O‘zgartirish va qo‘shimchalar quyidagi qonunlarga kiritilmoqda:
- “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi;
- “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi;
- “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi.
Endilikda jinoyatlarning holatlarini aniqlash, jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni aniqlash va qidirish, shuningdek, jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlayotgan yoki bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirish maqsadida xususiy OAV imkoniyatlaridan ham bepul foydalanishga doir ichki ishlar organlarining huquqlari belgilanmoqda (ilgari faqat davlat OAV bo‘lgan).
Shuningdek, tezkor-qidiruv tadbirlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qo‘llanilgan holda, shu jumladan kibermakonda va (yoki) uning imkoniyatlaridan foydalanilgan holda o‘tkazilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Maxsus qabulxonalardagi tezkor-qidiruv faoliyati jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash, ularga barham berish va ularni fosh etish, shuningdek jinoyatlarga tayyorgarlik ko‘rishga va ularni sodir etishga daxldor bo‘lgan shaxslarni aniqlash, topish hamda qidirish maqsadida, qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.