Mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga mos emas degan gap bu bahona, deydi 3 yildan buyon BYD avtomobillaridan foydalanayotgan bloger Umid G‘afurov. Avtosanoat sohasi mutaxassisi Ashrafbek Olimov BYD'ning bu so‘rovi kompaniyaning rivojlanayotgan davlatlarga asosiy e’tiborini qaratish strategiyasiga mosligini aytdi. Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra esa, hammasi bir vaqtlar UzDEUAuto qo‘shma korxonasi ochilgan paytdagi jarayonlarni eslatyapti.
“O‘zavtosanoat” bilan birga Jizzaxda zavod qurayotgan BYD kompaniyasi “O‘zbekistonga olib kirilayotgan BYD modellari mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga moslashtirilmagan, rasmiy kafolatga ega emas” degan vaj bilan hukumatdan ushbu brend importini cheklashni so‘ragani qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Kun.uz iqtisodchi Otabek Bakirov, Nissan Motor katta moliyaviy menejyeri Ashrafbek Olimov va jamoatchilik faoli Umid G‘afurovdan bu yangilikka munosabatini so‘radi.
“Narxi 20 ming dollargacha bo‘lgan elektr va gibrid modellar “O‘zavtosanoat”ni xavotirga solyapti” — Otabek Bakirov
— Men uchun yangilik bo‘lgani yo‘q, kutilayotgan qaror edi. Eslasangiz, yilning boshida idoralararo portalda muhokamaga qo‘yilgani haqida sizdirgilar chiqqandi. Hattoki tarmoqlarda nusxalari ham paydo bo‘lgandi. 2 yil avval BYD bilan qo‘shma korxona tashkil etilgan vaqtda, unda “O‘zavtosanoat”ning ulushi 60 foiz, BYD'ning Yevropa tuzilmasi ulushi 40 foiz miqdorida tashkil etilganda ham, hammasi bir vaqtlar UzDEUAuto kompaniyasi tashkil etilgan paytdagi jarayonlarni eslatyapti. Bugun “O‘zavtosanat” qanday monopol muhitni yaratgan bo‘lsa, elektromobillar sohasida ham xuddi shunaqa monopol muhit yaratish bilan tugallanadi, degan xavotir haqida 2 yil avval yozgandim. Shuning amaldagi realligi bo‘ldi.
O‘zbekistonda tashkil qilingan qo‘shma korxona 25 ming dollardan yuqori segmentdagi BYD Song Plus va Chazor modellarini yig‘adi. Hozir O‘zbekistonga juda katta miqdorda olib kirilayotgan elektromobillar oqimi – bu narxi 25 ming dollargacha bo‘lgan oqim. Ya’ni mustaqil importchilar BYD'ning E2, Dolphin, Seagull kabi arzonroq modellarini ham olib kirishyapti. Bu boshqa narx segmenti bo‘lgani uchun qo‘shma korxonaga bosim yaratmaydi, lekin kimga ziyon keltiradi? “O‘zavtosanoat”ning boshqa segmentiga. Masalan, Onix sotuvlari sust. O‘ylaymanki, asosiy signal – narxi 20 ming dollargacha bo‘lgan elektromobillar kirib kelishi va bu “O‘zavtosanoat”ning hatto Cobalt modeli sotuviga ham ta’sir qilishidan qo‘rqishyapti.
“BYD'ning asosiy maqsadi – rivojlanayotgan bozorlar” — Ashrafbek Olimov
— Tajribamdan kelib chiqib, ishlab chiqaruvchining hukumatdan importni tartibga solishni so‘rashiga uchta sababni taxmin qila olaman.
Birinchisi, BYD'ning hozirgacha O‘zbekistonga eksport qilgan avtomobillarida texnik nosozliklar yoki yo‘l va iqlim qonunchiligiga rioya qilmaslik kuzatilgan bo‘lishi mumkin. Ya’ni nosozliklar aniqlanib, shu jihatdan tartibga solish so‘ralgan bo‘lishi mumkin. Lekin buning ehtimolligi juda ham kam.
Ikkinchisi, BYD Xitoyda ishlab chiqarayotganda mashinalarni Xitoy uchun chiqaradi. Hozirgi kunda raqobat kattaligidan, ishlab chiqaruvchi ko‘pligidan Xitoyda elektromobillar narxlari tushib ketgan. Mamlakatning o‘zida 70 ga yaqin ishlab chiqaruvchi bor. Shunday holatda tadbirkorlar mahalliy bozor uchun chiqarilgan avtomobillarni arzon narxlarda xarid qilib, boshqa mamlakatlarda sotishyapti. Ishlab chiqaruvchi o‘zining nonini yarimta qilishni istamay, xorijda o‘z avtomobillarini o‘zi yuqoriroq narxlarda sotishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkin.
O‘zim uchinchi taxminimga ko‘proq ishonyapman. Amerikada IRA (Inflation reduction act) qonuni chiqishi kutilyapti, agar bu haqiqatan amalga oshsa, Xitoy bilan elektromobillar sohasida keskin proteksionizmga asoslangan qo‘shtirnoq ichidagi raqobat boshlanadi. Amerika Xitoy elektromobillariga ochiqchasiga taqiq qo‘ymoqchi. Agar ishlab chiqargan batareyangda Xitoy kompaniyasining ulushi 25 foizdan ko‘p bo‘lsa, Amerikada sota olmaysan, degan talab kiritilishi mumkin.
Bilasiz, Amerika dunyoning eng katta bozorlaridan hisoblanadi. Shu narsa BYD'ni xavotirga solayotgan bo‘lishi mumkin, Amerika bunaqa qat’iy choralar ko‘rsa, Yevropa unga ergashadi. Shu sababli Xitoy asosiy e’tiborini rivojlanayotgan davlatlarga qaratayotgani bejizga emas, hozirgi kunda BYD'ning Tailand, Braziliya, O‘zbekiston, Indoneziya va Vengriyada zavodlari qurilyapti. Shundan kelib chiqsak, bu BYD'ning “bizning kelajagimiz shu mintaqaga qaratilgan bo‘lsa, unda bu yerda qolipni o‘zimiz uchun yasab olishimiz kerak”, degan strategik qadami bo‘lishi mumkin.
“Haydovchilarda tanlov bo‘lgani yaxshi” — Umid G‘afurov
— Qancha vaqtdan beri BYD avtomobilidan foydalanib kelasiz? Shu vaqt davomida mashinangiz “mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga moslashtirilmagani”ni sezdingizmi, “rasmiy kafolatga ega emasligi” iste’molchi sifatida sizga biror muammo tug‘dirdimi?
— 2021 yildan 2024 yilgacha BYD minib yuribman – avvaliga Song Plus, keyinroq Han olganman – hech qanaqa servis va iqlim jihatdan kamchilik sezmadim.
To‘g‘ri, mashina bo‘lganidan keyin buzilishi ehtimoli bo‘ladi, servis bo‘lgani yaxshi, lekin O‘zbekistondagi ustalar allaqachon hammasini o‘rganib bo‘lishgan, hammasini tushunishadi. Hozir o‘sha ustalar rasmiy dilerlarda usta bo‘lib ishlayapti. Rasmiy dilerlar kafolat beradi va hokazo, lekin shunga yarasha ularda narxlar ham ancha balandroq.
Bu yangilikdan menimcha ko‘pchilikning hafsalasi pir bo‘ldi. BYD kompaniyasining tashabbusimi, bilmayman, menimcha bu o‘zimizning qorako‘zlarning tashabbusi. BYD'ning diler bo‘lmaganlar tomonidan olib kelingan mashinalari ancha arzon. Xaridorlar, albatta, arzonini tanlaydi. Albatta, rasmiy dilerdan olishni xohlaydiganlar ham bor, chunki ulardan olsangiz, avtomobilni onlayn boshqarish funksiyasini ishlata olasiz. Menimcha, haydovchilarda tanlov bo‘lgani yaxshi. Tanlovni chegaralab qo‘yish yana shu monopoliyaga yo‘l ochish bo‘ladi.
Madina Ochilova suhbatlashdi.