Yaponiyaning Oji Holdings kompaniyasi mamlakatda bolalar tagliklarini ishlab chiqarishni to‘xtatadi va asosiy e’tiborni kattalar bozoriga qaratadi. Bu haqda kompaniya saytida xabar berilgan.
«Oji Nepia shu’ba korxonasi Oji Holdings shu yilning sentabr oyida o‘zining bolalar uchun bir martalik tagliklar biznesini to‘xtatishga qaror qildi. Yaponiyada biz kattalar uchun bir martalik tagliklar biznesimizni kuchaytiramiz», deyiladi xabarda.
Biroq kompaniya ushbu mahsulotlarni xorij bozorlarida, xususan, bozor hajmi o‘sishda davom etayotgan Malayziya va Indoneziyada ishlab chiqarishni davom ettirish va kengaytirish niyatida.
Oji Holdings Yaponiyada shunday qaror qabul qilgan oxirgi kompaniyadir, deya ta’kidlaydi BBC.
Mamlakat tez qarimoqda va tug‘ilish darajasi rekord darajada past. Yaponiyada kattalar tagliklari o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida bolalar tagliklarinikidan ko‘proq sotilmoqda.
2023 yilda Yaponiyada tug‘ilgan chaqaloqlar soni – 758 631 nafar – o‘tgan yilga nisbatan 5,1 foizga kamaygan. Bu, shuningdek, XІX asrdan buyon Yaponiyada tug‘ilganlar sonining eng past ko‘rsatkichidir. 1970-yillarda bu ko‘rsatkich 2 milliondan oshgan.
Oji Holdings bayonotida aytilishicha, uning shu’ba korxonasi Oji Nepia hozirda yiliga 400 million bolalar tagliklarini ishlab chiqaradi. Ishlab chiqarish 2001 yildan beri pasayib bormoqda, o‘shanda kompaniya 700 million taglik ishlab chiqargan.
2011 yilda Yaponiyaning eng yirik tagliklar ishlab chiqaruvchi Unicharm shirkati o‘zining kattalar uchun taglik mahsulotlari sotuvi bolalar mahsulotidan oshib ketganini ma’lum qilgandi.
Ayni paytda, kattalar uchun tagliklar bozori o‘sib bormoqda va uning qiymati 2 milliard dollardan oshadi. Yaponiya hozirda dunyodagi eng keksa aholiga ega davlatlardan biri bo‘lib, yaponlarning qariyb 30 foizi 65 va undan katta yoshda. O‘tgan yili mamlakatda 80 yoshdan oshganlar salmog‘i birinchi marta 10 foizdan oshdi.