«Xaos» va saroy uchun «PR-falokat». Britaniya qirollik xonadoni atrofidagi so‘nggi voqealar

Jahon 20:05 / 22.03.2024 14651

Qirol Charlz III va uning kelini Keytning kasalligi avvaliga ijtimoiy tarmoqlarda, keyinroq katta nashrlarda mish-mishlar to‘lqinini keltirib chiqardi. Turli manbalar qirol o‘lgani haqida, Uels malikasi omma qarshisida chiqish qilmayotgani uning turmush o‘rtog‘i, shahzoda Uilyamning xiyonati bilan bog‘liq ekani haqida yozishdi. Bu borada hech qanday rasman tasdiqlangan ma’lumot yo‘q, bu faqat oila hali ham dunyodagi eng mashhur oila bo‘lib qolayotganini tasdiqlaydi — chunki oila haqidagi mish-mishlar ham ijtimoiy tarmoqlarda global trendga aylanmoqda.

Hozir chindan ham qirollik xonadoni uchun eng yaxshi damlar emas. 2024 yil yanvarida saroy Uels malikasi, valiahd shahzoda Uilyamning rafiqasi qorin bo‘shlig‘idan operatsiya qilingani, kamida ikki hafta klinikada qolishi va Pasxa bayramiga qadar marosimlardagi majburiyatlarini bajara olmasligini xabar qildi — bu yil bayram mart oyining so‘nggi dam olish kunlariga to‘g‘ri keladi.

Jarrohlik amaliyoti yanvar oyi o‘rtalarida qilingan. Qirollik saroyi rasmiy xabarida barchasi yaxshi o‘tgani aytilgan.

Ammo yoqimsiz holatlar shu bilan barham topmadi. Fevral oyi boshlarida qirol Charlz III saratonga chalingani ma’lum bo‘ldi. Qirol yaqinda prostata bezi adenomasidan davolangandi, ammo shifokorlar saraton bu bilan bog‘liq emasligini aytishdi. Saroy o‘shanda ham maksimal darajada umumiy iboralar bilan cheklanib, qirol «davolanish kursini o‘tay boshlagani», qo‘rqinchli hech narsa yo‘qligini bildirgan, ammo bu uning marosimlardagi majburiyatlarini bajarishiga qanchalik ta’sir ko‘rsatishi haqida to‘xtalmagandi.

Mart oyigacha vaziyat tinch bo‘lib turdi. Ammo keyin Keyt uch farzandi bilan birga fotosuratini namoyish etganidan keyin darhol jahondagi yetakchi nashrlar nazariga tushdi: suratda fotoshop belgilari aniqlangandi.

Kensington saroyi tarqatgan fotosuratning to‘liq versiyasi. Unda malika Sharlottaning chap qo‘li noodatiy joylashgan.
George Roges / SIPA / Scanpix / LETA

Uels malikasi uzr so‘rab, fotosuratni qayta ishlashga berilib ketganini aytdi, ammo bu oqibatlarni keltirib chiqardi. BBC’ning qirollik ishlari bo‘yicha muxbiri Deniel Relf Buyuk Britaniya aholisini tinchlantirish uchun e’lon qilingan fotosurat aslida teskari effekt berganini aytdi.

Faqat agar Relf endi fotoning har bir detali mikroskop bilan ko‘rib chiqilishini aytgan bo‘lsa, oqibatlar ancha jiddiyroq bo‘lib chiqdi: ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari uning fotosuratini o‘rganishdi, keyin esa oilaning boshqa a’zolariga o‘tishdi.

Avvaliga OAV anonim manbaga asoslanib, Keyt umuman kasal emasligi, u shahzoda Uilyam go‘yoki sobiq model Rouz Henberi bilan ishqiy sarguzashtlar boshlagani tufayli omma ko‘z o‘ngidan g‘oyib bo‘lgani haqida yozdi. Va barchasi shu qadar jiddiyligi tufayli malika Keyt o‘z majburiyatlaridan voz kechishga ham tayyorligi aytildi.

18 mart kuni esa ijtimoiy tarmoqlarda qirol Charlz vafot etgani to‘g‘risida feyk xabar yashin tezligida tarqaldi. Unda go‘yoki Bukinghem saroyidan olingan rasmiy hujjatning skrinshoti taqdim etilgan, matn esa atigi bir iboradan iborat edi: «Qirol kutilmaganda kecha tushdan keyin vafot etdi». Bu yolg‘onligini osongina aniqlash mumkin edi — britan monarxi, u kim bo‘lishidan qat’i nazar telegraf uslubidagi bitta iboradan ko‘ra ko‘proq hurmatga sazovor hisoblanadi.

Ammo avvaliga ijtimoiy tarmoqlar, millionlab obunachilarga ega telegram-kanallar, keyin esa qator nashrlar ham bu yolg‘onni tarqatishdi.

Ko‘p o‘tmay saroy «Buyuk Britaniya qiroli Charlz III o‘z vazifalarini bajarishda va shaxsiy ishlari bilan shug‘ullanishda davom etayotganini tasdiqlashdan xursandligi»ni bildirib xabar tarqatdi.

18 mart kuni esa Britaniyadagi tabloidlar shahzoda Uilyam va Keyt fermerlik mahsulotlari do‘koniga tashrif buyurgani aks etgan videoni tarqatdi.

Shahzodaning o‘zi seshanba kuni uysizlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha loyihada ishtirok etdi.

Britan mediasi bo‘layotgan hodisalarni «xaos» va saroy uchun «PR-falokat» deb atamoqda, ammo bu oila a’zolarining salomatligi va o‘zaro munosabatlariga taalluqli emas.

Ko‘proq yangiliklar: