IIV departamenti tuzilmasida Strategik tahlil markazi tashkil etiladi

O‘zbekiston 09:13 / 21.03.2024 5529

Vazirlar Mahkamasining “Kriminologik faoliyatni ilmiy ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Ichki ishlar organlari jamoat xavfsizligi bo‘linmalarining shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan amaldagi pul ta’minoti doirasida Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti boshqaruv apparati tuzilmasida 10 ta shtat birligidan iborat Strategik tahlil markazi tashkil etiladi.

Strategik tahlil markazi zimmasiga O‘zbekiston jamoat xavfsizligi konsepsiyasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha hukumat topshiriqlari ijrosini ekspert-huquqiy va axborot-tahliliy ta’minlash vazifalari yuklatiladi.

Ichki ishlar vazirligi:

  • manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risidagi qonunchilik normalarini jinoyatchilik omillarini kompleks ilmiy diagnoz asosida aniqlash metodikasiga muvofiqlashtirish, shuningdek, “tergov profilaktikasi”ni qo‘llash mexanizmlarini belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
  • 2024 yil 30 dekabrga qadar kriminologiya sohasida buyurtma asosidagi ilmiy-amaliy tadqiqot loyihasini bajarish hisobidan Kriminologiya tadqiqot instituti faoliyatini raqamlashtirish va elektron ish yurituvini amalga oshirishni nazarda tutuvchi E-kriminologiya axborot tizimini yaratadi va ushbu tizimni ishga tushirish bilan bog‘liq barcha tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

O‘zbekiston hukumatining ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi:

  • Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filialining “huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash” ta’lim yo‘nalishi bitiruvchilarining Kriminologiya tadqiqot institutining bo‘sh lavozimlarini jamlash bo‘yicha tanlovlarda ishtirok etishiga ruxsat berish;
  • Kriminologiya tadqiqot institutida ijtimoiy himoya qilish masalalari bo‘yicha komissiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish.
Ko‘proq yangiliklar: