HAMASning yangi talabi, frontdagi Suvorov xoki va Bokudan ushlab keltirilgan qirg‘iz bojxonachisi - kun dayjesti

Jahon 19:08 / 27.03.2024 17710

G‘azodagi vaziyat

G‘azo sektorida AQShning yangi insonparvarlik yordami osmondan tashlanganda 18 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Amerika samolyotlari 46 ming birlik oziq-ovqat mahsulotlarini parashyut bilan tashlagan. Ayrim yuklar odamlarning ustiga tushgan, ayrimlari esa ochiq dengizga. Ovqatga talashib, tiqilinchda o‘lganlar ham bor, halok bo‘lgan 18 odamdan 12 nafari dengizda cho‘kib ketgan.

Shu sabab HAMAS G‘arb davlatlarini G‘azoga bu tarzda havodan yordam yuborishni to‘xtatishga chaqirdi.

HAMAS vakillari havodan insonparvarlik yuklarini tashlash «noto‘g‘ri, noo‘rin va foydasiz» deb atagan. Ushbu holat jamoatchilik ichida tartibbuzarlik holatlari urchishiga olib kelgani ma’lum qilingan.

Ushbu holat havodan yordam karvonlari jo‘natila boshlaganidan beri bir necha bor sodir bo‘lgan.

«Biz bu hujumkor, noto‘g‘ri, nomaqbul va foydasiz tarzda aholiga yordam berish operatsiyalarini to‘xtatishga chaqiramiz», — degan HAMAS tashkiloti 26 mart kungi bayonotida.

Bu orada, Qatar poytaxti Doha shahrida HAMAS va Isroil vakillari o‘rtasida o‘tayotgan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgani ma’lum qilinmoqda. Isroil tomoniga ko‘ra, HAMAS bema’ni talablarni ilgari surgan va ular umuman kelishuvdan manfaatdor emas.

Dohadagi muzokaralar g‘azoliklar yoppa ocharchilik paydo bo‘lishidan xavfsirayotgan chog‘da o‘tkazilmoqda. Sektorning 300 ming aholisi ayni vaqtda ochdan o‘lish istiqboli bilan to‘qnash kelgan. 

Ukrainaga yordam

Fransiya Ukrainaga 78 dona Caesar o‘ziyurar artilleriya qurilmasini beradi va snaryadlar yetkazib berish hajmini ko‘paytiradi, degan Fransiya mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu.

Lekornoning aniqlik kiritishicha, Fransiya, Ukraina va Daniya o‘rtasida 155 millimetrli Tsezar o‘ziyurar gaubitsalarini moliyalashtirish to‘g‘risida kelishuv imzolangan va endi bu Fransiyaga Caesar’larni zudlik bilan Ukrainaga yetkazib berish imkonini beradi.

Fransiya, shuningdek, Ukrainaga 2024 yil ichida 155 millimetrli to‘plar uchun 80 ming dona snaryad yetkazishni maqsad qilgan.

Jahon banki Ukrainaga 1,5 mlrd dollar qarz ajratishni ma’qulladi

Mart oyi oxirigacha Ukraina Britaniya va Yaponiya kafolati ostida Jahon bankidan 1,5 mlrd dollar miqdorida qarz oladi.

Bu mablag‘ning asosiy qismi – 984 mln dollari Yaponiya hukumati kafolati, 516 mln dollari esa Britaniya kafolati bo‘yicha beriladi. Mablag‘lar joriy yilning mart oyi oxirigacha Ukraina budjetiga tushishi kutilmoqda. Ushbu mablag‘lar ijtimoiy va gumanitar maqsadlarga sarflanadi.

AQSh prezidenti Bayden Ukrainaga yordam ajratish uchun boylardan olinadigan soliqni oshirish haqida gapirar ekan, Putinni ham tilga olib, uni ikkinchi bor «qassob» deb atagan.

«Bu pullarni nima qilishimiz mumkinligini tasavvur qiling. Biz federal budjet taqchilligini sezilarli darajada kamaytiramiz. Ketma-ket bajarishimiz kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Bular qatorida Ukrainani «qassob» Putindan himoya qilish ham bor», — degan Bayden.

Ukraina frontiga oid yana bir voqea tafsiloti oshkor bo‘ldi.

Ukraina qurolli kuchlari sarkarda Suvorovning xokiga sig‘inayotgan rossiyalik ofitserlarga qarata zarba bergani ma’lum qilinmoqda. Voqea o‘tgan juma kuni Zaporijjya oblastining Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan qismida ro‘y bergan.

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguning farmoyishiga ko‘ra, Suvorovning xoki Qrimdan keltirilib, front chizig‘i bo‘ylab olib o‘tilishi kerak bo‘lgan. Rossiya tomonining xabariga ko‘ra, raketa zarbasi natijasida 4 nafar ofitser o‘lgan, 7 kishi yaralangan.

Suvorovning xokiga esa aytarli hech narsa qilmagani aytilmoqda. 

Zelenskiy Putin haqida

«Crocus City Hall»da uyushtirilgan terakt ortida Ukraina turibdi, deya ikkinchi bor ta’kidlab o‘tgan Rossiya prezidenti Vladimir Putinning so‘zlarini sharhlar ekan, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy uni «kasal va surbet mavjudot», deb atagan.

«Bugun Putin yana o‘zi bilan o‘zi gaplashdi va buni yana televideniye orqali translatsiya qilishdi. U yana Ukrainani ayblamoqda. Kasal va surbet odam. Uning uchun hamma terrorchi, o‘zidan bo‘lak, holbuki aynan u yigirma yildan buyon terror bilan shug‘ullanmoqda. U va uning maxsus xizmatlari», — degan Ukraina prezidenti o‘zining har kunlik tungi chiqishida.

Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, Putin yo‘q bo‘lgachgina «terror va zulmga ehtiyoj ham u bilan birga yo‘q bo‘ladi, chunki bu uning talabi».

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov «Crocus City Hall»dagi terakt uchun ushlanganlar allaqachon «Ukrainaning qo‘li»ni tan olib bo‘lishganini ta’kidlagan.

«Ushlanganlardan olgan ilk ma’lumotlarimiz buni tasdiqlamoqda. Shu sababli biz axborotni yanada to‘ldirishda, Ukraina tomonining ishtiroki va aloqadorligi bor-yo‘qligini aniqlashda davom etamiz. Nima bo‘lganda ham hozircha bunday deyishimiz uchun asos bor», — degan FXX direktori.

Bortnikov jangarilar tashqaridan yordamsiz teraktni tayyorlay olmagan bo‘lishiga urg‘u bergan. Avvalroq Bortnikov ushbu terakt «Ukrainadagi G‘arb maxsus xizmatlariga Rossiyada vaziyatni izdan chiqarish va sarosima paydo qilish uchun» kerak bo‘lganini ta’kidlagan edi.

Darvoqe, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilovni iste’foga chiqardi Uning o‘rnini Ukraina tashqi razvedka xizmati rahbari bo‘lib ishlab kelgan Oleksandr Litvinenko egalladi. 

Bokudan Bishkekka ekstraditsiya

Qirg‘iziston Bojxona qo‘mitasi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Rayimbek Matraimov Bokudan ushlab kelindi. U bilan birga uning akasi, «O‘shgaz» idorasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Tilak Matraimov ham keltirilgan.

2024 yilning yanvar oyida Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Matraimovga nisbatan qidiruv e’lon qilgan edi. U shaxslarni kuch ishlatib ozodlikdan mahrum etishda gumonlanmoqda.

2021 yilda Rayimbek Matraimov bojxonadagi korrupsiya ishi figurantiga aylangan edi. U 2015–2017 yillarda bojxona qo‘mitasida rais o‘rinbosari bo‘lganida Xitoydan keltirilgan avtomobillarni ro‘yxatga olish bo‘yicha nayranglarda ishtirok etishda ayblangan. Matraimov tergov bilan hamkorlik qilib, 22 mln dollar zararni qoplagan edi.

Rayimbek Matraimovning akasi Tilakdan tashqari yana ikki aka-ukasi Iskandar va Islom Matraimovlar Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga keltirilgani xabar qilinmoqda.

Rayimbek Matraimov 2010 yillarda Qirg‘izistonda bojxonaga katta ta’siri bor, hukumatda keng aloqalarga ega inson sifatida tanilgan edi. Matraimovlar klaniga o‘nlab binolar, yirik transport kompaniyalari, omborxona va boshqa narsalar tegishli bo‘lgan. So‘nggi yillar ichida Matraimovlar oilasi bojxonadagi pozitsiyalaridan mahrum etilib, Qirg‘izistondagi aktivlarining bir qismidan ham mosuvo bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: