So‘nggi yillarda amerikalik milliarder Ilon Mask o‘zining aqlbovar qilmas loyihalari bilan ommani lol qoldirishda davom etmoqda.
Tesla elektromobillari, butun dunyoni internet bilan ta’minlash uchun qilinayotgan Starlink loyihasi shular jumlasidan.
2023 yil kuzda Ilon Mask yana bir loyihaning taqdimotini o‘tkazdi. Bu Cybertruck deb nomlanuvchi g‘alati ko‘rinishdagi mashina edi. Loyihaning g‘alatiligi shundaki, bu turga mansub bo‘lgan mashina kuzovi o‘zgacha bo‘lib, uning barcha tomoni o‘tkir burchakdan iborat edi.
Taqdimotdan so‘ng bir necha kunda Tesla kompaniyasi Cybertruck mashinasiga dunyo bo‘ylab qariyb 250 mingta buyurtma tushganini e’lon qildi.
Cybertruck tarixi
Tesla kompaniyasi ilk elektromobili Roadster taqdimotini 2006 yilda o‘tkazgandi. Ushbu mashinani seriyali ishlab chiqarish 2008 yildan boshlangan. O‘sha paytda bu mashina narxi 100 ming dollar edi.
2009 yilda kompaniya Tesla Model S mashinasini ommaga taqdim etdi. 2012 yilda Tesla Model X, 2014 yilda Model 3, 2019 yilda Model Y mashinalari sotuvga chiqariladi.
2016 yilda Ilon Mask Tesla kompaniyasi o‘zgacha uslubda va ko‘rinishda yo‘ltanlamas pikap yoki furgon ishlab chiqarishini e’lon qiladi. 2017 yilda yangi pikapning umumiy o‘lchamlari Ford F-150 pikapidan kam bo‘lmasligi aytiladi.
2018 yilda Tesla kompaniyasi ikki xil pikap loyihasi ustida ishlarni davom ettiradi. Ulardan biri Mercedes-Benz Sprinter ko‘rinishida, ikkinchisi yangi, avval uchramagan dizaynda edi.
2019 yil mart oyida Tesla kompaniyasi Tesla Model Y elektromobili taqdimotini o‘tkazadi. Ana shu yerda Ilon Mask ishlab chiqarilishi mo‘ljallanayotgan pikap kiberpank uslubida bo‘lishi va uning futuristik ko‘rinishi hammaga yoqishi haqida gapiradi.
2019 yil 22 noyabr kuni Ilon Mask g‘ayrioddiy ko‘rinishda bo‘lgan yangi Tesla Cybertruck mashinasi ommaga taqdim etadi va u haqda ma’lumot beradi.
Unga ko‘ra, pikapning kuzovi zanglamaydigan metalldan ishlab chiqarilishi, oynalari ham qalin bo‘lishi aytiladi. Shu yerda Ilon Mask pikapning oynasiga qattiq jism bilan urib ko‘rsatadi, oyna sinmaydi.
Biroz o‘tib mashina dizayneri Frans fon Xolsxauzen oynaga zarba berganda u sinadi. Shunda Ilon Mask hazillashib “unga bajarish uchun ish topildi”, deydi. Bu oyna yanada mukammal ko‘rinishiga keltirilishiga ishora edi.
Cybertruck pikapining umumiy ko‘rinishi avvalroq Mask aytganiday kiberpank uslubida bo‘lib, uning kuzovi faqat keskin burchak ostida bukilgan edi.
Loyihaga ko‘ra, bu mashina bir marta quvvatlantirilganda 400-800 km masofani bosib o‘tishi kerak edi. O‘shanda pikapni ishlab chiqarish 2021 yildan boshlanishi aytiladi.
So‘ng muddat 2022 yil oxirigacha uzaytiriladi. Shunda ham jarayon kechikadi va Ilon Mask Cybertruck 2023 yil yozda konveyerdan chiqishini e’lon qiladi.
2023 yil yozda pikapning yagona nusxasi ommaga taqdim etiladi. Seriyali ishlab chiqarish shu yil kuzda boshlandi.
2019 yilda Ilon Mask Cybertruck pikapining yagona nusxasini omma e’tiboriga taqdim etgandan so‘ng ikki kunda bu mashinaga 150 mingta buyurtma tushadi.
Cybertruck xarakteristikasi
Cybertruck pikapi uch xil ko‘rinishda, bir, ikki va uch dvigatelli qilib ishlab chiqarilmoqda:
Single motor RWD – bitta dvigatel o‘rnatilgan bu rusum quvvatlagich bir marta to‘ldirilganda 482 km masofani bosib o‘ta oladi. U soatiga 100 km tezlikka 6,5 sekundda chiqadi.
Mashinaning maksimal tezligi soatiga 170 km bo‘lib, uning yuk ko‘tarish quvvati 1 587 kilogrammni tashkil etadi. Pikapning umumiy og‘irligi 3 400 kg, narxi 39 900 dollar etib belgilangan.
Dual motor AWD – ikkita dvigatel o‘rnatilgan bu rusum quvvatlagich bir marta to‘ldirilganda 600 km masofani bosib o‘ta oladi. U soatiga 100 km tezlikka 4,5 sekundda chiqadi.
Mashinaning maksimal tezligi soatiga 193 km bo‘lib, uning yuk ko‘tarish quvvati 1 587 kilogrammni tashkil etadi. Pikapning umumiy og‘irligi 4 535 kg, narxi 49 900 dollar etib belgilangan.
Tri motor AWD – uchta dvigatel o‘rnatilgan bu rusum quvvatlagich bir marta to‘ldirilganda 800 km masofani bosib o‘ta oladi. U soatiga 100 km tezlikka 2,9 sekundda chiqadi.
Mashinaning maksimal tezligi soatiga 210 km bo‘lib, uning yuk ko‘tarish quvvati 1 587 kilogrammni tashkil etadi. Pikapning umumiy og‘irligi 6350 kg, narxi 69 900 dollar etib belgilangan.
Cybertruck pikapining umumiy xarakteristikasi:
- Uzunligi – 5 885 mm;
- Eni – 2 027 mm;
- Balandligi – 1 905 mm;
- Yuk ko‘tarish quvvati – 6 350 kg (3 motorlisida);
- Yoqilg‘i sig‘imi – o‘rtacha 640 km masofaga yetadigan elektr energiya;
- Dvigatellari – elektr energiyasida harakatlanadigan (uchtagacha);
- Yukxona sig‘imi – 2,8 metr kub;
- Yukxona uzunligi – 198 sm (yukxona eshigi ochilganda yana 40 sm uzayishi mumkin);
- Kuzov turi – pikap
- Sinfi – yo‘ltanlamas pikap
- G‘ildirak formulasi – to‘rtta g‘ildiragi ham tortadi
- Dizayneri – Frans fon Xolsxauzen va Sam Jafari
Cybertruck pikapining kamchiliklari
Cybertruck pikapining dastlabki partiyasi 2023 yil oxiri va 2024 yil yanvarda o‘z egalariga yetkazib berildi. Shundan so‘ng ko‘plab avtoishqibozlar uni sinovdan o‘tkazib ko‘rishdi va bu haqdagi videolarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishdi. Ana shu sinovlarda pikapning bir qancha kamchiliklari aniqlangan.
Jumladan, pikapning uchta dvigatel joylashtirilgan rusumi avval aytilganday soatiga 100 km masofaga 2,9 soniyada chiqmaganini ma’lum qilishdi.
Pikapning ikkita dvigatelli rusumini xarid qilganlardan biri u quvvat to‘ldirilganda 515 km o‘rniga 409 km masofani bosib o‘tganini aytib chiqdi.
Boshqa bir mijoz esa akkumulyator quvvati qo‘llanmada ko‘rsatilganidan tezroq tugab qolayotganini bildirgan. U akkumulyatorni 84 foizga to‘ldirgan va 400 o‘rniga 300 km masofani bosib o‘tgan.
Shuningdek, pikap olganlardan ayrimlari u Ilon Mask maqtaganiday chidamli emasligini aytib chiqdi. Ilon Mask pikap kuzovi juda mustahkam va qalin ekanini, ancha-munchaga pachaq bo‘lmasligini, oynalari sinmasligini aytib chiqqandi.
2023 yil so‘ngida ijtimoiy tarmoqlarda YTHga uchragan Cybertruck videosi tarqaldi. Hodisada hech kim tan jarohati olmagan. Biroq mashina kuzovi jiddiy pachaqlangan.
Bundan tashqari, Ilon Mask Cybertruck kuzovi zanglamaydigan metalldan quyilayotganini aytgandi. Biroq pikapdan foydalanayotganlar uning kuzoviga tekkan yog‘, qush axlati, yopishib qolgan hasharotlar, yana yo‘ldagi muzlamalarga sepilayotgan tuzlar tezda artib tashlanmasa ularning o‘rni zanglab metall korroziyaga uchrayotganinini aytishmoqda.
Tesla’ning boshqa modellari
Tesla Roadster
Tesla Roadster sport avtomobili bo‘lib, uning taqdimoti 2006 yil 19 iyul kuni Kaliforniya shtatidagi Santa-Monika shahrida o‘tkazilgan.
Ushbu mashinaning seriyali ishlab chiqarilishi 2008 yilda boshlangan va o‘shanda uning narxi 100 ming dollarni tashkil etgan. 20212 yilda Tesla Roadster’ni ishlab chiqarish to‘xtatilgan.
Tesla Model S
Ushbu elektromobilning taqdimoti 2009 yil 26 mart kuni o‘tkazilgan. Xetchbek ko‘rinishidagi Tesla Model S seriyali tarzda 2012 yil 22 iyundan boshlab chiqarilgan.
2015 yildan boshlab Tesla Model S ikkita dvigatel bilan chiqarila boshlangan. O‘shanda uning narxi 75 750 dollarni tashkil etgan. U bir marta quvvat to‘ldirilganda 442-502 km masofani bosib o‘ta olgan.
2012 yilda Tesla Model S Amerikaning Motor Trend jurnali tomonidan “Yil avtomobili” deb topilgan.
Tesla Model X
2012 yilda kompaniya Tesla Model X elektromobilining taqdimotini o‘tkazadi. Krossover rusumidagi bu avtomobilni seriyali ishlab chiqarish 2015 yildan boshlanadi.
Yangi avtomobilda o‘rindiqlar uch qator bo‘lib, orqa eshik avtomatik tarzda ochilib yopilardi. Shuningdek, mijozlar uning ikki dvigatelli rusumini ham buyurtma qilishlari mumkin edi.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 11 fevral kuni amerikalik mashhur tadbirkor 51 yoshli milliarder ayol Anjyela Chao Tesla Model X mashinasi tufayli halok bo‘ldi. Anjyela o‘z ranchosida Model X’ga o‘tirib harakatlanayotganda mashina orqaga yuradi va suvga tushib ketadi.
Qutqaruvchilar yetib kelib suv ostidagi mashinaning eshiklarini ocha olishmaydi, oynalarni esa sindirib bo‘lmaydi. Tesla Model X’ni suvdan tortib olishganda ayol halok bo‘lgandi.
Tesla Model 3
Model 3 elektromobili ishlab chiqarilishi haqida ilk bor 2014 yil 15 iyun kuni e’lon qilingan. Uning taqdimoti 2016 yil 1 aprel kuni o‘tkazilgan.
Ushbu elektromobilning dastlabki nomi Model E va BlueStar bo‘lgan. Sotuvga chiqish arafasida Model 3 deb o‘zgartirilgan.
Taqdimot o‘tkazilgandan so‘ng bir hafta ichida Model 3 elektromobilidan 325 ming dona buyurtma tushadi. O‘shanda uni buyurtma berish uchun avvaldan 1 000 dollar to‘lash shart edi.
Elektromobilni ishlab chiqarish 2017 yildan boshlanadi va uning narxi 35 000 dollar edi. Model 3 akkumulyatori bir marta quvvatlantirilganda 350 km masofani bosib o‘ta olardi.
Tesla Model Y
Krossover rusumidagi ushbu elektromobilning taqdimoti 2019 yil mart oyida o‘tkazilgan. Uni seriyali ishlab chiqarish 2020 yil yanvardan boshlangan. 2020 yil 13 martdan xaridorlarga yetkazib berish boshlangan.
Tesla Semi
2017 yil 16 noyabr Tesla elektrda harakatlanadigan yuk mashinasi taqdimotini o‘tkazdi. Tesla Semi deb nomlangan bu avtomobilni 2023 yildan ishlab chiqarish boshlandi.
Bu yuk avtomobiliga o‘rnatilgan akkumulyatorlar bir marta quvvatlantirilganda 40 tonna yuk bilan 800-900 km masofani bosib o‘ta oladi. Tesla Semi dunyodagi elektrda harakatlanadigan birinchi yuk mashinasi hisoblanadi.
Tesla Roadster (ikinchi avlod)
2017 yil noyabr oyida kompaniya Tesla Roadster elektromobilining yangilangan versiyasi ishlab chiqarilishini e’lon qiladi.
Shunda uning maksimal tezligi soatiga 400 km bo‘lishi, soatiga 100 km tezlikka 1,9 sekundda chiqishi, akkumulyatori bir marta quvvatlantirilganda 1 000 km masofani bosib o‘tishi aytiladi.
Ma’lumot uchun 2008 yilda ishlab chiqarilgan Tesla Roadster elektromobili soatiga 100 km tezlikka 4 sekundda chiqqan. Uning maksimal tezligi soatiga 201 km bo‘lgan. Akkumulyatori bir marta to‘ldirilganda 300-400 km masofani bosib o‘tgan.
Supercharger quvvatlantirish tarmog‘i
Supercharger Tesla kompaniyasining quvvatlantirish tarmog‘i hisoblanadi. Tarmoq avvaliga AQShning turli shtatlarida, so‘ng Kanada, Yevropa davlatlarida va Xitoyda tashkil etilgan.
2018 yilda bu tarmoq Yevropa sharqidagi Xorvatiya, Polsha, Vengriya va Turkiya davlatlarida ham o‘rnatilgan edi.
2023 yil ma’lumotlariga ko‘ra dunyo bo‘ylab 4 927 ta Supercharger quvvatlantirish tarmog‘i o‘rnatilgan. Ulardan 1 941 tasi Shimoliy Amerikada (shundan 1 724 tasi AQShda), 2 013 tasi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida (shundan 1 628 tasi Xitoyda), 973 tasi Yevropada (shundan 164 ta Germaniyada, 142 tasi Fransiyada).
Supercharger quvvatlantirish tarmog‘ining bir qismi quyosh energiyasidan quvvat oladi. Kelajakda Ilon Mask tarmoq stansiyalarining barchasini quyosh energiyasidan quvvat oladigan qilib o‘rnatmoqchi.
Supercharger quvvatlantirish tarmog‘ining o‘ziga xosligi shundaki, ulardagi elektr energiya sotilmaydi. Tarmoqdagi quvvatlash stansiyalaridan boshqa kompaniyalar elektromobillari foydalana olmaydi.
Ulardan faqat Tesla kompaniyasida ishlab chiqarilgan elektromobillarni xarid qilganlar bepul yoki qisman bepul foydalanishlari mumkin.
Cybertruck haqida qiziqarli ma’lumotlar
- Cybertruck kuzovi Ultra-Hard 30X Cold-Rolled zanglamaydigan metalldan quyiladi. Bu sovuq temir prokati bo‘lib, uni ishlab chiqarayotganlar kuzov 9 millimetrli o‘qqa ham dosh berishini aytishgan.
- Cybertruck elektromobili asosan kuzovi bo‘yalmagan holda ishlab chiqarilmoqda. Mabodo mijoz qandaydir rangni tanlasa mashina bo‘yab ham beriladi.
- Cybertruck elektromobilining taqdimotida uning eshigiga kuvalda bilan zarba berishgan, biroq metall pachaq bo‘lish uyoqda tursin, zarba izi ham qolmagan. Shuningdek, mashina korpusi ekzoskalet konstruksiyasi asosida yasalgan va bu YTH sodir bo‘lganda haydovchi hamda yo‘lovchilarning xavfsizligini maksimal ta’minlaydi.
- Elektromobilga zirhli Tesla Armor oynalari o‘rnatilgan. Bu turdagi oyna Tesla kompaniyasining o‘z mahsuloti hisoblanadi.
- Cybertruck 1,5 tonna yukni ko‘tara olishini yuqorida yozdik. Shuningdek, u 6,35 tonna yukni shatakka olib harakatlanishi mumkin.
- Elektromobilning yukxonasi hajmi 2 800 litrga teng va u yerga bemalol kvadrosiklni joylashtirsa bo‘ladi.
- Cybertruck elektromobiliga avtopilot o‘rnatilgan va u ro‘paradagi nishonni 250 metrdan “tanib oladi”. Bundan tashqari, elektromobilga 12 ta sensorli datchiklar bilan jihozlangan 8 ta kamera o‘rnatilgan.
- Elektromobil saloni juda sodda ishlangan va ortiqcha hashamat yo‘q. U yerda barcha ma’lumotlarga ega 17 dyuymli displey o‘rnatilgan xolos.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.