AQSh razvedka idoralari Moskvadagi terakt xavfi haqidagi ma’lumotlarning faqat bir qismini Rossiyaga taqdim etgan, deb xabar berdi The New York Times (NYT) gazetasi 28 mart, payshanba kuni Amerika ma’muriyatidagi manbalarga tayanib. «Vashington va Moskva o‘rtasidagi dushmanlik munosabatlari Rossiya rasmiylari razvedka manbalari yoki usullarini o‘rganishi mumkinligidan xavfsirab, Qo‘shma Shtatlarga (terrorchilarning) rejasi haqida zarur bo‘lganidan tashqari biron bir qo‘shimcha ma’lumot berishga to‘sqinlik qildi», deb yozadi NYT.
Nashr suhbatdoshlarining fikricha, Rossiya mart oyi boshida yaqin 48 soat ichida terakt sodir etish xavfi yuqoriligi haqida ma’lumot olgan holda, asosiy e’tiborni vaqt oralig‘iga qaratdi va bu vaqt ichida hujum sodir bo‘lmaganida esa ogohlantirish ishonchsizlik bilan qabul qilindi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov nashrga izoh berish so‘roviga javoban Kreml bu haqda hech narsa bilmasligini aytdi. Shu bilan birga, u NYT materiallariga «juda ehtiyotkorlik bilan» munosabatda bo‘lishga chaqirdi.
Bortnikov: AQSh ma’lumotlari umumiy xususiyatga ega edi
AQShning Rossiyadagi elchixonasi 7 mart kuni «ekstremistlar yaqin kunlarda Moskvada odamlar yig‘iladigan katta tadbirlar, jumladan, konsertlarga hujum qilishni rejalashtirayotgani» haqida xabar berib, o‘z fuqarolarini odam gavjum joylarga bormaslikka chaqirdi. «Krokus Siti Xoll»dagi teraktdan so‘ng, FSB direktori Aleksandr Bortnikov AQSh razvedka xizmatlari Rossiya tomonini yaqinlashib kelayotgan hujum haqida ogohlantirganini tan oldi, ammo u o‘sha paytda tasdiqlanmagan «umumiy xarakterdagi ma’lumot» bo‘lganini aytdi.
«Bu umumiy xarakterdagi ma’lumot - fuqarolarning ommaviy yig‘iladigan joylarida terrorchilik akti tayyorlanayotgani haqida. Biz bu ma’lumotlarga javob qaytardik va, albatta, buning oldini olish uchun tegishli choralar ko‘rdik. Afsuski, bizning aniq guruhlar va aniq shaxslarga nisbatan amalga oshirilgan harakatlarimiz – o‘sha paytda bu ma’lumot tasdiqlanmadi», — dedi Bortnikov 26 mart kuni jurnalistlarga.
Ogohlantirishlarga munosabat
FSB direktorining so‘zlariga ko‘ra, terakt konsertda emas, prezidentlik saylovlari vaqtida rejalashtirilgani haqida ma’lumotlar bor edi. «Hozir sodir bo‘lgan voqea, afsuski, keyingi hujumdir», dedi Bortnikov.
«Krokus»ga qilingan hujumdan uch kun oldin Rossiya rahbariyati RFda teraktlar sodir etilishi mumkinligini «provokatsion» bayonotlar deb ta’rifladi. «Bularning barchasi ochiqdan-ochiq shantaj va jamiyatimizni qo‘rqitish va beqarorlashtirish niyatiga o‘xshaydi», dedi prezident FSB yig‘ilishida.
«Krokus Siti Xoll»dagi terakt
Moskva yaqinidagi Krasnogorskda «Krokus Siti Xoll» konsert zalida terakt 22 mart kuni kechqurun sodir bo‘lgan, o‘shanda bir necha kishi konsert tomoshabinlariga qarata o‘t ochdi, so‘ng yong‘in boshlandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, terakt oqibatida 143 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar shifoxonalarda.
Rossiya FSB direktori Aleksandr Bortnikovning aytishicha, «Krokus»dagi teraktdan so‘ng 11 kishi, jumladan, jinoyatning to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirokchisi bo‘lgan 4 kishi qo‘lga olingan. Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqin bo‘lgan Rossiya xavfsizlik xodimlari Ukrainani teraktga aloqadorlikda aybladi. Kiyev voqeaga aloqadorligini rad etyapti.
Moskva yaqinidagi konsert zaliga uyushtirilgan hujum uchun javobgarlikni IShID terrorchilik guruhi o‘z zimmasiga oldi. AQSh Davlat departamenti mamlakat razvedka xizmatlariga tayanib, bu iqrorni haqiqiy deb bilishini bildirdi.