BMT Xalqaro sudi 28 mart, payshanba kuni Janubiy Afrika Respublikasining Isroilga qarshi da’vosi bo‘yicha bir qator qo‘shimcha vaqtinchalik choralar haqida qaror chiqardi hamda Isroil armiyasidan G‘azoda falastinliklarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikni talab qildi.
«Sud Isroildan o‘z qurolli kuchlari G‘azo sektoridagi falastinliklarning huquqlarini buzuvchi har qanday xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasligini, shu jumladan, shoshilinch insonparvarlik yordamini yetkazishga xalaqit bermasligini zudlik bilan ta’minlashni talab qiladi», deyiladi sud matbuot relizida.
Bundan tashqari, sud Isroilni kechiktirib bo‘lmas asosiy xizmatlar va gumanitar yordamni uzluksiz ta’minlash uchun barcha choralarni ko‘rishga chaqirdi. Sud qaroriga ko‘ra, Isroil G‘azodagi turar joy sektorini himoya qilish majburiyatiga ega.
Sud qarori bilan qabul qilingan yangi vaqtinchalik choralar 26 yanvardagi qarorda ko‘zda tutilganlarga qo‘shimcha hisoblanadi. O‘shanda sud Isroilga G‘azo sektoridagi falastinliklarni himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rishni buyurgandi. Haaga sudi, shuningdek, Isroilga BMTning Genotsid jinoyatining oldini olish va uning uchun jazolash to‘g‘risidagi konvensiyasiga taalluqli bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlardan tiyilishni, Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) G‘azo sektorida genotsid harakatlarini sodir etmasligini ta’minlashni buyurgan.
Shunga qaramay, birinchi qaror chiqqan 26 yanvardan keyin G‘azodagi falastinliklarning yashash sharoiti faqat yomonlashgan.
G‘azoda ocharchilik boshlangan
BMT sudining navbatdagi qarori G‘azo sektorida ocharchilik yoyilayotgan bir vaqtda yangramoqda.
Jahon oziq-ovqat dasturi va boshqa tashkilotlar o‘tgan hafta e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, G‘azoda falokatli vaziyat rivojlanib boryapti. Xususan, sektorning 2,2 million aholisi “oziq-ovqat yetishmovchiligining o‘tkir darajasini boshdan kechirmoqda”. May oyi oxirigacha G‘azo shimolida ocharchilik avj olishi kutilyapti.
Xalqaro sud qarorida ta’kidlanishicha, g‘azoliklar endilikda “ortiq ocharchilik xavfi bilan yuzlashayotgani yo‘q”, balki u yerda “ocharchilik allaqachon boshlangan”. BMT kuzatuvchilariga ko‘ra, sektorda 31 kishi, xususan 27 nafar bola allaqachon oziq-ovqat yetishmovchiligidan vafot etgan.
Sud, shuningdek, BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turkning o‘tgan haftadagi hisobotidan ham iqtiboslar keltirgan. Unga ko‘ra, G‘azoda kuzatilayotgan ocharchilik – “insonparvarlik yordamlari va tijoriy yuklarning kirib kelishi va tarqatilishiga nisbatan Isroilning keng ko‘lamli cheklovlari, aholining aksariyati yashash joyidan ko‘chirilgani, shuningdek, eng muhim fuqarolik infratuzilmalarining vayron etilgani oqibatidir”.
Folker Turk BBC'ga bergan intervyusida aytishicha, Isroil ocharchilikni G‘azodagi urushda qurol qilib ishlatayotganini ko‘rsatuvchi ishonchli holatlar bor va bu o‘z isbotini topgan taqdirda, urush jinoyati deya e’tirof etiladi.
O‘tgan oylarda G‘azo sektoriga Misr tomondan kirishda yuk avtomobillarining uzun navbatlari kuzatildi. Kuzatuvchilar Isroil tomonini bu yuklarni murakkab va o‘zboshimcha tekshiruvlardan o‘tkazishda ayblab keladi.
Isroil tomoni esa yordamlarning aksariyati HAMASning qo‘liga borib tushishini da’vo qilib, BMTni insonparvalik yordamlari tinch aholiga yetib borishini ta’minlay olmaslikda ayblaydi.
BMT sudining navbatdagi qaroridan keyin Isroil Tashqi ishlar vazirligi yana bir bor G‘azoga insonparvarlik yordami olib kirilishini bloklab qo‘ygani haqidagi tanqidlar “mutlaqo asossiz” ekanini aytib chiqdi. Idoraga ko‘ra, Isroil BMT va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda G‘azoga “quruqlik, havo va dengiz orqali” davomli ravishda yuklar kirib kelishining “yangi choralarini qo‘llab-quvvatlash va amalda mavjudlarini kengaytirish”da davom etmoqda.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti – «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi, keyinroq quruqlik operatsiyasi boshlandi. Mojaro avj olgandan beri 32 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi.