Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida ikki kishi, jumladan, 70 yoshli rossiyalik tadbirkorning shikoyatidan so‘ng, ikki prokurorga nisbatan jinoiy ish ochildi. Bild nashrining yozishicha, arizachilardan biri Alisher Usmonov bo‘lgan.
Qayd qilinishicha, ish yuqori lavozimli prokuror va Bosh prokuratura xodimiga nisbatan qo‘zg‘atilgan. Ular odil sudlovdan og‘ishganlikda va aybsiz odamlarni ta’qib etganlikda gumon qilinmoqda.
Bild xabariga ko‘ra, bu 2022 yil kuzida bo‘lib o‘tgan tintuvlar bilan bog‘liq. Shu vaqtda nemis politsiyasi va prokuraturasi Rottax-Eggern shahridagi uylar, Hamburgdagi «Dilbar» yaxtasi, shuningdek, Frankfurt-Mayn yaqinidagi kvartirada tintuv o‘tkazgan edi. Tergovchilar bu obektlarning barchasini Alisher Usmonov bilan bog‘lagan. 2023 yil may oyida sud tintuvlarni noqonuniy deb topdi va keyinchalik barcha olib qo‘yilgan narsalarni qaytarishni buyurdi.
Bild nashrining yozishicha, Bosh prokuratura xodimlari, shunga qaramay, «sud tomonidan tintuvning noqonuniy deb topilishi ahamiyatsiz» deb hisoblashgan. Departament vakili bu so‘zlar haqiqatdan ham aytilganmi, degan savolga javob bermadi, chunki tergov hali ham davom etmoqda.
Alisher Usmonov USM holdingi asoschisi va eng yirik aksiyadori hisoblanadi. Unga «Metalloinvest», «Udokanskaya med» va «Megafon» kompaniyalari kiradi. U eng boy rossiyalik milliarderlarning Forbes ro‘yxatida sakkizinchi o‘rinni egallab turibdi. Jurnal uning boyligini 14,4 milliard dollarga baholagan.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin Alisher Usmonov ham boshqa ko‘plab rossiyalik tadbirkor va siyosatchilar singari Yevropa Ittifoqi, AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Kanada, Avstraliya va boshqa davlatlar tomonidan sanksiyalarga uchradi.
Usmonov ushbu sanksiyalardan sud orqali xalos bo‘lishga urinmoqda.