BMT Xavfsizlik kengashi G‘azoda otashkesimni talab qildi. Bu nimani anglatadi?

Jahon 21:49 / 27.03.2024 11761

— AQShning veto qo‘ymagani Isroil bilan munosabatlarda qanday o‘zgarishlarni ko‘rsatadi?

— Bu narsa AQSh va Isroil o‘rtasida bo‘linishni anglatmaydi. Bu ikki davlat munosabatlari Isroil tuzilganidan beri strategik darajada.

BMT Xavfsizlik kengashida bir necha oy davomida kim taklif qilgan rezolyutsiya tasdiqlanishi masalasi turdi, Rossiya va Xitoy, AQShning o‘zi ham rezolyutsiyalar taqdim etdi. Avvalgi rezolyutsiyalarning qaysidir bandlari kimgadir to‘g‘ri kelmadi. Bundan oldingi rezolyutsiyaga Rossiya va Xitoy veto qo‘ygan bo‘lsa, undan oldingi rezolyutsiyaga AQSh veto qo‘ygandi. Ko‘proq garovdagilarni ozod qilish, chekinish masalalarida fikrlar kesishmayotgandi. Navbatdagi rezolyutsiya kengashning vaqtinchalik a’zolari tomonidan taklif etildi va AQSh ichki va tashqi bosim sababli veto qo‘ymadi, lekin hujjatning o‘ziga kerakli variantiga erishdi. Rezolyutsiyaning o‘zgartirilmagan variantida otashkesim doimiy bo‘lishi kerakligi nazarda tutilgandi, lekin yakunda “doimiy” so‘zi chiqarib tashlandi. Ya’ni urushni butunlay to‘xtatish, keyingi bosqichga o‘tish masalalari yo‘q bunda.

— Netanyahu hukumati bu rezolyutsiyaga amal qiladimi? Agarda Isroil o‘q otishni to‘xtatmasa, qanday choralar ko‘riladi?

— Xavfsizlik kengashining qarorlari majburiy deyiladi, lekin bajarmasa ham, xalqaro huquq bo‘yicha hech qanday huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi. Rezolyutsiya bajarilmagani sabab turli sanksiyalar qo‘llanishi mumkin, lekin Isroil bundan qo‘rqayotgani yo‘q. 60-yillardagi 6 kunlik urushda ham shunday rezolyutsiya bo‘lgan, amal qilinavermagach, o‘sha paytda ikki qutb bo‘lgan SSSR va AQSh tiyib turish mexanizmi doirasida Isroil Sinay yarimorolidan chiqib ketishga majbur qilingan. Bugun bunday tiyib turish mexanizmi yo‘q. Rossiyaning o‘z muammolari bor, Xitoy bunday masalalarda keskinlashmaydi, ehtiyotkor. Hali ham bir qutbli dunyo qoidalarida yashayapmiz.

BMTda ijro ettirish mexanizmi deyarli yo‘q. Oxirgi 30-40 yil ichida BMT rezolyutsiyalarini bajarish darajasi juda past, quyi va o‘rta darajadagi davlatlar bajaradi, lekin kuchli davlatlar bajarmaydi. Shu ma’noda Netanyahu hukumati ham hujumni davom ettiraveradi. Rezolyutsiya qabul qilingandan keyin ham Isroil hukumati a’zosi Rafahda harbiy operatsiyalar davom etishini aytdi.

Rezolyutsiyaga amal qilmasa, Isroilga emas, mintaqaga nima bo‘ladi, degan shaklda qo‘ygan bo‘lardim savolni. Agar Isroil harakatlarini davom ettirsa, mintaqada umuman boshqacha vaziyat yuzaga keladi. Negaki, bugun Isroil harakatlari sabab mintaqada davlatlar birligi yo‘qoldi, turli qo‘shtirnoq ichidagi “musulmonlar himoyachilari” paydo bo‘ldi. Bunday “himoyachilar” falastinliklarni himoya qilish bahonasida o‘zlarining siyosiy, harbiy maqsadlarini amalga oshirishga urinyapti. Bunday guruh, tashkilotlar to‘g‘ri ish qilyapti, degan qarash ham shakllanib qolyapti odamlarda, jamiyat ichida radikallashuv, noto‘g‘ri xulosalar shakllanishiga sabab bo‘lyapti. Isroilning bu harakatlari davom etar ekan, bunday guruh, tashkilotlarning obro‘si oshib boradi, go‘yoki ular musulmonlarni himoya qilayotgandek. Vaholanki, ular azaldan terroristik tashkilot bo‘lgan, qurol-yarog‘, narkotik bilan shug‘ullangan, bugun ham shunday qilib kelyapti, faqat faoliyatini niqoblayapti vaziyatdan foydalanib.

Bu tendensiya davom etaversa, Yaqin Sharqdan tashqari, Afg‘oniston, Pokiston, Shimoliy Afrika hududlarida ularning tarafdorlari ko‘payadi. Isroil ham istashayotgandir balki, ya’ni mintaqada beqarorlik, terrorizm, ekstremizm kuchayishini xohlayotgan bo‘lishi mumkin. Go‘yoki radikal ekstremistik tashkilotga qarshi kurashyapti, lekin buning fonida boshqa bunday harakatlar kuchayib boryapti. Mana shunday yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin Isroil harakatlari, yangi-yangi o‘choqlar ham paydo bo‘lishi ehtimoli bor, bunday vaziyatda tarafdorlar, moliyalashtiruvchilar ham chiqadi, umuman, keng yoyilib ketadi.

— Rezolyutsiya qabul qilingach, Netanyahu AQShga borishi kerak bo‘lgan delegatsiyani yubormasligini aytdi. Bu AQSh va Isroil o‘rtasida munosabatlar sovuqlashayotganidan darak beradi, deyish mumkinmi?

— Isroil hukumati AQShning ba’zi talablarini bajarmayapti. Bu narsa saylov yaqinligi fonida AQSh hukumatining ichki obro‘sizlanishiga va global maydonda AQSh fenomenidagi demokratiyaning obro‘sizlanishiga olib kelyapti. AQSh bularni xohlamagani uchun Isroilga bosim o‘tkazyapti ba’zi nuqtalarda, lekin bu strategik bosim emas. Netanyahu hukumati esa boshida ruxsat berdinglar, endi biz oxirigacha boramiz, deyapti AQShga. Shu o‘rtada hukumatlar o‘rtasida ziddiyatlar bor, lekin baribir ular strategik ittifoqdosh.

— Rezolyutsiyada shuningdek barcha garovga olinganlarni so‘zsiz ozod etish talabi ham bor.

— Aynan mana shu band sabab ham Isroil o‘t ochishni to‘xtatib turishi mumkin, chunki ichki bosim ham bor bu borada. Lekin HAMAS uchun bu asirlar garant ham bo‘lib turibdi. Ayni mana shu band rezolyutsiyaning amalga oshish yoki oshmasligini belgilab beradi. HAMAS asirlarni ozod qilsa, ma’lum muddat o‘t ochish to‘xtaydi, lekin baribir ikki tomon ham chekinish yoki butunlay to‘xtatish haqida o‘ylamasa kerak. Hozir eng yomoni va eng asosiy masala – Rafahdagi aholining humanitar inqirozga kelib qolgani.

— Bu rezolyutsiya Isroilning xalqaro huquqni mensimasligi, AQShning esa uni qo‘llab kelayotgani tendensiyasida potensial yangi bir siyosiy bosqich emasmi?

— Yuqorida men rezolyutsiyaning kuchi nuqtai nazaridan fikrlar bildirdim, ya’ni bu kuchga kiradi, ko‘p narsani o‘zgartiradi deb qaramaslik kerak. Chunki xalqaro sud qarorlari amalga oshmayapti, boshqa rezolyutsiyalar ham.

Umuman olganda esa, to‘g‘ri, jarayon yangi bosqichga chiqib boryapti. Hozirgi holat Isroil butun dunyo hamjamiyati oldida yakkalanib qolganini ko‘rsatyapti, hatto hamkorlari ham uzoqlashyapti. Lekin hal qiluvchi omil bu AQShning pozitsiyasi bo‘ladi. Deylik, AQSh bugun Isroilni qo‘llashni to‘xtatsa, Isroil butunlay o‘zi qoladi. Dunyo hamjamiyati allaqachon Isroil bo‘yicha qaror qabul qilib bo‘lgan. Yevropa davlatlari ham o‘rtada AQSh bo‘lgani uchungina Isroil bilan uzilmay turibdi. AQSh o‘yindan chiqsa, Isroil og‘ir vaziyatga tushib qoladi. Keyin, mintaqa davlatlari qanday harakat qiladi, integratsiya bo‘la oladimi, degan savol ham paydo bo‘ladi.

Yaqin Sharq masalasi butun dunyoni ikkiga bo‘lib qo‘ydi. Bunday rezolyutsiyalar natija bermayotgandir, lekin dunyoda yangi siyosiy institut shakllanishi kerakligini ko‘rsatyapti. Bu ketish bo‘lsa, BMT butunlay yangilanadi yoki alternativ mintaqaviy siyosiy institutlar shakllanadi. Shu jarayonlar boshlanishida turibmiz. Bu boshlanish G‘azodagi humanitar inqiroz yakuni bilan bog‘liq bo‘ladi. Dunyo hamjamiyati kuch topib, Isroilga bosim qilib, hech bo‘lmaganda, humanitar yordamlar uchun yo‘l ochishga erishadi, deb o‘ylayman. Urushsiz ham bu yerda ochlik, kasallikdan aziyat chekayotganlar ko‘p edi. Guterrish boshchiligidagi BMT humanitar inqirozni yumshatishga harakat qilyapti, lekin unga juda ko‘p kuch va siyosiy vositalar kerak.

— Rezolyutsiya amalga oshirilmasa, deylik, arab davlatlari, Turkiya hech narsa qilmaydimi?

— Turkiya – NATO a’zosi, AQShning strategik hamkori. Shuning uchun ham qanchalik istamasin, amalga o‘tishda bir qancha to‘siqlar bor. Bundan tashqari, Turkiyaga qarshi vositalar bor, masalan, kurdlar omili, arab bahori davrida Isroil kurdlarni qurollantirgandi. Bu narsa takrorlanishini yaxshi biladi Turkiya, shuning uchun milliy manfaatlari nuqtai nazaridan biror amaliy harakat qilishi qiyin. Boshqa davlatlar bilan ham shunday holat, qarshi vositalar bor, bu vositalar uzoq vaqt davomida shakllantirib kelingan.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: