Qanday qilib bir necha ming kishi ishtirokidagi tadbirni (konsert zal 7 mingdan ortiq tomoshabinga mo‘ljallangan) qo‘riqlash uchun faqat o‘zini o‘zi mudofaa qilish vositalarigina ajratilgandi? Nima uchun aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan xavfsizlik kuchlari soni bo‘yicha dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan birini qayd etgan Rossiya poytaxti regionida kerakli pallada tinch aholini himoya qila oladigan qurollangan odamlar yetib kelmadi? Rossiya hukumati nima uchun AQShning Moskvada terakt tayyorlanayotgani to‘g‘risidagi ogohlantirishini e’tiborsiz qoldirdi?
Rossiya rasmiylari uchun yoqimsiz bo‘lgan ushbu savollarga haligacha aniq javoblar yo‘q.
Qurolli hujum to‘g‘risida xabar berilganda maxsus bo‘linmalar qanday harakatlanishi lozim?
FXXning o‘ta xavfli jinoyatchilarni qo‘lga olish va garovga olinganlarni ozod etishga ixtisoslashgan, shaxsi sir qoldirilishini so‘ragan iste’fodagi zobiti BBC bilan suhbatda bunday vaziyatlar uchun maxsus xizmatlarning harakatlari instruksiyalarda aniq belgilab qo‘yilganini aytgan.
«Hozir uzoq cho‘ziluvchi tasdiqlash jarayoni yo‘q. Navbatchi pultiga otishma, garovga olinganlar haqida ma’lumot yetib kelishi bilan u buyruq beradi, doimo jangovar shaylik holatida turadigan birinchi guruh zudlik bilan voqea joyiga yo‘l oladi, qolgan jangovar guruhlar trevoga bo‘yicha joyidan qo‘zg‘aladi.
Birinchi guruh komandiri sharoitga ko‘ra harakat qiladi, zarurat tug‘ilganda qo‘shimcha kuchlar olib kelinadi, operativ shtab tashkil etiladi, keyingi qarorlar shu yerda qabul qilinadi.
Birinchi, navbatchi guruhning vazifasi — imkon qadar tezroq yetib borish. Farqi yo‘q — xoh vertolyotda bo‘lsin, xoh mashinada. Agar bunday imkoniyat bo‘lmasa — eshakka minib bo‘lsa-da, borish kerak», — deydi maxsus xizmatlarning sobiq xodimi.
Rosgvardiyaning Maxsus tezkor javob qaytarish otryadi (SOBR) «Krokus»ga qachon yetib kelgan?
SOBR jangchilari bino ichiga kirgani haqida birinchi bo‘lib soat 21:32 da Mash telegram-kanali xabar tarqatdi, bu politsiya va maxsus xizmatlarga yaqin manba hisoblanadi.
Shubhasiz, binoga kirish bundan oldinroq ro‘y bergan, ma’lumotni qayta ishlash va nashr etishga ma’lum vaqt ketgan. Bo‘linma voqea joyiga yetib kelgan zahoti «Krokus» ichkarisiga kira olmasligi ham tushunarli, jangchilar nima bo‘layotganini tushunib olishi, yo‘nalishlarni belgilashi, atrofni o‘rganishi, binoni o‘rab olishi hamda ehtimoliy chekinish yo‘llarini to‘sishi talab etilardi.
TASS muxbiri voqea joyidan bergan xabarga ko‘ra, Rosgvardiyaning maxsus bo‘linmalari xodimlari soat 21:06 da yetib kelgan. Bu aniq ma’lumot bo‘lmasligi mumkin — ayrim videoyozuvlarda maxsus signalli mashinalar soat 20:30 da bino atrofida bo‘lganini ko‘rish mumkin. Ammo qorong‘i vaqtda bunday mashinalar qaysi idoralarga mansub ekanini aniq aytib bo‘lmaydi.
Bitta narsa aniq — bu vaqtda jangarilar binoda emasdi va shturm haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu vaqtga kelib shturm qilinadigan hech kim yo‘q edi, maxsus xizmatlarning amaliyoti mohiyatan qutqaruv amaliyoti edi. Ular binoga kirganidan yarim soat o‘tganida tom qulashni boshlaydi.
Dushanba kuni Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin Vladimir Putinga «Krokus»ga hujumning tekshirilishi bo‘yicha hisobot berdi va hujum qilganlar binoga soat 19:58 da yetib kelgani, u yerni soat 20:11 da tark etganini aytdi. OAV hisoblariga ko‘ra esa jangarilar binoda bundan ko‘proq vaqt qolishgan — taxminan 18 daqiqa.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, tez yordam va favqulodda xizmatlarga birinchi chaqiruvlar soat 20:01 da kelib tusha boshlagan. «Krokus Siti Holl»dagi otishma to‘g‘risidagi ilk xabar esa telegram-kanallarda soat 20:05 atrofida paydo bo‘lgan.
Rosgvardiya qo‘shinlarining Moskvadagi bosh boshqarmasi bazasi qo‘shni Strogino rayonida, «Krokus Siti Holl»dan uch kilometr masofada joylashgan. Albatta, juma kuni kechqurun Moskvada barcha ko‘chalarda tirbandliklar yuzaga keladi, Moskva halqa avtomobil yo‘lida bu vaqtda harakat to‘xtab qoladi. Shu bilan birga, Stroginodan «Krokus»ga yetib kelish uchun aynan shu yo‘ldan yurish shart emas, Myakininskiy proyezdidagi ko‘prik orqali kelsa ham bo‘ladi.
Jangovar bo‘linma 3 km masofani piyoda, hatto to‘liq jihozlari bilan ham 15 daqiqada bosib o‘tishi mumkin edi.
2002 yilda, chechen jangarilari Dubrovkadagi Teatr markazini egallab olganida, OMON va SOBR xodimlari voqea joyiga taxminan 55 daqiqadan keyin yetib kelgandi.
Ammo o‘shanda vaziyat boshqacha bo‘lgan, maxsus xizmatlarning dastlabki bosqichdagi sust harakatlanishi keyingi voqealar rivojiga ta’sir ko‘rsatmagandi. O‘shanda jangarilar tomoshabinlar va spektakl ijrochilarini garovga olishgan, siyosiy talablarini ilgari surishgan, ular bilan muzokaralar olib borishga harakat qilingan edi.
Bu safar voqealar rivoji butunlay boshqa ssenariyda kechdi va xavfsizlik kuchlari bunga tayyor emasligi ayon bo‘ldi.
SOBR jangchilari «Krokus Siti Holl»ga odatiy chaqiruv sifatida yo‘l olgani ham istisno etilmaydi. O‘tgan haftaning o‘zida Rosgvardiyaning poytaxt bo‘yicha boshqarmasi xodimlari «Trevoga» signali bo‘yicha 4 mingdan ortiq marta chiqib kelishgan, deyiladi idora saytidagi xabarda.
Oddiy politsiyachilar qayerda bo‘lgan?
Yanada yaqinroq joyda — qo‘shni bino «Krokus-Ekspo»da — Krasnogorsk rayoni Pavshino politsiya bo‘limi joylashgan.
«Bu qandaydir tayanch nuqta emas, balki katta bo‘lim. Ularning „Ekspo“ binosi yonida shlagbaumli avtoturargohi bor, u yerda odatda ushbu bo‘limning 12-15 ta mashinasi turadi, — degan VChK-OGPU telegram-kanali manbasi. — Ularning patrullari butun Pavshino hududini nazorat qiladi. Ularning o‘z pasport stoli, o‘z qurol-yarog‘ xonasi bor. Xodimlari soni ko‘p.
Bu sharmandalik. Agar bu politsiyachilar guruhi odamlarga yordamga kelganida, shak-shubhasiz ularni qutqargan bo‘lishardi. Politsiya xodimlari shunchaki qo‘rqoqlik qilishgan», — degan manba.
Rossiya IIV rasmiy vakili Irina Volk tasdiqlashicha, politsiya xodimlari vazirlikning Krasnogorsk bo‘yicha boshqarmasi navbatchilik qismiga otishma to‘g‘risida xabar kelib tushganidan besh daqiqa o‘tib voqea joyiga yetib borgan.
Uning bu so‘zlari politsiyachilar «Krokus Siti Holl»dagi favqulodda hodisaga kerakli darajada reaksiya qilmagani to‘g‘risidagi postlarga, shuningdek go‘yoki politsiyachi-kinolog xizmat iti bilan birgalikda otishma boshlanishi bilan voqea joyini tark etayotgani aks etgani aytilgan videoyozuvga munosabat sifatida yangradi.
«Ko‘rsatilgan ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Videodagi kamuflyaj forma kiygan va it yetaklagan shaxs ichki ishlar organlariga aloqador emas», — degan Volk.
U navbatchilik qismiga chaqiruv qachon kelib tushganiga aniqlik kiritmagan, ammo uning politsiyachilar otishma joyiga tezda yetib kelgani to‘g‘risidagi da’vosini guvohlar ham, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ko‘plab videoyozuvlar ham tasdiqlamaydi. Qolaversa, u holda hujum qilganlar xotirjamlik bilan yashirina olmasdi.
IIVning it yetaklagan erkak masalasidagi bayonoti esa hujumdan bir necha daqiqa oldinroq olingan videoyozuv orqali tasdiqlangan, bu kadrlarda unda kinologiya xizmati shevronlari yo‘qligini ko‘rish mumkin — u katta ehtimol bilan xususiy qo‘riqlash kompaniyasi xodimi bo‘lgan.
Ammo Baza telegram-kanalida joylashtirilgan o‘sha videoda it yetaklab ketayotgan kishi yonida politsiyachi formasidagi odam ham aks etgan. U hujum vaqtida binoda bo‘lgani va yonida qurol olib yurgani — noma’lum, boshqa videoyozuvlarda u ko‘rinmagan.
«Umuman olganda, bunday ommaviy tadbir, ayniqsa Rossiya ikki yildan buyon urush olib borayotgani hisobga olinsa, politsiya hamrohligida o‘tkazilishi kerak edi. Kamida bitta naryad qurollangan holda kirish qismida navbatchilik qilishi kerak edi, — deydi BBC bilan suhbatda FXX maxsus bo‘linmasining iste’fodagi zobiti. — Agar qo‘shni binoda politsiya bo‘linmasi joylashgan bo‘lsa, politsiya bu yerga birinchi bo‘lib yetib kelishi shart edi. Nima uchun oldindan xavfsizlik choralari ko‘rilmagan, nima uchun tomi ketgan ahmoqlar 20 daqiqa davomida daydib, o‘t ochib yurganida ushbu politsiyachilar darhol shu yerga otlanmaganini tushuna olmayman. Tartibsizlik yoki qo‘rqoqlik, bu holatda ikkisi ham bir».
«Bular hatto qo‘riqchi emas»
«Krokus Siti Holl»ni «Krokus Profi» nomli xususiy qo‘riqlash kompaniyasi qo‘riqlaydi. Binoga kirish qismidagi va uning ichkarisidagi qo‘riqchilarda ham jangovar qurollar bo‘lmagan. Qo‘riqchilarning ayrimlari yashirinishga ulgurgan, qolgani darhol otib tashlangan.
«Terrorchilar kirish qismining chap tomonidan kirishgan. Ular, bilasizmi, shoshilmasdan harakatlanishdi. Katta ehtimol bilan, hech qanday qo‘riqlash yo‘qligidan xabardor bo‘lishgan, — degan guvohlardan biri Kreml pulidagi jurnalist Andrey Kolesnikovga. — Qo‘riqchi shunchaki sumkalarni tekshirgan, biz kinolog kishini ko‘rdik va bir politsiyachi turardi… Bu dahshat, albatta, dahshat…»
«Zalga eshik orqali emas, ko‘rgazma markazining qo‘shni binosi oynasi orqali kirishgan. Avtomatlarini qiya ko‘targan holda. Ko‘ringan hammani ota boshlashgan. Hamma odamlarni, qo‘riqchilarni. Bir qo‘riqchi o‘lgan, ikkinchisi yaralangan. Bular hatto qo‘riqchilar ham emasdi. Ularni bizda „kontrolerlar“ deb atashadi», — degan RBK telekanaliga «Krokus Siti Holl» xo‘jayini Araz Agalarov.
Davlat dumasi deputat, Rosgvardiya direktori maslahatchisi Aleksandr Xinshteyn «Krokus Siti Holl»dagi qo‘riqchilar hatto maxsus vositalarsiz xizmat qilganini tasdiqlagan. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, «Krokus Profi» xususiy qo‘riqlash kompaniyasining qo‘shni binoda ko‘plab jangovar qurollari bo‘lgan — o‘nlab «IJ-71» to‘pponchalari hamda o‘zi o‘qlanadigan «Sayga-20KV» miltiqlari.
O‘sha yerda tezkor reaksiya ko‘rsatish guruhi joylashgan, ammo u reaksiya ko‘rsatmagan, degan Xinshteyn.
Shu bilan birga, uning o‘zi Rosgvardiya xodimlari fojia haqidagi ilk xabardan 15 daqiqa o‘tib «Krokus Siti Holl»ga yetib kelganini aytgan.
Konsertlar va ommaviy tadbirlarni qo‘riqlash bo‘yicha xususiy harbiy kompaniya sobiq direktori Ivan Rudin «Voyenniy osvedomitel» telegram-kanaliga ma’lum qilishicha, hech kim qo‘riqchilarga qurolli hujumga qarshi harakatlanish vazifasini qo‘ymaydi.
«Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, qo‘riqchi ommaviy tadbirlar joyida o‘qotar qurol bilan xizmat qilmasligi kerak. Qo‘riqchilarga ko‘p sonli odamlar to‘plangan vaqtda o‘qotar qurol qo‘llash taqiqlanadi. Ya’ni perimetr ichkarisida qo‘riqchi qurolsiz bo‘lishi kerak», — degan qo‘riqlash kompaniyasi sobiq direktori.
«Chindan ham, qonun bo‘yicha — bugungi kunda xususiy qo‘riqlash tashkilotlari jamoat obektlarida qurolli postlar o‘rnatmasligi lozim. Qonun bunday obektlarni qo‘riqlovchi xususiy qo‘riqlash tashkilotlariga faqat o‘z arsenalida xizmat qurollariga ega bo‘lish majburiyatini yuklaydi», — deya bu gaplarga qo‘shiladi deputat Xinshteyn. Uning fikricha, bu qonunni o‘zgartirish lozim.
FXX nima deydi?
Qo‘shma Shtatlar mart oyi boshida Moskvada terakt sodir etishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqidagi razvedka ma’lumotini Rossiya hukumatiga yetkazgandi.
«Shu oy boshida AQSh hukumati Moskvada ommaviy yig‘ilishlar, jumladan konsertlarni ham nishonga olishi mumkin bo‘lgan terrorchilik hujumi tayyorlanayotgani to‘g‘risida ma’lumot oldi, natijada Davlat departamenti Rossiyada bo‘lib turgan amerikaliklar uchun ogohlantirish e’lon qildi», — deya Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Edriyenn Uotsonning so‘zlarini keltirgan Reuters.
«AQSh hukumati azaliy „majburiy ogohlantirish“ siyosatiga muvofiq ushbu ma’lumotni Rossiya hukumati bilan bo‘lishdi», — deyiladi uning bayonotida.
CNN telekompaniyasi o‘z manbasiga asoslangan holda AQSh razvedkasi Moskvani Rossiyada IShID terakt sodir etishga tayyorlanayotgani to‘g‘risida ogohlantirganini xabar qilgan.
Rossiya hukumati Amerikaning razvedka ma’lumotlari terakt rejalashtirilgan joy, uning tashkilotchilari va ijrochilari haqida aniq ma’lumotlarni o‘z ichiga olmaganini bildirgan. «Terakt tayyorlanayotgani to‘g‘risida Vashington tomonidan berilgan ma’lumot umumiy xarakterga ega edi, Rossiya maxsus xizmatlari unga reaksiya qildi», — dedi dushanba kuni FXX direktori Aleksandr Bortnikov.
The New York Times manbasiga ko‘ra, AQSh o‘z manbalarini fosh etib qo‘ymaslik uchun Moskvada tayyorlanayotgan terakt to‘g‘risidagi barcha mavjud ma’lumotlarni Rossiyaga taqdim etmagan.
«Vashington va Moskva o‘rtasidagi dushmanlik munosabatlari AQShga terrorchilarning rejasi haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni yetkazishga to‘sqinlik qildi, bunga Rossiya rasmiylari manbalar yoki razvedka metodlarini bilib qolishidan xavotir sabab bo‘lgan», — deya yozgan NYT.
Nashrning amerikalik mulozimlar orasidagi suhbatdoshlari Rossiyadagilar mart oyi boshida yaqin 48 soat ichida terakt sodir etilishi xavfi yuqoriligi haqida ma’lumot olganida birinchi navbatda shu vaqt oralig‘iga e’tibor qaratgan — va bu oraliqda hujum ro‘y bermagach, ogohlantirishni ishonchsizlik bilan qabul qilgan.
Bortnikov Rossiya maxsus xizmatlari aynan qanday reaksiya ko‘rsatgani borasida aniqlik kiritmagan. Bir tomondan, Moskva katta shahar, u yerdagi har bir odamni kuzatish, har bir obektga qurollangan qo‘riqchilar joylashtirish imkonsiz. Boshqa tomondan, «Krokus»dagi fojia haqidagi mavjud ma’lumotlarda maxsus xizmatlar ommaviy tadbirlar xavfsizligini ta’minlashda qaysidir darajada ishtirok etgani ko‘rinmaydi.
Vladimir Putinning reaksiyasi esa oshkora bo‘ldi.
«G‘arbdagi qator rasmiy tuzilmalarning Rossiyada teraktlar o‘tkazilishi mumkinligi haqidagi provokatsion bayonotlarini eslaylik. Bularning barchasi ochiqchasiga shantaj va jamoatchiligimizni qo‘rqitish, beqarorlashtirish niyati bo‘lib ko‘rinmoqda», — degandi u 19 mart kuni FXX kollegiyasi yig‘ilishida.
Agar Rossiya maxsus xizmatlari ham Putin ortidan AQShning ehtimoliy teraktlar haqidagi ogohlantirishiga shantaj va provokatsiya sifatida qaragan bo‘lsa, bu agar hammasini bo‘lmasa ham ko‘p narsani izohlaydi.