Oq uy Rossiya rasmiylarining «Krokus Siti Xoll» konsert zalidagi terrorchilik harakatiga Ukrainaning aloqadorligi haqidagi bayonotlarini «bema’nilik» va «targ‘ibot» deb atadi.
Oq uyning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jon Kirbi brifingda hujum uchun mas’uliyat faqat IShID zimmasida ekanini aytdi.
«Men Kreml va Rossiya hukumati tomonidan so‘nggi bir necha kun ichida IShID terrorchilik guruhining konsert zaliga uyushtirilgan va afsuski, 140 nafardan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan teraktiga oid bema’ni gaplar va tashviqotlarga javob bermoqchiman», deb Kirbi so‘zlarini keltirdi The Hill.
Uning ta’kidlashicha, «ushbu hujum uchun javobgarlik faqat IShID zimmasida».
«Bu menga kichik fermasi bo‘lgan amakimning bir gapini eslatdi. <…> Uning so‘zlariga ko‘ra, eng yaxshi go‘ng sotuvchisi ko‘pincha og‘zida namuna olib yuradi. Rossiya amaldorlari go‘ng sotuvchilariga o‘xshayapti», dedi Kirbi.
Uning so‘zlarini Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova izohladi.
«Rus tilida bunday maqollar yo‘q, chunki «go‘ng»ni faqat okean ortidagilar og‘zida olib yuradi, bu yerdagilar emas. Ammo bizning boshqa naqlimiz bor: «Kimning qayeri og‘risa, o‘sha joyi haqida gapiradi». Aytgancha, nega shtatlarda «og‘izni sovun bilan yuvish» iborasi keng tarqalganligi ma’lum bo‘ldi», deb yozdi Zaxarova ijtimoiy tarmoqda.
Rossiya rasmiylari 22 mart kuni Moskva yaqinidagi «Krokus Siti Xoll» konsert zalida sodir bo‘lgan teraktga Ukrainaning aloqadorligini ta’kidlashmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin hujumning to‘rt nafar aybdori Ukrainaga ketayotganida qo‘lga olinganini, Ukraina tomoni go‘yoki ular chegarani kesib o‘tishi uchun «tuynuk» tayyorlaganini aytdi. FXX direktori Aleksandr Bortnikov va Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev ham teraktda Ukrainaning ishtirok etishi mumkinligi haqida gapirdi.
Ukraina rasmiylari teraktga aloqadorligini rad etib kelmoqda.
Avvalroq, hujum uchun javobgarlikni «Viloyati Xuroson» nomli IShID yacheykasi o‘z zimmasiga olgan edi.