ta’kidlashicha, tergovda ayblanuvchilarning «Ukraina millatchilari bilan aloqasi borligi» haqida dalillar olingan.
22 mart kuni «Krokus Siti Xoll» konsert zalida yuz bergan terrorchilik harakatidan so‘ng, Rossiya Tergov qo‘mitasi jinoyat ishini ochdi. Ertasi kuni Federal xavfsizlik xizmati (FXX) ushbu ishda gumon qilingan 11 kishi hibsga olinganini e’lon qildi.
29 mart holatiga sudlar allaqachon to‘qqiz kishini, jumladan, to‘rt nafar jinoyatchini hibsga olgan. Sudda ularda qiynoq belgilari borligi ko‘rindi. Uch nafar ayblanuvchi hibsga olinishi yuzasidan apellyatsiya shikoyati berdi.
Teraktdan 19 soat o‘tib, rossiyaliklarga murojaat qilgan prezident Vladimir Putin terrorchilar Ukraina tomon qochganini aytdi. Bir kun o‘tib, 4 nafar jinoyatchi qo‘lga olinganidan so‘ng, rasmiylar va xavfsizlik kuchlari bilan uchrashuvda so‘zlagan Putin «jinoyat radikal islomchilar qo‘li bilan sodir etilgan», biroq «bizni bu jinoyat tashkilotchisi kim ekanligi qiziqtirmoqda» dedi.
Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin o‘sha yig‘ilishda Vladimir Putinga tergovning borishi haqida hisobot berar ekan, ayblanuvchilar terakt buyurtmachilari haqida ko‘rsatma berganini, ammo ularning kimligini aniqlamaganini aytdi.
Shundan so‘ng, Rossiyaning bir qator rasmiylari Ukrainaning teraktga aloqadorligini e’lon qildi. Xavfsizlik Kengashi kotibi Nikolay Patrushev «IShID yoki Ukraina?» degan savolga «Albatta, Ukraina» deb javob berdi. FXX direktori Aleksandr Bortnikov Ukraina «qahramon sifatida kutib olinishni istagan» jangarilarni tayyorlaganini aytdi.
Ukraina rasmiylari teraktga aloqadorligini rad etib kelmoqda.