Moskvadagi terakt tufayli Qozog‘iston va Qirg‘izistonda xavfsizlik choralari kuchaytiriladi

Jahon 14:02 / 23.03.2024 9594

Kecha, 22 mart kuni tunda Moskva shahrida yirik terakt sodir etildi. Terrorchilar Moskva oblastida joylashgan «Crocus City Hall» majmuasining konsert zaliga hujum qilishdi.

Oqibatda yuzdan oshiq odam yaralangani, 80 dan oshiq odam halok bo‘lgani xabar qilinmoqda.

Moskvadagi terakt ortidan bugun, 23 mart kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakat Xavfsizlik kengashi a’zolari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazadi. Bu haqda qozoq OAV xabar bermoqda.

Yig‘ilishda Qozog‘istonda yuqori darajada xavfsizlikni ta’minlash masalasi ko‘rib chiqilishi aytilgan.

Shuningdek, Qirg‘iziston poytaxtida Bishkek shahar Ichki ishlar boshqarmasi rahbari ishtirokida favqulodda yig‘ilish o‘tkazgan.

Yig‘ilishda politsiya xodimlariga shahardagi odamlar to‘planadigan joylar, savdo-ko‘ngilochar markazlar va boshqa manzillarda nazorat kuchaytirish topshirig‘i berilgan.

Shuningdek, Bishkek shahrida o‘rnatilgan kuzatuv kameralarini sergak holda kuzatish va shubhali tuyulgan har harakatni darhol tekshirib ko‘rish buyurilgan.

Ma’lumot uchun, terrorchilar 22 mart kuni kechki payt Moskva oblastida joylashgan «Crocus City Hall» majmuasining konsert zaliga hujum qilishdi. Ular Moskva vaqti bilan soat 20:00 lar atrofida «Piknik» guruhining konsertiga yig‘ilgan 6 mingdan ziyod tomoshabin bo‘lgan zalga bostirib kirib, o‘qotar quroldan tomoshabinlarga qarata o‘t ocha boshlashgan. Terakt oqibatida 80 dan oshiq odam halok bo‘lgan, yuzlab odamlar jarohatlangan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra FSB direktori Aleksandr Bortnikov Putinga terrorchilar qo‘lga olingani haqida ma’lumot bergan. Teraktda gumonlanib, jami 11 kishi qo‘lga olingan — ulardan 4 nafari bevosita Crocus City Hall’dagi hujumda ishtirok etgan, deyiladi bu haqdagi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: