Armanistonda rossiyalik targ‘ibotchi Vladimir Solovyovning RTR-Planeta telekanalidagi tok-shousi ko‘rsatuvlari bloklanadi. Bu haqda Armaniston televideniye va radioeshittirish tarmog‘iga tayanib, mahalliy OAV xabar berdi.
Gap «Vecher s Vladimirom Solovevym» va «Voskresnyy vecher s Vladimirom Solovevym» dasturlari haqida ketyapti. Shu bilan birga, RTR-Planeta telekanali Armaniston hududida taqiqlanmaydi.
Armaniston tomoniga ko‘ra, bunday qaror ommaviy kommunikatsiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi arman-rus kelishuvi bandlarining doimiy ravishda buzilgani sababli qabul qilingan. Shartnoma moddalariga ko‘ra, «jamoat telekanallari va radiostansiyalari efirida tomonlar bir-birining ichki siyosiy hayotiga aralashuvga yo‘l qo‘ymasliklari, shuningdek, xalqlar va davlatlarga nisbatan haqoratomuz mazmundagi ko‘rsatuvlarni chiqarib tashlashlari shart».
Armaniston Solovyov aynan qanday qoidabuzarlik sodir qilganiga ochiqlik kiritmagan. Biroq, so‘nggi paytlarda targ‘ibotchi respublika haqida haqoratomuz iboralarni muntazam ravishda aytib kelayotgan edi.
Solovyov Armaniston rasmiylarining o‘z ko‘rsatuvlarini taqiqlash haqidagi qarorini «so‘z erkinligining buzilishi» deb atadi. Uning qayd etishicha, Armaniston fuqarolarining aksariyati rus tilini biladi va ruscha dasturlarni tinglash va tomosha qilishga odatlangan.
Avvalroq, Armaniston rossiyalik targ‘ibotchilarning bosh vazir Nikol Pashinyanga qarshi ko‘plab tanqidlari sababli KXShT a’zoligini muzlatib qo‘ygan edi. Bundan tashqari, mart oyida Armaniston Rossiyaga Zvartnots aeroportida rossiyalik chegarachilar faoliyatini to‘xtatish uchun rasmiy xat yuborib, Rossiya bilan hamkorlikni qisqartirish yo‘lida yana bir qadam tashladi.