Mashhur “defektolog” tergovga tortildi

O‘zbekiston 11:59 / 21.03.2024 12296

O‘zini defektolog, duduqlanib gapiradigan bolalarni davolovchi mutaxassis sifatida tanitib faoliyat yuritib kelayotgan Dilorom Jabborovaning bolani so‘kinish va qo‘rqitish usulida davolash holati "ilmiy asoslanmagan va pedagogika qoidalariga zid" ekanligi aniqlandi va u odamlarni aldash hamda ishonchini suiiste’mol qilishda ayblanib, firibgarlik bo‘yicha jinoiy ish ochildi. Bu haqda bolalar ombudsmani xabar berdi.

O‘tgan yil dekabr oyida u Jizzax shahrida o‘tkazilgan seminar davomida bir bolani qo‘rqitish, tahqirlash bilan davolamoqchi bo‘layotgani aks etgan video tarqalgan va ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘lgan edi. Bu holat xorijlik mutaxassislar e’tirozini keltirib chiqargan. Xususan, Rossiyadagi nutq markazlari tarmog‘i rahbari, 40 yillik tajribaga ega defektolog Natalya Shutova bundaylarni “shamanlar” deya atadi. O‘zbekistonda defektologiya sohasining yetakchilaridan biri bo‘lgan Ubayda Fayziyeva ham bolalarni bunday yo‘l bilan davolash usuli fanda mavjud emasligini, bu usul bolani battar nogiron qilib qo‘yishini aytgandi.

“Bunaqalar bu ishni biznesga aylantirgan. Bu juda katta jinoyat. Bolasining kamchiligi tufayli ota-ona qancha iztirob chekadi. Uni oldiga kelguncha bola qancha iztirob chekkan. Undan keyin bunaqa muomala bolaning ishonchini, qadriyatini yo‘qotadi.

Biz qaysi asrda yashayapmizki, bolaning nuqsoni tirik narsa ekan va uning ichidan shuni chiqarish kerak ekan. Bu mutlaqo noto‘g‘ri narsa.

Biz Rossiyadan qolishmaydigan darajada tajribaga egamiz, logopedlarimiz juda katta yutuqlarga erishyapti. Bu ayol shu ishi bilan bizni yer bilan yakson qildi. Men bunga mutlaqo qarshiman. 56 yillik tajribamda bunaqa narsani birinchi marta ko‘rib turibman. Bu usul bolani battar nogiron qilib qo‘yadi”, — degan edi Ubayda Fayziyeva.

Orada bir muddat o‘z faoliyatini to‘xtatgan mutaxassis yana o‘z ishini davom ettirayotganini ma’lum qildi. Xuddi Jizzaxdagiga o‘xshash treninglar  respublikamizning boshqa bir nechta viloyatlarida bir necha kunlab o‘tkazilayotgan, hatto yaqin kunlarda qo‘shni respublikalarda ham shunday treninglar rejalashtirilgan edi.

Ammo bu faoliyatni o‘rganishni o‘z nazoratiga olgan Bolalar ombudsmani kiritgan so‘rov asosida Dilorom Jabborovaning ish uslubiga ilmiy va kasbiy baho berish uchun defektolog va logopedlardan iborat ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruhning xulosasiga ko‘ra  pedagogning ish usuli mutlaqo ilmiy asoslanmagan, murakkab duduqlanish muammosiga tor va ibtidoiy yondashuvda ekani, Jabborovaning duduqlanishni bartaraf etishda qo‘llayotgan ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik usullari bolalarning sog‘lig‘i va tarbiyasiga jiddiy zarar keltirishi hamda pedagogika qoidalariga butunlay zid ekanligi aniqlandi.

Ekspertlar ishchi guruhi xulosasi va aniqlangan boshqa holatlar asosida uning harakatlarida aldash va odamlar ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini va uning mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritishda ifodalangan jinoyat alomatlari mavjudligi aniqlangan va unga nisbatan 27 fevral kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha tegishli huquq tartibot idoralari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: