Chexiya Rossiyaning YeI siyosatchilariga pora berish sxemasini fosh etganini ma’lum qildi

Jahon 07:35 / 29.03.2024 4976

 

Chexiya rasmiylari Rossiya propagandasini Yevropada tarqatish va yevropalik siyosatchilarga pora berish sxemasini fosh qilishga muvaffaq bo‘lganini da’vo qilmoqda. Chexiya rasmiylarining bayonotlari bilan bir vaqtda sxema tafsilotlari 27 mart kuni Der Spiegel va Chexiyaning Denik N gazetasi tomonidan chop etildi

«Rossiya tomonidan moliyalashtirilgan ta’sir tarmog‘i» 

Yevropalik siyosatchilarning poraxo‘rligi bilan bog‘liq yangi mojaro markazida Voice of Europe - voiceofeurope.com e’tiborga molik bo‘lmagan yangiliklar sayti turibdi. Bugun sahifa ishlamayapti, lekin unga tashrif buyuruvchi bugungi kungacha hech qanday g‘alati narsani sezmagan bo‘lishi mumkin, ehtimol siyosat, iqtisod va turli siyosiy bo‘lmagan mavzular haqidagi boshqa ommaviy axborot vositalarining xabarlari qayta nashr etilishidan tashqari. Ammo Der Spiegel haftalik jurnali jurnalistlari diqqat bilan o‘rganib chiqqach, saytdagi yangiliklar ko‘pincha sun’iy intellekt tomonidan yozilganga o‘xshab ko‘rinishini, sahifaning manba kodi kirill alifbosi yordamida yaratilganini va sahifadagi qidiruvlar rus tilida ekanini aniqladi. Saytda yevropalik siyosatchilar, birinchi navbatda o‘ng qanot populistik partiyalar bilan ko‘plab intervyularni topish mumkinligi ham diqqatni tortgan.

Chexiya Xavfsizlik va axborot xizmati (BIS) ma’lumotlariga ko‘ra, gap nafaqat internet-sayt haqida, balki Chexiya Respublikasida Rossiyadan moliyalashtirilgan ta’sir ko‘rsatish tarmog‘ining faoliyati haqida bormoqda. Der Spiegel nashriga ko‘ra, chexlarga yana bir qancha Yevropa razvedka xizmatlari yordam bergan. Bu tarmoqning markazida, Chexiya rasmiylari fikricha, Ukrainaning rossiyaparast «Muxolifat platformasi - hayot uchun» partiyasining sobiq rahbari Viktor Medvedchuk turgan. Ukrainada davlatga xiyonat qilishda ayblangan, biroq keyinchalik harbiy asirlarni almashish paytida Rossiyaga borishga ruxsat berilgan Medvedchukka qarshi Chexiya rasmiylari 27 mart kuni shaxsiy sanksiyalar kiritdi. 

«Biz Chexiya Respublikasida Rossiya tomonidan moliyalashtirilgan ta’sir qilish tarmog‘i faoliyatini aniqlashga muvaffaq bo‘ldik», dedi 27 mart kuni Pragada bosh vazir Petr Fiala. Fialaning aytishicha, bu tarmoqdan maqsad Yevropa davlatlarining siyosatiga ta’sir o‘tkazishga urinishdir. Chexiya rasmiylari ukrainalik prodyuser, «112 Ukraina» yangiliklar kanalining sobiq bosh prodyuseri Artem Marchevskiyni Medvedchukning yordamchisi va saytning haqiqiy boshqaruvchisi deb biladi. Unga qarshi ham sanksiyalar qo‘llangan. 

Voice of Europe tarmog‘i nima qilgan? 

Voiceofeurope.com sayti muntazam ravishda yevropalik siyosatchilarning Ukrainaga yordamni to‘xtatish haqidagi chaqiriqlarini chop etgan. Shuningdek, xabarlar bilan bir qatorda, sayt homiyligida turli seminarlar va konferensiyalar o‘tkazilgan, ularning ishtirokchilari rossiyaparast pozitsiyalarni tarqatgan, deya ta’kidladi Praga xalqaro munosabatlar instituti direktori Yan Kovarj DW bilan suhbatda. Chexiyaning Denik N gazetasiga ko‘ra, saytda e’lon qilgan yoki intervyu berganlarning ba’zilariga buning uchun pul to‘langan, bu ba’zi hollarda iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Yevropa parlamentiga saylovlar uchun tashviqot xarajatlariga mos keladi. Der Spiegel ma’lumotlariga ko‘ra, pul Pragadagi shaxsiy uchrashuvlar paytida yoki kriptovalutadan foydalangan holda berilgan. Chexiyaning Denik N gazetasi yozishicha, oluvchilar qatoriga olti davlat – Germaniya, Belgiya, Fransiya, Vengriya, Niderlandiya va Polsha siyosatchilari kirgan. 

Chexiyalik jurnalistlar pul oluvchilarning aniq ismlarini aytmadi, lekin ta’kidlashicha, sayt, xususan, «Germaniya uchun muqobil» (GuM) o‘ng qanot populistik nemis partiyasi siyosatchisi - Yevropa parlamenti a’zosi Maksimilian Kra, shuningdek Bundestag deputati Petr Bistron bilan intervyularni chop etgan. Kra o‘tmishda Medvedchuk bilan aloqada bo‘lgan - u tug‘ilgan kunga taklif qilingan va davlatga xiyonatda ayblanib, uy qamog‘iga olingandan keyin Kiyevga uni ko‘rgani tashrif buyurgan.

Musodara qilingan pul, Yevroparlamentga «noqonuniy ta’sir»

Yevropalik siyosatchilarning poraxo‘rligiga oid ayblovlar hozircha pul o‘tkazmalari bilan tasdiqlanmadi. Shuningdek, siyosatchilar qaysi holatlarda mukofotlangani va qaysi holatda mukofotlanmagani ham aniq emas. Ammo bu ishda deklaratsiya qilinmagan moliyaviy aktivlar ishtirok etgani bilvosita sayt egalaridan biri joylashgan Polshadagi tintuvlar fakti bilan tasdiqlanadi. Dpa axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 28 mart kuni Varshava va Tixi shahrida tintuv o‘tkazgan ABW Polsha razvedka xizmati xodimlari 48,5 ming yevro va 36 ming dollarni musodara qilgan. Maxfiy xizmat xodimlari tintuvlarni bevosita Voice of Europe ishi bilan bog‘ladi.

Shu bilan birga, Maksimilian Kra Der Spiegel tomonidan so‘ralganda, poraxo‘rlik gumonlarini rad etib, «albatta, o‘zi uchun ham, partiya uchun ham pul olmagani» va go‘yo Pragadagi mehmonxona uchun o‘zi to‘laganini bildirdi. Bistron Der Spiegel jurnalistlarining so‘roviga javob bermadi. Kra va Bistron Yevroparlament saylovlari uchun GuM ro‘yxatida birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallagan.

«Rossiya rus propagandasi uchun pul to‘lagan» 

Moskva tomonidan moliyalashtirilgan Voice of Europe veb-saytining fosh etilishi Rossiyaning Yevroparlamentga «noqonuniy ta’siri»dan dalolat beradi, deya ma’lum yildi Germaniya hukumati Praga qaroriga va matbuot nashrlariga javoban. «Tarmoq Yevropaning bir qancha davlatlaridan bo‘lgan siyosatchilardan foydalangan va ular ixtiyoriga katta miqdorda mablag‘ ajratgan», — deyiladi Germaniya IIV vakili bayonotida. 

Bu ma’lumotni 28 mart, payshanba kuni Belgiya bosh vaziri Aleksandr De Kro tasdiqladi. «Masalan, ma’lum bo‘lishicha, Rossiya Yevroparlament a’zolariga murojaat qilgan, biroq bu yerda rus propagandasini targ‘ib qilish uchun pul bergan», – dedi u Belgiya parlamentidagi debatlar chog‘ida. U deputatlarning ismlarini aytmadi, lekin shu haftada Belgiya va Chexiya maxsus xizmatlari o‘rtasida Rossiya tashviqot tarmog‘ini yo‘q qilish bo‘yicha «yaqin hamkorlik o‘rnatilgani»ni ta’kidladi, deya ta’kidlaydi Politico. 

Ayni paytda, Yevroparlament matbuot xizmati DW’ga ma’lum qilishicha, u Yevropa Ittifoqining boshqa institutlari bilan birgalikda Chexiya rasmiylari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarni o‘rganmoqda. Yevroparlament, shuningdek, sanksiya qo‘llangan ommaviy axborot vositalariga parlament audio va video platformalaridan foydalanish va uning hududida bo‘lish taqiqlanganini eslatdi. Avvalroq, 8 fevral kuni Yevroparlament Rossiyaning Yevropa Ittifoqidagi ta’siri bilan bog‘liq rezolyutsiyani qabul qilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: