Angor tumani hokimligi sotib olgan Captiva viloyat hokimligi balansiga o‘tkazildi

O‘zbekiston 21:20 / 27.03.2024 11708

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi OAV va ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan ayrim masalalar yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar yakuni bo‘yicha ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, Surxondaryo viloyati Angor tumani hokimligi Captiva-5 avtomobilini “Ayollar daftari” mablag‘laridan sotib olgani o‘z tasdig‘ini topmagan. Bunday ma’lumot davlat xaridlari portalida ko‘rsatilgandi.

“O‘rganish jarayonida Angor tuman hokimligi tomonidan “Captiva 5T Premier Black-Matt” avtotransport vositasi hokimlikning zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xarid qilingani ma’lum bo‘ldi.

Biroq, mazkur avtotransport vositasining qiymati Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 apreldagi 258-son qarori bilan tasdiqlangan davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalarini biriktirish talablariga zid ekanligi aniqlandi.

Shunga ko‘ra, agentlik taqdimnomasiga asosan, ushbu avtotransport vositasi bugungi kunda tuman balansidan chiqarilib, viloyat hokimligi tasarrufiga o‘tkazilishi ta’minlandi”, – deyiladi korrupsiyaga qarshi organ axborotida.

Shuningdek, investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Ilzat Kasimovning bir necha MChJda hammuassis ekani bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilib, ayni paytda vazir o‘rinbosarining tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq holatlar bartaraf etilgan.

Boshqa bir holatda, Agrobank o‘tkazgan 1,3 milliard so‘mlik tender ishtirokchilari bir-biriga aloqador ekanligiga oid ma’lumotlar o‘rganish jarayonida o‘z tasdig‘ini topmagan.

Ko‘proq yangiliklar: