HAMASning muzokaralardagi talabi, Rossiyada benzin inqirozi va yilni ziyon bilan yakunlagan «Gazprom» - kun dayjesti

Jahon 20:19 / 28.03.2024 9014

G‘azodagi vaziyat

HAMAS TsAHAL qo‘shinlari G‘azoni to‘liq tark etgunga qadar isroillik asirlarni garovda ushlab turishini ma’lum qildi. Bu haqda bayonot bergan HAMASning xorijdagi vakolatxonasi rahbari Xolid Mashalning so‘zlarini Al Quds Al Arabi keltirgan.

Xolid Mashalga ko‘ra, muzokaralar doirasida HAMAS o‘t ochishni to‘xtatish, G‘azo sektoridan qo‘shinlarni olib chiqish va o‘z turarjoylaridan majburan ko‘chirilgan aholini avvalgi yashash joyiga qaytarishni talab qilmoqda.

«HAMAS rahbariyati maydondagi jangdan kam bo‘lmagan shiddatli muzokaralar jangini olib bormoqda va biz ularni maydonda ham, muzokara jangida ham mag‘lub etamiz», — degan Mashal.

Reuters agentligining xabariga ko‘ra, HAMAS vakillari muzokaralar vositachilariga G‘azo sektorida to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha dastlabki talablarga qaytish, jumladan, Isroil qo‘shinlarini mintaqadan olib chiqib ketish haqida xabardor qilgan. Avvalroq Isroil tomoni esa HAMAS bema’ni talablar qo‘yayotganini ma’lum qilgan edi.

HAMAS barcha xalqaro sud institutlari, ayniqsa, Xalqaro jinoyat sudi va BMT xalqaro sudini Falastin xalqini sistematik o‘ldirishini to‘xtatish uchun zudlik bilan choralar ko‘rishga chaqirdi.

«Al-Jazeera telekanali tomonidan e’lon qilingan, oq bayroq ko‘tarib harakatlanayotgan qurolsiz ikki yosh yigitni o‘ldirib, jinoyat izini yashirish uchun ularning murdasini buldozerda tortib ketayotgani tasvirlangan sionistik okkupatsion davlat harbiylarning jinoyatlarini hujjatlashtiruvchi kadrlar qonxo‘r sionist fashistlar tomonidan amalga oshirilayotgan jinoyatlarning ko‘lamiga guvohlik beradi», — deyiladi HAMAS bayonotida. 

Isrof va ocharchilik

Ayni paytda Yer kurrasi aholisining 10 foizi ochlikdan azob chekmoqda, biroq insoniyat o‘zi ishlab chiqargan oziq-ovqat mahsulotlarining 17 foizini chiqindiga tashlaydi, deya ma’lumot keltirgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti.

2022 yilda jahonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarining 1,05 mlrd tonnasi yoki 19 foizi bekorga sarflangan. Bu kuniga 1 mlrd porsiya ovqat degani. BMT ma’lumotiga ko‘ra, bu vaqtning o‘zida dunyoda 780 mln odam ochlikka qarshi kurashib kelgan.

Yerda isqomat qiluvchilar o‘rtacha inson yiliga o‘zining iste’molidan ortgan 79 kg mahsulotlarni chiqindiga tashlaydi. Bunda tashlanayotgan mahsulotlarning 60 foizi individual iste’molchilar va uy xo‘jaliklariga to‘g‘ri keladi.

28 foizi umumiy ovqatlanish korxonalariga to‘g‘ri kelsa, yana 12 foiz mahsulot do‘konlarda sotilmay qolib ketadi. 

Terakt qurbonlari soni oshmoqda

Moskvadagi «Crocus City Hall» konsert zalida terrorchilik akti oqibatida o‘lganlar soni 143 nafarga yetgan. Qurbonlardan tashqari ayni paytda 95 kishi bedarak yo‘qolgan hisoblanmoqda. Qurbonlarning faqat 40 nafari o‘q yeb vafot etgan, 100 dan ortig‘i yong‘inda halok bo‘lgan.

Avvalroq bedarak ketdi deb gumon qilingan qirg‘izistonlik ikki qiz «Crocus City Hall»da o‘lik holda topilgan. 24 yoshli Edita Jusupova va 20 yoshli Maiza Guljigit konsert zalining qahvaxonalaridan birida ofitsiant bo‘lib ishlagan. Ular ham bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatidan olinib, qurbonlar ro‘yxatiga qo‘shilgan.

Bedarak yo‘qolganlar ro‘yxati teraktdan so‘ng yaqinlari bilan hanuzgacha aloqaga chiqmaganlar to‘g‘risidagi murojaatlarga ko‘ra tuzilgan. Ular sirasiga qurbonlar va jabrlanganlar ro‘yxatida yo‘q bo‘lganlar kiritiladi.

Konsert zalida uyushtirilgan terakdan yarador bo‘lganlar soni 360 nafarga yetgani ma’lum qilinmoqda. 

Rossiya va NATO to‘qnashuvi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyaning NATO bilan ehtimolli to‘qnashuvini «safsata» deb atadi va o‘zi Ukraina bilan ham jang qilishni ko‘zlamaganini bildirdi.

Moskva NATO bilan jang qilishni istamaydi, chunki NATOni boshqarib turgan AQSh mudofaaga Rossiyaga nisbatan karrasiga ko‘proq xarajat qiladi, degan Putin.

«Bizda bu davlatlarga nisbatan biror agressiv niyat yo‘q. Biz Ukrainaga ham hech narsa qilmagan bo‘lar edik, agar u yerda davlat to‘ntarishi sodir etilib, Donbassda harbiy harakatlar boshlanmaganida», — degan Putin Torjokda harbiylar bilan uchrshuv chog‘ida.

Putinning eslatishicha, AQShning 2022 yilgi harbiy budjeti 811 mlrd dollarni, Rossiyaniki esa undan 11 barobar kamroq — 72 mlrd dollarni tashkil etgan.

«Mana shunday mutanosiblik bilan NATOga qarshi jang qilishimiz mumkinmi? Bu shunchaki safsata», — degan Putin.

Lekin 17 mart kuni Vladimir Putin Rossiya NATO bilan keng ko‘lamli janglarda to‘qnash kelishi mumkinligini ta’kidlab o‘tgan edi.

«Men zamonaviy dunyoda hamma narsa mumkin deb o‘ylayman. Hammasi keng ko‘lamli uchinchi jahon urushidan bir qadam narida sodir bo‘lishi haqida men avval ham aytganman, bu hammaga tushunarli», — degan edi u prezidentlik saylovlari yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumanida. 

Neft zavodlariga hujum

Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga Ukrainaning hujumi Rossiyada benzin ishlab chiqarishning 14,3 foizga kamayishiga sabab bo‘lgan va endi Rossiya bozorda taqchillik yuzaga kelmasligi uchun Hattoki Belarusdan ham benzin sotib olishga majbur bo‘lmoqda.

Mart oyining oxiriga kelib, Rossiyada dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish ham 7 foizga qisqargan.

Ukrainaning Rossiyadagi neft zavodlariga dron bilan hujumi Rossiya yonilg‘i ishlab chiqarish quvvatlarining oltidan bir qismini ishdan chiqargan. Neftni qayta ishlash zavodlarining yo‘qotishlari o‘rtacha oylik hisob-kitoblarga ko‘ra, 0,7 mln tonna benzin va 1,1 mln tonna dizel yoqilg‘isini tashkil etgan.

Bu hisob-kitoblardan so‘ng Ukraina «Rosneft»ga qarashli Kuybishev neftni qayta ishlash zavodiga hujum qildi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, ikkita neftni dastlabki qayta ishlash qurilmalaridan biri ishdan chiqarilgan. Bu degani korxona yarim quvvatidan ayrilganini bildiradi. O‘rtacha oylik hisob-kitoblarga ko‘ra bu yana 45 ming tonna benzin va 55 ming tonna dizel yoqilg‘isi ishlab chiqirilmasligini anglatadi va Rossiya ichida yoqilg‘i narxiga bosimni kuchaytiradi.

Rossiyaning neft mahsulotlari sanoati bo‘yicha ahvol chatoqligi haqida bilib oldingiz. Gaz bo‘yicha ham ahvol havas qilarli emas ekan. Yevropaga yetkazib berishlar to‘xtagach, «Gazprom»ning gaz bilan bog‘liq biznesi ziyonga kirgan.

Ukraina bo‘yicha g‘arbni o‘z yo‘rig‘iga ko‘ndirish uchun Rossiyaning Yevropani «muzlatib» qo‘yishga muvaffaqiyatsiz urinishi «Gazprom»ni kasod qilishda davom etmoqda. 2023 yil yakunlariga ko‘ra dunyodagi eng katta gaz zaxiralari bilan operatsiyalar o‘tkazuvchi kompaniya asosiy faoliyatidan zararga kirgan. «Gazprom» gaz qazib olish va sotuvdan 291 mlrd rubl zarar ko‘rgan. Hisobotlarga ko‘ra, o‘tgan yilda «Gazprom»ning tushumi uchdan bir qismga, operatsion daromad esa 80 foizga pasaygan. 

Ko‘proq yangiliklar: