«U o‘ziga xos yahudiy» - Peskov prezidenti yahudiy bo‘lgan Ukraina terrorchilarga qanday aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida

Jahon 16:38 / 27.03.2024 32675

Matbuot uchun brifing chog‘ida RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovdan Ukraina rahbari yahudiy bo‘lsa, «Krokus Siti Holl»dagi teraktda qanday qilib «Ukraina izi» bo‘lishi mumkinligi haqida so‘rashdi. Kreml vakili esa Zelenskiy — «o‘ziga xos yahudiy» ekanini aytdi.

Jurnalistning brifingdagi savoli va Peskovning unga javobi quyidagi ko‘rinishda bo‘lgan:

Savol: Shunday savolga javob topish mumkinmi: Kremldagilar u yerda nima bo‘lganda ham yahudiy rahbarlik qilishini inobatga olgan holda teraktni sodir etganlar Ukraina rahbariyati bilan qandaydir aloqador bo‘lishi mumkin deb hisoblaydimi?

Peskov: Xo‘sh, u yerda Kiyev rejimi rahbariyatiga singib ketgan millatchilik ruhiga simpatiya va moyillik ko‘rsatadigan o‘ziga xos yahudiy o‘tiribdi. Buni faktlar va bayonotlarga tayangan holda mutlaqo aniq qilib aytish mumkin. 

Aloqadorlikni qanday tarzda aytish masalasiga kelsak, buni har qanday tarzda aytish mumkin. Va ehtimol, sharhlovchilar va tahlilchilarda shunday imkon bor. Ammo yana bir bor takrorlayman, tergov ketayotgan mahalda hech bir rasmiy idora bu borada bayonot bera olmaydi. Lekin sizga prezident Putin so‘nggi ikki kunda bergan bayonotlarini diqqat bilan qayta o‘qib chiqishni maslahat beraman. Bu kontekstda ular juda muhimdir.

Vladimir Putin 23 mart kuni, «Krokus Siti Holl»dagi teraktdan qariyb 20 soat vaqt o‘tganidan keyin rossiyaliklarga qilgan murojaatida to‘rt nafar terrorchi Ukrainaga ketish yo‘lida qo‘lga olingani, ular uchun Ukraina tomonda go‘yoki chegaradan o‘tish uchun «tuynuk» tayyorlangan bo‘lganini ma’lum qilgandi.

25 mart kuni Putin «terrorchilar jinoyatni qilgach, nega Ukraina tomonga qarab qochgani, ularni u yerda kim kutib turgani» haqidagi savolga javob topish lozimligini aytdi. «Kiyev rejimini qo‘llab-quvvatlovchilar terrorga sherik va terrorizm homiysi bo‘lib qolishni istamasligi ma’lum. Ammo savollar chindan ham juda ko‘p», — degan RF prezidenti. U  terakt «radikal islomchilar qo‘li bilan» amalga oshirilganini aytgan, ammo Putinning fikricha, AQSh boshqa mamlakatlarni «Moskva teraktida go‘yoki Kiyev izi yo‘qligi, qonli teraktni islom diniga e’tiqod qiluvchilar sodir etgani»ga ishontirmoqchi bo‘lmoqda.

«Krokus»dagi terakt uchun javobgarlikni IShIDning «Xuroson viloyati» bo‘limi o‘z zimmasiga olgan. G‘arbdagi bir qancha nashrlar amerikalik rasmiylarga tayanib terrorchilarning bayonoti haqiqiyligini tasdiqlagan.

Ukraina teraktga qandaydir aloqadorligini rad etadi. «Bugun Putin yana o‘zi bilan o‘zi gaplashdi va buni yana televideniye orqali translatsiya qilishdi. Yana Ukrainani aybladi. Xasta va orsiz mavjudot. Uning uchun o‘zidan boshqa hamma terrorchilar, garchi yigirma yildan buyon uning o‘zi terror bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa ham. Aynan u — terror uchun eng katta tuynuk. U va uning maxsus xizmatlari», — degan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 25 mart kuni kechqurun yo‘llagan videomurojaatida. 

Vladimir Putin Ukraina rahbariyati haqida gapirganda muntazam ravishda antisemit bayonotlar beradi. 2023 yil 5 sentabrda Putin «g‘arblik kuratorlar» bugungi Ukrainaning «insoniyatga qarshi mohiyatini yashirish» uchun Ukrainaga «etnik yahudiy»ni rahbar qilib qo‘yganini aytgandi. 2023 yil iyulda Putin «bolalikdagi yahudiy do‘stlari» Zelenskiyni «yahudiy emas, yahudiy xalqi uchun sharmandalik» deb bilishini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: