Putin Moskvadagi teraktga izoh berdi va Rossiyada motam kunini e’lon qildi

Jahon 18:16 / 23.03.2024 34156

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva viloyati «Krokus Siti Xoll» konsert zalidagi teraktdan so‘ng rossiyaliklarga murojaat qildi.

U teraktni qonli va vahshiylik deb atadi hamda qurbonlar va jabrlanganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi. U o‘nlab tinch, begunoh odamlar qurbon bo‘lganini esladi.

Putin 24 martni Rossiyada milliy motam kuni deb e’lon qildi.

«Ular [terrorchilar] yashirinishga urinib, Ukraina tomon harakat qilishdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ularning chegaradan o‘tib olishi uchun «tuynuk» kutib turgan», dedi Putin.

Rossiya prezidenti teraktdan keyin 11 kishi hibsga olinganini ma’lum qildi, ammo ularning kimligini aytmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir asosiysi «qon to‘kilishi ortida turganlar»ning yangi jinoyatlar sodir etishining oldini olishdir.

«Biz Rossiyaga hujumni tayyorlagan har bir shaxsni aniqlaymiz va jazolaymiz», dedi Rossiya prezidenti.

So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Moskva yaqinidagi «Krokus Siti Xoll»da 22 mart kuni sodir etilgan terakt oqibatida 115 kishi halok bo‘lgan. Konsert zali vayronalarini tozalash ishlari davom etmoqda, qurbonlar soni ortishi mumkin.

Tergov qo‘mitasi terakt haqidagi modda bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Ko‘proq yangiliklar: