Moskvadagi terakt. “Krokus”ga hujum qilgan guruh haqida hozircha nimalar ma’lum?

Jahon 10:35 / 23.03.2024 37299

22 mart kuni terrorchilar Moskva oblastida joylashgan «Crocus City Hall» majmuasining konsert zaliga hujum qilishdi. Ular Moskva vaqti bilan soat 20:00 lar atrofida «Piknik» guruhining konsertiga yig‘ilgan 6 mingdan ziyod tomoshabin bo‘lgan zalga bostirib kirib, o‘qotar quroldan tomoshabinlarga qarata o‘t ocha boshlashgan. Buning oqibatida kamida 60 kishi halok bo‘lgan, yuzlab odamlar jarohatlangan.

Terrorchilar haqida nimalar ma’lum?

Hozircha qurollangan shaxslarning kimligi, qanday maqsadda bu ishga qo‘l urgani va hozir qayerda ekanligi haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas.

Guvohlar ularni «jigarrang kiyimdagi odamlar» yoki «jilet yo kamuflyaj kiyganlar» deya ta’riflashgan. Ularning aniq soni noma’lum. Voqeaga guvoh bo‘lganlardan birining so‘zlariga ko‘ra, hujum uyushtirgan shaxslar baland ovozda baqirishmagan. Shuningdek, ularning yuzlarida niqob ham bo‘lmagan. Boshqa bir guvohning ta’kidlashicha, qurolli hujum uyushtirgan shaxslarning yuzlari ro‘mol bilan yopilgan bo‘lib, uning ostidan soqollari ko‘rinib turgan.

«Krokus»ga qilingan hujum paytida paydo bo‘lgan videolarga asoslanilsa, terrorchilar kamida 3 nafar bo‘lgan degan xulosaga kelish mumkin.

Keyinroq Baza tomonidan huquq-tartibot idoralari jinoyat joyidan qochib ketgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan «kamuflyaj kiyimidagi to‘rt kishini» qidirayotgani haqidagi xabar tarqatildi.

«RIA Novosti» esa Tver viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan oq rangdagi Renault Symbol avtomobilining suratini e’lon qildi.

«Novaya gazeta Yevropa» mazkur avtomobilning oxirgi egasini aniqladi. 24 yoshli yigit mashinani «taxminan bir hafta oldin» xotinining akasiga sotganini aytgan. U esa o‘z navbatida mashina uning do‘stiga kerak bo‘lganini ma’lum qilgan.

Rus jurnalistlari mashina qayta bo‘yalganini aniqladi. Dastlab u qora rangda bo‘lgan. Mazkur avtomobil yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining kamerasiga tushib qolgan. Mashinada ikki erkak borligi ko‘rinadi, lekin ulardan faqat bittasining yuz tuzilishini aniqroq ko‘rish mumkin bo‘lgan. U kepka kiygan, qora sochli va kamuflyajga o‘xshash kiyimda bo‘lgan. Bu odamlarning «Krokus»ga qilingan hujumga aloqasi bor-yo‘qligi noma’lum.

Keyinchalik xavfsizlik kuchlari ikkinchi mashina, kulrang Renault Fluence’ni qidirayotgani haqidagi ma’lumot paydo bo‘ldi. Ushbu xabar ham rasman tasdiqlanmagan.

«Kommersant»ning huquq-tartibot idoralariga tayanib yozishicha, hujum uyushtirgan shaxslar harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan bo‘lishi mumkin.

Bir nechta anonim telegram kanallari terrorchilar Bryansk viloyatida «ko‘rinishgani» va ulardan biri o‘ldirilgani haqida yozdi. Ammo bu ma’lumot hozircha tasdiqlanmadi.

Rossiya huquq-tartibot organlarining rasmiy manbalari holat bo‘yicha sukut saqlashda davom etmoqda.

«Krokus»ga qilingan hujum ortida turgan IShID-Xuroson qanday tashkilot?

Ushbu guruh 2015 yilda paydo bo‘lgan. Xuroson so‘zi Afg‘oniston, Eron, Pokiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikistonning bir qismini o‘z ichiga olgan tarixiy hududning nomidir.

IShID-Xuroson – eng radikal va shafqatsiz jihodchi guruhlardan biri sifatida tanilgan. Maktablar, kasalxonalar va tug‘uruqxonalar kabi tinch aholi punktlariga qarshi ham qator hujumlar uyushtirgan. Ular «kofir» deb hisoblagan barchani, jumladan, G‘arb davlatlarini va hattoki shia musulmonlarini ham dushman deb biladi. Shuningdek, «Tolibon»ni ham yetarlicha radikal emas deb hisoblaydi va o‘zlari uchun raqib hisoblaydi.

Guruh a’zolari soni o‘zgarib turadi, eng yuqori nuqtasida ularning soni taxminan uch ming kishi atrofida bo‘lgan. O‘tgan yilning kuzida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) raisi Aleksandr Bortnikov «guruh o‘z salohiyatini oshirayotganini va vaqt o‘tishi bilan bu ularga Afg‘onistondan tashqarida ham teraktlar sodir etishga imkon berishi» haqida aytib o‘tgandi.

«So‘nggi ikki yilda IShID-Xuroson Rossiyaga diqqat-eʼtiborini qaratgan edi. Ular asosan Vladimir Putinni tanqid qilishardi. IShID-Xuroson Moskvaning Afg‘oniston, Checheniston va Suriya ishlariga aralashuvini qoralaydi va Kremlni musulmonlarni o‘ldirishda ayblaydi», deydi terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha analitik Solin Klark NYT’ga.  

Ko‘proq yangiliklar: