Moskvadagi teraktdan keyin Rossiyada ko‘plab ommaviy tadbirlar bekor qilindi

Jahon 02:30 / 23.03.2024 6691

Rossiya Madaniyat vazirligining xabar berishicha, yaqin kunlarda barcha federal madaniyat muassasalarida ommaviy va ko‘ngilochar tadbirlar bekor qilinadi.

Moskva muzeylari va teatrlari 23 va 24 mart kunlari «Krokus Siti Holl» konsert zalida yuz bergan terakt tufayli yopilganini xabar qilmoqda.

Jumladan, Davlat Tretyakov galereyasining barcha muzeylari dam olish kunlari yopiladi. Shu kunlarda Pushkin va Tarixiy muzeylar ham tashrif buyuruvchilar uchun yopiq bo‘ladi.

Shu bilan birga, Moskva teatrlari spektakllar bekor qilingani haqida xabar bermoqda. Bu haqda Vaxtangov teatri, Millatlar teatri, Sovremennik, Taganka teatri, Moskva badiiy teatri, Chexov teatri allaqachon e’lon qilgan.

Lipetskda dam olish kunlari sport va madaniy tadbirlar bekor qilindi, deb xabar berdi shahar meri Yevgeniya Uvarkina.

«Biz dam olish kunlari Lipetskdagi barcha sport va madaniy tadbirlarni bekor qildik», deb yozdi u.

Leningrad viloyatida ko‘ngilochar tadbirlar ham bekor qilindi, dedi viloyat gubernatori Aleksandr Drozdenko.

Checheniston hukumati ham xuddi shunday qarorga kelgan. Respublika rahbari Ramzon Qodirov viloyatdagi davlat bayroqlari tushirilishini aytdi.

Xavfsizlik choralari kuchaytiriladi va madaniy tadbirlar bekor qilinadi, dedi o‘zini o‘zi e’lon qilgan LXR rahbari Leonid Pasechnik. Fojia tufayli Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Ukrainaning Xerson viloyatida ham konsert va tanlovlar o‘tkazilmaydi, dedi gubernator Vladimir Saldo.

Xuddi shunday choralar Kursk viloyatida ham joriy etilgan. Viloyat gubernatori Roman Starovoyt so‘zlariga ko‘ra, dam olish kunlari mintaqadagi barcha madaniy, sport va boshqa ommaviy tadbirlar bekor qilinadi.

Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim rahbari Sergey Aksyonov «Krokus Siti Xoll»da yuz bergan voqeani «dahshatli terakt» deb atadi. Mintaqadagi ko‘ngilochar tadbirlar ikki kunga bekor qilingan.

Vladikavkazda konsertlar va tanlovlar bekor qilindi, dedi shahar rahbari Vyacheslav Mildzixov. Tula viloyati ma’muriyati ham xuddi shunday qarorga kelgan. 23 martdan boshlab Voronej viloyatida ham ko‘ngilochar tadbirlar bekor qilindi, dedi gubernator Aleksandr Gusev.

Yaqin ikki kun ichida Sevastopolda san’atkorlarning chiqishlari va sport musobaqalari bekor qilinishini shahar gubernatori Mixail Razvojayev e’lon qildi.

22 mart kuni kechqurun «Krokus Siti Xoll» binosida otishma yuz berdi. Kamuflyaj kiygan kamida uch kishi konsert zalga bostirib kirib, avtomatlardan o‘q uzgan. Rossiya FXX otishma va yong‘in paytida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar borligi haqida xabar berdi. Rossiya Tergov qo‘mitasi voqeani terakt deb atadi.

Ko‘proq yangiliklar: