18 daqiqalik dahshat: Moskvadagi terakt qanday yuz berdi?

Jahon 20:55 / 23.03.2024 159114

«Crocus City Hall»da ancha professionallik bilan, barcha detallarigacha rejalashtirib amalga oshirilgan terrorchili aktining g‘oyasi qayerda paydo bo‘lgan, degan savolni uyg‘otadi. Chindan ham, eng oddiy sxema tanlangan: unda binoning yirikligi va murakkabligi, shuningdek, konsert zalining maksimal to‘lgani ham boshlang‘ich o‘ylanmaning ajralmas qismi bo‘lib xizmat qilgan. Bunday rejada punktlar soni qancha kam bo‘lsa, uni amalga oshirish shunchalik osonlashadi. Eng oddiy reja eng katta muvaffaqiyat ehtimoliga ega.

Kalashnikov avtomatlari teraktning boshlang‘ich qismida vosita bo‘lib xizmat qilgan — terakt ijrochilari sarosimaga tushgan odamlarni ko‘plab yopiq eshiklar orasidan ochig‘ini topish uchun yo‘naltirishgan. Quroldan esa vahima keltirib chiqarish uchun foydalanishgan. Asosiy e’tibor olomonning betartib harakati, yonadigan mahsulotlardan zaharlanish va yong‘inning o‘ldiruvchi haroratigaga tikilgan.

Binoning loyihasi va qurilish asnosida yong‘inga qarshi me’yorlarga amal qilinganini tadqiq qilib ko‘rish foydali bo‘lar edi. Aftidan, yong‘in kutilganidan, va avvalroq sodir bo‘lgan shu kabi voqealarga nisbatan sekinroq yoyilgan. Bino arxitektori va loyihachisi ko‘plab hayotni saqlab qolgan bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Agar terrorchilarning bosh maqsadi — imkon qadar ko‘proq qurbonlar va media olamida mashhur bo‘lish bo‘lsa, har qanday yirik zamonaviy shaharda bunga mos keladigan ko‘plab obektlar bor: sport va tomosha inshootlari, transport infratuzilmasining muhim bog‘lamlari, bayramlar munosabati bilan ommaviy tadbirlar va h.k.

Boy tanlov garchi maxsus xizmatlarda ushbu muhitda manba bo‘lgan taqdirda ham terakt tashkilotchilarining yakuniy qarorini oldindan taxmin qilishni qiyinlashtiradi. Teraktni rejalashtirishda bir nechta o‘xshash obektlar ko‘rib chiqilgan va «Crocus City Hall» bekorga tanlanmagan.

Foto: Ivan Vodopyanov / Kommersant

Maxsus xizmatlarning boshqaruv organlari joylashgan Moskva shahrining markazidan uzoqdaligi, ushbu hududning ma’muriy tegishliligi bahsli bo‘lgani ham rejaning bir qismi. Juma oqshomida poytaxt Moskvada eng zich tirbandlik kelib chiqadi, bu ham aksilterror bo‘linmalarining voqea joyiga imkon qadar tezroq yetib borishiga monelik qilgan. Bunday holatlarda voqea joyiga dastlabki guruhlarni yetkazishda vertolyotlardan foydalanish masalasi o‘rtaga chiqadi.

Natijada, terrorchilik akti boshlang‘ich rejaga to‘liq muvofiq holda, uzilishlarsiz, 18 daqiqa ichida amalga oshirilgan.

Kuzatuv kameralarining guvohlik berishicha, terrorchilar «Crocus City Hall» oldidagi avtoturargohga soat 19:55 yetib kelishgan va jinoyat joyini qo‘lga tushmasdan 20:13 da tark etishgan. Aksilterror bo‘linmalari voqea joyiga kechikib yetib kelgani yetmagandek, ular ikkilanib qolishgan: yonayotgan binoni shturm qilish va uning ichidagi terrorchilarni tutishga tayyorgarlik ko‘rish uchun ancha vaqt sarflangan.

Shunday qilib, Rossiya Federatsiyasining profil maxsus xizmatlari kecha ro‘y bergan teraktni oldindan ko‘ra olishmagan va barataraf qilolmagan. Bu muvaffaqiyatsizlik HAMASning Isroilga qilgan hujumiga o‘xshab ketadi — u ham Isroil xavfsizlik kuchlari uchun mutlaqo kutilmagan hol bo‘lgan. Biroq bunday chorasizlikni ro‘kach qilib, «Crocus City Hall»da yaqinlarini va salomatligini yo‘qotganlarni ovutib bo‘lmaydi, albatta.

Jamoatchilik Dubrovkada va Beslanda garovga olinganlarning ommaviy o‘limi FXXdagi mulozimlarning odamlarni qutqarish bo‘yicha operatsiyada yo‘l qo‘ygan xatosi tufayli ro‘y berganini yaxshigina eslashadi.

Bir narsani tushunish kerakki, bu dahshatli jinoyatni ijrochilar o‘ylab topishmagan. Kuzatuvchilar darhol tashkilotchilar borasida bir nechta versiyalarni o‘rtaga tashlashdi — ukrainaliklarning qo‘lidan tortib, aqldan ozgan urush qatnashchilarigacha. So‘nggi yil ichida Rossiya hududida terakt sifatida qayd etilgan voqealar soni 410 tani tashkil etgan va ularning aksariyati «maxsus harbiy amaliyot», jumladan Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi faoliyati bilan bog‘liq.

Foto: Moskva oblasti gubernatorining matbuot xizmati

Biroq Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi va Ukraina xavfsizlik xizmatining uslubi «Crocus City Hall»da ro‘y bergan teraktning hozirgacha ma’lum jihatlariga umuman mos kelmaydi. Ukrainlar tomonidan uyushtirilgan va shu vaqtgacha ma’lum bo‘lgan teraktlarning barchasi deyarli bir xil ko‘rinishda — ma’lum bir insonni qulay fursat poylab otib tashlash yoki portlatib yuborishdan iborat bo‘lgan. Ukraina versiyasida kechagi teraktning yakuniy maqsadini tasavvur etish qiyin — uning barcha oqibatlari Ukraina rahbariyatiga qarshi ishlardi va Kiyevning NATOdagi barcha ittifoqchilari bilan fatal kelishmovchiligiga sabab bo‘lardi.

Bu xalqaro terrorchilik tashkilotlari yoki Islom fundamentalistlarining Rossiyadagi tashkilotlari ishi ekani to‘g‘risidagi versiyalar ishonarliroq. Bu versiyadagi asosiy jihat — sifatli rejalashtirish va terrorchilik markazining yuqori tajribaga ega ekanligi. Bunday holatda tashkilotchilarning ko‘zlagani ham kundek ravshan. Rossiya armiyasi Suriya hududida islomiy guruhlarni, xususan IShIDni chilparchin qilish uchun muhim ulush qo‘shgan.

Rossiyadagi Z-hamjamiyat blogerlari, natsionalistlar, antisemitlar va ular kabi fikrlovchi siyosatchilar darhol Ukraina versiyasiga yopishib olishdi. Qo‘shnilariga va natsionalizm «qadriyatlari»ga nisbatan ko‘r-ko‘rona nafrat bilan ular ukrainlar islomiy radikallar orasidan do‘stlar yoki vaqtinchalik ittifoqchilar topganini pisanda qila boshlashdi. Ularning shu paytgacha fundamentalistlarning «haq ishlar»ni amalga oshirayotganini haqida tinimsiz yozishlari kibor G‘arbga qarshi jangovar birodarlikka chorlashdek tuyulayotgandi.

Savdo markazi binosidan ayni paytda halok bo‘lganlarning jasadlarini tanib olish uchun foydalanmoqda. Foto: Ijtimoiy tarmoqlardan.

Ularga ayni damdagi aksilisroil pozitsiyalari yaqinda ro‘y bergan qurolli qarshilikni butkul unutib yuborishga xizmat qiladi, deb tuyulgan, chog‘i. Lekin bu behuda gaplar: Ukrainadagi «maxsus harbiy amaliyot»da ishtirok etayotgan o‘sha bombardimonchi samolyotlar sakkiz yil avval Suriyada IShIDning pozitsiyalarini ayovsiz bombalagan edi. Terrorchilar esa bunaqasini unutishmaydi.

Agar «Crocus City Hall»dagi terakt islomiy radikallar tomonidan uyushtirilgani tasdiqlansa, bu Rossiyadagi ultrapatriotlarning dunyo tizimiga nisbatan qarashiga keskin zarba bo‘ladi. Qasos Yaqin va O‘rta Sharqda o‘ta normal harakatga keltiruvchi motiv hisoblanadi, u yerda ortiqcha sabablar ham zarur bo‘lmaydi.

Bularning fonida qo‘liga qurol olishni ham eplolmaydigan emigratsiyadagi rus ziyolilari hamda hokimiyat muxoliflarining terrorchi deb belgilagan Rossiya qonunlari juda bema’ni ko‘rinish oldi. Maxsus xizmatlar urushga qarshi aktivistlar orasida dushman axtarish uchun katta diqqat-eʼtibor qarata boshlagan edi. Bu yoqdan esa haqiqiy terrorchilar eshik qoqmasdan kirib kelishdi. Butun Rossiya esa ular qanday harakat qilishi va qanday ko‘rinishga ega ekanligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. 

Ko‘proq yangiliklar: