Miyasiga Neuralink chipi o‘rnatilgan bemor fikr kuchi bilan shaxmat o‘ynadi

Fan-texnika 21:10 / 21.03.2024 25049

Miyasiga Ilon Maskning Neuralink kompaniyasi implanti o‘rnatilgan birinchi bemor shaxmatni qanday o‘ynashini ko‘rsatdi. 29 yoshli Nolan Arbo 8 yil oldin baxtsiz hodisaga uchragan, oqibatda falaj bo‘lib, yelkasidan pastda hech narsani sezmaydigan bo‘lib qolgan edi. 

O‘yin davomida u fikr kuchi bilan noutbuk ekranidagi shaxmat taxtasi bo‘ylab kursorni harakatlantirdi, donalarni qayta tartibladi. Arbo so‘zlariga ko‘ra, u kompyuter o‘yinlarini xuddi shunday o‘ynaydi. 

«Bu hali mukammal emas, hali qilinadigan ishlar ko‘p, lekin hayotim allaqachon o‘zgardi», dedi u.

28 yanvar kuni Neuralink neyrotexnologiya kompaniyasi birinchi marta inson miyasiga neyrochipni o‘rnatdi. Keyin Ilon Mask chipdan birinchi foydalanuvchilar oyoq-qo‘llari ustidan nazoratni yo‘qotgan odamlar bo‘lishini ma’lum qildi. Shuningdek, u test jarayoni taxminan olti yil davom etishini qayd etdi. Bungacha chip ustida tadqiqotlar hayvonlar ustida olib borilgan. 

2023 yil sentabr oyida Neuralink chiplarni sinab ko‘rish uchun ko‘ngillilarni jalb qila boshladi. Kompaniya tetraplegiya bilan kasallangan nomzodlarni qidirmoqda. 

Neuralink kompaniyasi 2016 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning taxminiy qiymati 1 milliard dollardan oshadi. 2021 yil aprel oyida kompaniya miyasiga chip o‘rnatilgan maymunni ko‘rsatdi. Hayvon fikr kuchi bilan kompyuter monitoridagi kursorni boshqardi va shu tariqa stol tennisi o‘ynadi.

 

Ko‘proq yangiliklar: