Jizzax viloyatida spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda mashina boshqargan haydovchi piyodani urib yuborib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan.
Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024 yil 21 mart kuni soat 21:00 larda Zafarobod tumanida sodir bo‘lgan.
Spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan 24 yoshli haydovchi Tiko mashinasi bilan harakatlanayotib yo‘lning chetida masjidga borayotgan 54 yoshli piyodani urib yuborgan.
So‘ng jabrlanuvchiga zarur yordam ko‘rsatish o‘rniga voqea joyidan qochib ketgan. Oqibatda og‘ir tan jarohatlari olgan piyoda voqea joyida vafot etgan.
YPX xodimlarining tezkor harakatlari natijasida piyodani urib yuborgan Tiko topilgan va uning haydovchisi ushlangan. Unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 266- moddasi 2-qismi va 117-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 19 mart kuni ham Jizzax viloyatida spirtli ichimlik iste’mol qilgan haydovchi Nexia-2 mashinasi bilan 20 yoshli Milliy gvardiya xodimini urib yuborib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgandi.