«Sohadagi muammolar prezidentga chiqmagunicha yechilmayapti» - meva-sabzavotchilik mutaxassislari bilan suhbat

O‘zbekiston 09:51 / 23.03.2024 16078

Bir gektar yerdan foyda olish darajasi O‘zbekistonda 300 dollar, Turkiyada esa 6000 dollardan oshadi. Yerdan kam hosil olinayotgani bois tannarx oshib bormoqda va natijada Afg‘oniston bozorini nisbatan arzonroq bo‘lgan Hindiston mahsuloti egallamoqda. Mahalliy mas’ul idoralar eksportga chiqarilayotgan mahsulotlarni tegishli hujjatlarini xalqaro standartlarga mos tarzda rasmiylashtirishni bilishmaydi. Bu esa minglab dollar turadigan tovarlarni u eksport qilingan davlatda qabul qilinmay, utilizatsiya qilinishiga sabab bo‘lmoqda. Kun.uz soha mutaxassislari bilan meva-sabzavot eksportidagi yangilik va yechimini kutayotgan muammolar haqida suhbatlashdi.

Istaymizmi, yo‘qmi, O‘zbekiston – agrar mamlakat. Ya’ni iqtisodiy turish-turmushimizda hali ham yerda unadigan mahsulotlarning ulushi katta. Shu bilan birga qishloq xo‘jaligimiz potensiali to‘liq yuzaga chiqishidan aaancha yiroqdamiz. Nega? Chunki...

Chunki “potensial” so‘zi “islohot” so‘zi bilan – bir-biridan ajralmas egiz aka-ukalar: to‘g‘ri islohotlar natijasida har qanday sohaning potensiali yuzaga chiqadi. O‘zbekiston o‘z qishloq xo‘jaligini oxirgi yillarda isloh qilish yo‘lidan boryapti: dehqonlarga qiyinchilik bilan bo‘lsa-da erkinlik berish yo‘lidan boryapti. Natijada bu mahsulot eksporti oshishiga olib kelyapti. Natijalar haqida soha vakillari va mutaxassislardan so‘raymiz.

Oxirgi paytda O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish mavzusi e’tibor markazida. O‘zi O‘zbekistonning potensiali qancha?

Yorqinjon Malikov, Eksportchilar uyushmasi raisi: — Eksport qilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimizga raqamlarda qarasak, 1 mln 900 ming tonna mahsulot eksport qildik. Endi buni summaga chaqsak 1 milliard 200 million. Biz qayta ishlaganimiz uchun, boshqa ahamiyat bermagan tomonlarimiz bo‘lgani uchun faqatgina shunday yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotyapmiz. Yanglishmasam, O‘zbekiston 1 gektardan foyda olish darajasi 300 dollar deb ko‘rgan edim. Turkiyaniki 6000 dollardan 8000 dollargacha edi. 20 barobar farq bor. Qishloq xo‘jaligi vazirligi hisob-kitobiga ko‘ra, hozirgi holatdagi yerlardan foydalansak, o‘rtacha 5 mlrd dollarga yetkazishimiz mumkin ekan eksportni.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti borasida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

Alisher Shermatov, tadbirkor: — Kelib tushgan valutaning 50 foizini davlat kursida sotib, 50 foizini o‘zimizda olib qolishga imkonimiz bor edi, konvertatsiya yopiq edi. Bugun uzoqroq davlatlarga mahsulot yuborishdagi transport xarajatlarining 50 foizi davlat tomonidan qoplanyapti.

Yorqinjon Malikov: — 2017 yildan keyin konvertatsiyaga ruxsat berilgach, juda tez o‘zgarish bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligida eksport bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar juda kam edi, hozirgi holatda esa bunday eksport qiluvchilar 2400 tani tashkil qilyapti. Umumiy eksportni olsak, 7 mingta faol eksportyor bor. 2016 yillarda eksportimiz 10 mlrdga ham bormasdi, 2023 yilda esa 24 mlrd dollar bo‘ldi. Eksport qiluvchi davlatlarimiz ham ortgan, 160 ta davlatga eksportimiz bor. Ilgari faqatgina ayrim yuqori organlarda ishlovchi shaxslarga tegishli kompaniyalar eksport qilardi, bugun esa bunday emas, barchaga ham yo‘l ochiq.

Alisher Shermatov: — 2 kun oldingi yig‘ilishda davlat rahbarimiz aytdiki, kompensatsiya qilinadigan 50 foiz transport xarajatlari 70 foizga ko‘tarildi. Bundan tashqari, port xizmati xarajatlari ham 70 foiz kompensatsiya bo‘ladigan bo‘lyapti.

Baxtiyor Beknazarov, tadbirkor: — Oldin ichki bozorda ishlardik, eksport nimaligini bilmasdik. Hozir Angliyaga har oy bir fura no‘xat eksport qilamiz.

Yorqinjon Malikov: — Ko‘pchilik eksportyorlar bilmaydigan narsa ham bor: agar eksportchi mahsulot O‘zbekistonga kelganini reklama qilsa OAVda, davlat 20 ming dollargacha to‘lab beradi bir yilda. Reklama shartnomalarini, boshqa hujjatlarini taqdim etishsa, bir oy ichida kompensatsiya qilib beradi. Sertifikatlash laboratoriya xarajatlari uchun ham 10 ming dollargacha, yuborilgan namuna sarf-xarajatlari uchun ham 2 ming dollargacha to‘lab beradi.

Bundan tashqari, eksportchilar va o‘sha davlatdagi elchixonalarimiz o‘rtasida aloqa ta’minlanyapti, bu bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligida mas’ul xodim bor, Eksportchilar uyushmasiga biriktirilgan. Davlatlardagi talablarni o‘rganyapmiz elchixonalarimiz bilan birga. Uyushma o‘rtada turib, yengilliklarni yetkazib turadi, talab-takliflarni yetkazadi. Yaqinda davlat rahbarimiz yana qanday yengillik bo‘lishini so‘raganda, daryo-dengiz orqali boruvchi yuklar uchun ham kompensatsiya berilishini taklif etdik. Hozirgi geosiyosiy vaziyatda transport, yo‘l xarajatlari oshib boryapti, shu sabab endi 70 foizlik kompensatsiya bo‘lishini so‘radik. Bu esa eksport oshishi, eksport qilinadigan davlatlar ko‘payishiga olib keladi.

Alisher Shermatov: — Afg‘oniston va Pokiston orqali koridor ochilgani bizga juda qo‘l kelyapti, yuk mashinalarimiz 7 kunda Hindistonga yetib boryapti.

Eksport sohasiga karantin agentligi ham asosiy mas’ullardan ekani qayd etilgan, bunga munosabatingiz? Raqamlarda rejalar qo‘yildimi eksport bo‘yicha?

Yorqinjon Malikov: — 2024 yil 18 yanvar davlat rahbari boshchiligida yig‘ilish bo‘ldi. Eksport sohasini ko‘rib chiqib, tizimni o‘zgartirish, sohaga mas’ul kerak, dedilar va Karantin agentligini bunga bosh qilib qo‘ydilar. O‘zi eksportdagi muammolarni Investitsiya vazirligi hal qilishi kerak edi, ammo sarsongarchilik ko‘p bo‘lardi. Karantin agentligi bosh bo‘lganiga ijobiy qaraymiz, chunki doimiy birga ishlash kerak bo‘lgan tashkilot, endi shu bosh bo‘ldi.

Raqamlarga to‘xtalsak. 2023 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 1 mln 900 ming tonna eksport bo‘lgan bo‘lsa, buni mutlaq oshirish belgilab berildi. Qishloq xo‘jaligi va qandolat mahsulotlari umumiy 3,5 mlrd dollarlik eksport qilinishi belgilandi.

Ba’zi hollarda reja qo‘yilganda ma’muriy aralashuv, qo‘l boshqaruvi kuchayib ketadi. Shu xavotir bormi sizlarda ham?

Yorqinjon Malikov: — Bunday xavotir bor menda ham. Tarixda ham qaysidir viloyatga qanchadir miqdorda eksport qilish yuklangan, korrupsion holatlar paydo bo‘lgan. Shunday holatlar bo‘lmasligi uchun, ya’ni narxlar pasaytirib ko‘rsatilmasligi uchun Vazirlar Mahkamasining qarori chiqdi, tegishli tashkilotlar nazorat qilib, chora ko‘radi. Davlat rahbari shu masalani ta’kidlab o‘tdilar. Davlat rahbari topshirig‘iga ko‘ra, Investitsiya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Karantin agentligi joylardagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxini o‘rganib, maxsus platformaga kiritib boradi, eksport qilinayotgan mahsulotlar narxlari bozor narxlariga solishtirib ko‘riladi va aniqlanadi.

Narxni pasaytirib ko‘rsatishning oldini olish uchun boshqa davlatlar qanday yo‘l tutgan?

Alisher Shermatov: — Deylik, Turkiyadan Rossiyaga eksport qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining har biriga «gost» belgilanadi, narxlar shunga ko‘ra belgilanib ko‘rib boriladi.

Sohada qanday muammolar bor?

Yorqinjon Malikov: — Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chetga eksport qilish uchun xalqaro akkreditatsiya o‘tgan laboratoriyamiz yo‘q. Bunday laboratoriya bor, lekin Yevropa talablari bo‘yicha sertifikatlay olmaydi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha metodologiyamiz yo‘q. Qaysi paytda yetiladi, qachon uzish kerak, qanday saralanadi, saqlanadi — shu kabi masalalar bo‘yicha qo‘llanma yo‘q. Qishloq xo‘jaligi vazirligi qilib berishi kerak buni.

Baxtiyor Beknazarov: — Angliyaga bir fura yuk jo‘natdik, yarmi turshak, yarmi no‘xat edi. O‘zimizdagi laboratoriyaga tekshirtirib, qoniqarli degan natija bilan yuborgandik, lekin u yoqqa borganda bunday bo‘lib chiqmadi. Mahsulotni kuydirmoqchi bo‘lishdi, Tashqi ishlar vazirligi orqali zo‘rg‘a olib qoldik. Juda qimmatga tushdi bu.

Yorqinjon Malikov: — Eksportchilar menga falon davlatga eksport qilish falon mahsulot uchun shuncha kerak, deydi. Men Qishloq xo‘jaligi vazirligidan so‘rayman, lekin kimda mahsulot borligini aytib berolmadi. Karantin agentligi yaxshi platforma yaratibdi, qayerda qanday mahsulot borligi kiritilar ekan. Lekin bu ham bir muammo, aniq ma’lumotlar yo‘q. Agar platforma bo‘lsa, biz bunday muammolarga duch kelmaymiz.

Bunday platforma yo‘qligi ko‘pchilik uchun zarar. Deylik, bir dehqon-fermer yeriga nima ekishni bilmaydi, narx qanday bo‘ladi, kim oladi, deb o‘ylaydi. Yetishtiruvchi va sotuvchi o‘rtasida mexanizm yo‘q. Oluvchi, bozor bor, lekin shunga yetkazib beruvchilarni topib olish muammo.

Baxtiyor Beknazarov: — Ilgari lalmi yerlardan bir gektardan 08,-1 tonnagacha no‘xat olardik, hozirgi vaqtda 200-300 kg olinadi. Yog‘ingarchilik bo‘lmasa, umuman hosil olinmaydi ham, voz kechiladi. Hindistondagi lalmi yerlardan ham 08,-1 tonna hosil olarkan. Dorilab urug‘ ekarkan, qurg‘oqchilik boshlanguncha tezroq yetishtirib, yig‘ib olish rejalari ham bo‘lar ekan. Bizga ham shunday tajribalar kerak. Bo‘lmasa, dehqon-fermerlar yetkazib berolmay ham qoladi.

Oldin Afg‘onistonga kuniga 20 tonnagacha qovurilgan no‘xat eksport qilardik, lekin endi Afg‘oniston bozorini Hindiston mahsuloti egalladi, chunki arzon ularniki. Bizda yerdan kam hosil olinayotgani uchun tannarx oshib ketgan.

Yorqinjon Malikov: — Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimizning taxminan 80 foiz eksporti Rossiyaga qilinadi. Lekin bugungi kunda Rossiyada talab kamaymoqda. O‘zim borib o‘rganib ham keldim Rossiya bozorlarini. Videolarni ham ko‘ryapmiz, xurmo qutilarning tagiga sholg‘om qo‘shib yuborishgan, giloslarni yuziga kattalarini terib, tagiga kichkina gilos qo‘shib yuborishgan. Bizdagi katta muammolardan biri ham shu tadbirkor bir marta mahsulot sotishni o‘ylaydi, keyingi faoliyatini emas. Eksport sohasida ilmsizlik bor. Davlatimiz rahbari ham yig‘ilishda mana shunday vijdonsiz eksportchilarimiz bor ekan, deb aytib o‘tdilar. Muammoga ko‘z yumsak, gazak ola boshlaydi bu.

Deylik, bir olib sotar bitta bog‘ hosilini ulgurji sotib oladi-da, katta-kichik ajratmasdan sotadi, eksportga chiqarib yuboradi. Bu ham bir katta muammo.

Baxtiyor Beknazarov: — Hozir Karantin agentligi xodimlari yuk yuboruvchining omboriga borib mahsulotni tekshirib ko‘radi, talabga javob bermasa, ruxsat berilmaydi.

Yorqinjon Malikov: — Eksport qilingan mahsulotni yuk mashinasiga ortib, jo‘natamiz. Yo‘lda biror bir hodisa ro‘y bersa, haydovchilar kimga murojaat qilishni bilmaydi. Biz O‘zbekistondan chiqib ketgach, o‘zimizni yetimdek his qilamiz, deb aytishadi haydovchilar. O‘tgan yilgi keys: Turkiyada yo‘lda yuk mashinani to‘xtatib, haydovchilarni garovga olib, yuklarni tortib olishgan. Elchixonaga murojaat qilishini aytamiz, lekin elchi umumiy masalalar bo‘yicha ishlaydi, elchixonalarda transport logistikaga javob beruvchi mas’ullar yo‘q. Transport vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi kelishib, shunday mas’ul qo‘yib berishlari kerak. Yildan yilga yuk tashuvchilarimiz ortib boryapti, shuning uchun haydovchilarning ham uyushmasini tashkil qilib berish kerak Transport vazirligi.

Yana bitta muammo. Aviatashuv orqali eksport qilinadigan mahsulotlar uchun aeroportlarimizda saqlovchi muzlatkichlar yo‘q, mahsulot quyosh tagida turadi buzilib. Importyorga qanday javob beramiz? Yana bir narsa: samolyotlarda qancha yukka joy borligi taxminiy yuradi, aniq ma’lumot topish qiyin, deylik, 5 tonna mahsulot olib borsak, 3 tonnasi sig‘adi, qolgani keyingi reysga qoladi va katta ehtimol bilan buziladi.

Navbatdagi muammo. Qishloq xo‘jaligi mahsuloti manzilga borguncha ma’lum darajada yo‘qotiladi og‘irlik nuqtai nazardan. 15 foizgacha yo‘qotilishi mumkin. Qabul qiluvchi esa yetib borgan hajmga pul to‘laydi. Bu yerda esa qancha yozilgan bo‘lsa, shunchaga pul tushishi kerak, bo‘lmasa soliq qo‘mitasidan jarimaga tortadi. Shuning ham mexanizmini to‘g‘rilash kerak. Shu yo‘qotiladigan mahsulot miqdorini 5 foizdan 15 foizga chiqarishni so‘ragandik. Investitsiya vazirligi hal qilmagach, davlat rahbariga buni aytdik yig‘ilishda, ko‘rib chiqib hal etish topshirig‘i berildi.

2-4 mart kunlari 30 ta tadbirkor bilan Afg‘onistonda bo‘ldik. 4 yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligiga xat yozgan edim borib kelishda amaliy yordam berishlarini so‘rab, 24 fevralda javob keldi, orada qancha vaqt o‘tib ketdi. Bu masalalarni davlat rahbariga aytmadik, bir yarim-ikki oyda viza oldik desak, uyat ham bu. Qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘onistonga chiqish shuncha qiyin bo‘ldi.

Yuqorida bir fura yuk noto‘g‘ri laboratoriya tekshiruvi bo‘lgani uchun qaytganini aytdilar, boshqa bir tadbirkor 3 ta konteyner mahsulotni qaytargan, 48 ming dollar zarar ko‘rgan. Sudga berib, boshqa qilib, davlat budjetidan qoplasa bo‘lar edi, lekin shunaqa qilmaylik, deb indamay qo‘ydi. Yo‘q joydan 48 ming dollar ketdi.

Baxtiyor Beknazarov: — Yanvar oyida Angliya va Belgiyaga quruq mevalar yubordik. Shunda bir yuk mashinaga 250, biriga 70 kg qurut ham yuborgandik. Chet eldagi o‘zbeklar juda ko‘p so‘rashadi chunki. Yuborish uchun Veterinariya qo‘mitasidan sertifikat oldik, SES berolmaymiz, degandi. Olib bordik, importyorga jarima solishdi va qurutlarni kuydirishga musodara qilishdi. Chunki Veterinariya qo‘mitasi bergan sertifikat u davlatlarning talablariga javob bermas ekan. Talablarni, tajribani o‘rganishmagan, shunchaki sertifikatlab yuborishgan. Nimaga talab bo‘yicha sertifikatlamagansan, deb importyor ham norozi bo‘ldi. Ikkinchi yuk mashinani Boltiqbo‘yida to‘xtatib, bu mahsulot mumkinmas deb kiritishmadi ham.

Yorqinjon Malikov: — Bizning ham muammolarimiz bor. Lekin sohalar kesimida vazirliklar eshitmasa, kimga aytaylik dardimizni? Hamma muammoga ko‘zni yumaversa, qanday rivojlanish bo‘ladi? Mana masalan, haydovchilarimizning davlatlarga kirish ruxsatnomasi masalasi haliyam yechilgani yo‘q. Endi Prezidentimiz YeIga kirish uchun ruxsatni 250 mingtaga ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berdi Transport vazirligiga. Prezidentga chiqmasak, yechilmayapti muammolar.

Alisher Shermatov: — Eksportyorlar ko‘pincha mablag‘ yetishmovchiligi muammosiga duch keladi. Mavsumda yetishtiruvchilardan mahsulot sotib olishi kerak, jo‘natishi kerak. Importyorga yetib borib, u pullarni o‘tkazguncha bir yarim-ikki oy vaqt o‘tadi. Bu orada eksportyor boshqa mahsulotlarni ham jo‘natishi kerak. Dehqonlar arzon, noto‘g‘ri dori sepgan bo‘lsa, borganda aniqlanib, mahsulot bekor bo‘lish holatlariyam bo‘ladi. Umuman, shunday qiyin vaziyatda eksportyorlar murojaat qilganda birdan pul beradigan banklar, mexanizm yo‘q. Texnikalar, saralovchilar apparatlar sotib olgan bo‘ladi, sotib olish, saqlash xarajatlari bor. Eksportyorlar mulklarini ham garovga qo‘yib bo‘lgan bo‘ladi. Shunday vaziyatda sug‘urta kompaniyalari tomonidanmi, boshqa shakldami yordam bo‘lsa, yaxshi bo‘lar edi.

Yorqinjon Malikov: — Bizning banklar sug‘urta kompaniyalariga ishonmaydi. Chunki sug‘urta kompaniyalari pul to‘lab bermaydi banklarga. Shu masalani davlat rahbari ham ko‘tardi.

Baxtiyor Beknazarov: — Biror davlatdan yangi mijoz chiqsa, u birinchi mahsulotni ko‘rishni istaydi. Shunda mahsulotdan namuna aviatashuv orqali pochta qilib jo‘natiladi. Keyin birinchi sinab ko‘rish uchun 500 kg yoki 1 tonna atrofida kelishadi. Buncha miqdorni aviatashuv orqali yuborish kerak bo‘ladi. Yuqorida aytilgandek, aeroportlarda na muzlatkich bo‘ladi, na boshqasi. Umuman, yetkazib berish xarajatlari ham ortadi va tannarx oshadi. Keyin mijoz boshqa joydan olishni ma’qul ko‘radi. Ko‘pincha shu nuqtada to‘xtaydi ishimiz. Agar mana shunday yangi davlatlarga mahsulot yuborishda logistika mablag‘lariga 70 yoki 100 foizlik kompensatsiya berilsa, biz yangi davlatlarga chiqib borolamiz.

Shokir Sharipov suhbatlashdi. 

Ko‘proq yangiliklar: