«Albatta, Ukraina», — degan u Shot jurnalistining teraktda kim — IShIL yoki Ukraina aybdorligi to‘g‘risida bergan savoliga javoban.
Keyinroq «Rossiya 1» telekanali propagandachisi Pavel Zarubin bilan suhbatda Xavfsizlik kengashi kotibi «ko‘p narsa Ukrainaning aralashuviga ishora qilayotgani»ni qo‘shimcha qilgan.
«Tergov qo‘mitasi hozirda barchasini tahlil qilmoqda va ma’lumot beriladi. Maxsus xizmatlarda ham, huquq-tartibot organlarida ham barcha ma’lumotlar bor, vaqti kelib buni ma’lum qilishadi», — degan Patrushev.
Bundan oldinroq Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov Moskvadagi terakt ortida AQSh va Ukraina turganini aytgandi. «Ha, men shunday deb o‘ylayman. Bizda hozircha umumiy ma’lumotlar mavjud, ammo ularning o‘zidan ko‘plab xulosalarga kelish mumkin», degan Bortnikov jurnalistlarning teraktga AQSh, Britaniya va Ukrainaning aloqasi bormi, degan savoliga javoban.
- So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 22 mart kuni Moskva yaqinidagi «Krokus Siti Holl» konsert zalida sodir etilgan terakt tufayli 139 kishi halok bo‘lib, yana 182 kishi jarohatlangan. «Krokus»ga hujum uchun javobgarlikni IShIDning «Xuroson viloyati» nomli bo‘limi o‘z zimmasiga olgan. Amerikalik rasmiylar terrorchilarning bayonoti haqiqiyligini tasdiqlagan.
- Rossiyalik propagandachilar teraktdan keyin darhol «ukrainlar izi» haqida gapira boshlagandi. Vladimir Putin hodisadan 19 soat o‘tib rossiyaliklarga qilgan murojaatida «Krokus»ga hujumdan keyin yashirinmoqchi bo‘lgan to‘rt terrorchi Ukrainaga ketish yo‘lida qo‘lga olingani, chegaraning narigi tarafida ular uchun «tuynuk» tayyorlab qo‘yilgan bo‘lganini aytdi.
- Ukraina «Krokus»dagi teraktga aloqadorligi to‘g‘risidagi xabarlarni rad etadi. Putinning taxminlariga munosabat bildirgan Volodimir Zelenskiy rossiyaliklar prezidentini «xasta va orsiz mavjudot» deb atagan. «Uning uchun o‘zidan boshqa hamma terrorchilar, garchi yigirma yildan buyon uning o‘zi terror bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa ham. Aynan u — terror uchun eng katta tuynuk. U va uning maxsus xizmatlari», — degan Ukraina prezidenti.