«Dunyo» xabariga ko‘ra, Mazoviya voyevodligiga safar davomida Fruit family korxonasi rahbari Yeji Grzib bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ma’lum qilinishicha, kompaniya hozirgi kunda 50 dan ortiq davlatlarga, jumladan O‘zbekistonga olma va boshqa meva mahsulotlarini eksport qilmoqda.
Muzokaralar natijasida Fruit family bilan Toshkent viloyati Ohangaron tumanida intensiv bog‘ tashkil qilish va olmani qayta ishlash bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi.
Polshaning Polpharma Group kompaniyasi rahbari o‘rinbosari Sebastian Shimanek bilan kechgan muloqotda O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish masalasini ishlab chiqish istiqbollari xususida fikr almashildi.
Bank Pekao S.A. banki departament direktori Dmitriy Kushnerov bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda esa Toshkent viloyatida sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratildi. Polyak tomoni qurilish loyihalarini uzoq muddatli moliyalashtirish masalalarini ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qildi.